Liderlar Online2 daqiqa
Eco-Schools: maktabdan boshlangan katta ekologik o‘zgarishlar

Bugungi kunda ekologik muammolar faqat mutaxassislar yoki davlat tashkilotlarining e’tiborini talab qiladigan masala emas. Bu har bir inson, ayniqsa, yosh avlodning ham mas’uliyatidir. Menimcha, atrof-muhitni asrash katta minbarlardan aytiladigan shiorlardan emas, kundalik hayotimizdagi kichik, ammo izchil harakatlardan boshlanadi.
Ekologik faoliyatga bo‘lgan qiziqishim Eco-Schools Uzbekistan dasturi orqali yanada rivojlandi. Dastlab ishtirokchi sifatida qo‘shilgan bo‘lsam, keyinchalik turli tashabbuslarda faol qatnashib, mentorlik faoliyatigacha bo‘lgan bosqichni bosib o‘tdim. Toshkent shahrida tashkil etilgan besh kunlik ta’lim oromgohida qatnashishim esa bilim va tajribamni yanada boyitdi.
Maktabimizda ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida bir qator tashabbuslarni amalga oshirdik. Qog‘ozlarni alohida yig‘ish, sinflarda ekologik burchaklar tashkil etish, daraxtlar uchun ekologik pasportlar yaratish, har bir o‘quvchining gul parvarishlashdagi ishtirokini ta’minlash kabi ishlarimiz shular jumlasidandir. Shuningdek, plastik chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus qutilar tayyorladik, biologik xilma-xillik va suvni tejash mavzularida targ‘ibot ishlarini olib bordik.
Tashabbuslarimiz orasida menga alohida taassurot qoldirgan ishlardan biri — maktabimizda tashkil etilgan plogging tadbiri bo‘ldi. O‘quvchilar, o‘qituvchilar va ko‘ngillilar bilan birgalikda hududimizdan qariyb 30 kilogramm chiqindi yig‘dik. Bu jarayon menga bir narsani yana bir bor anglatdi: muammoni ko‘rib, undan shikoyat qilish oson, ammo uni hal qilish uchun jamoani birlashtirish haqiqiy tashabbuskorlikni talab qiladi.
Eco-Schools faoliyatim davomida Young Climate Champions Season 3 (YCC-3) dasturiga ham tanlandim. Ushbu dastur doirasida UNICEF bilan bog‘liq uchrashuv va mashg‘ulotlarda ishtirok etish, boshqa hududlardagi faol yoshlar bilan fikr almashish hamda ekologik tashabbuslarni tashkil etishda qatnashish imkoniga ega bo‘ldim. Bu tajriba ekologik muammolar chegaralarga ega emasligini va ularning yechimi hamkorlikni talab qilishini ko‘rsatdi.
Men uchun ekologik yetakchilik faqat tadbir tashkil qilish yoki loyihalarda qatnashish bilan cheklanmaydi. Haqiqiy yetakchi boshqalarga namuna bo‘la olishi, ularni umumiy maqsad atrofida birlashtirishi va boshlangan ishning davomiyligini ta’minlashi kerak.
Yoshlarning imkoniyatlari ko‘pincha ularning yoshi bilan chegaralanib baholanadi. Aslida esa, tashabbus ko‘rsatish, mas’uliyatni zimmasiga olish va jamiyatga foyda keltirish uchun katta lavozim yoki alohida vakolat shart emas. Buning uchun avvalo muammoni anglash va uni o‘zgartirishga tayyor bo‘lish kerak.
Ishonamanki, bugun maktabimizda ekilgan bitta ko‘chat, saralangan bir kilogramm chiqindi yoki ekologik mas’uliyat haqida o‘tkazilgan bitta suhbat ertangi kun uchun katta o‘zgarishlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Chunki kelajakni asrash — kelajak avlodning emas, bugungi avlodning mas’uliyatidir.
Muallif
Muxtorova Madina Shavkatjon Qizi
10-sinf o‘quvchisi · Eco-Schools mentori · YCC-3 ishtirokchisi · Yosh ekolog · Ijodkor va kitobxon
