Liderlar Online2 daqiqa

Hayot shunday beshavqat

Ota-ona va farzand qadri, mehr va vijdon haqida yurakdan yozilgan murojaat.

HAYOT SHUNDAY BESHAfQAT...

Muallif: Umarqulova Mahliyo Obid qizi

Hayot shunday beshafqat ekanki, buni til bilan ta’riflash juda qiyin. Hayot, eh, bunchalar beshafqat bo‘lmasang! Bu hayotda hamma o‘zi uchun kurashadi. Biroq endigina biror narsaga erishganingda, yo‘lingda yana bir to‘siq paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, bu hayotning bizga bergan bir sinovidir. Ammo bu sinovda katta-kichikning farqi bo‘lmaydi, chunki katta ham, kichik ham birdek azob chekadi.

Bir insonning otasi, onasi yoki yaqinlari bu yolg‘on dunyoni tark etadi. Ammo yana bir inson ota-onasining mehriga zor bo‘ladi. Ba’zilar tirnoqqa zor, ba’zilar esa ota-onaga muhtoj. Ular har kuni o‘z nolasi va iltijolarini Allohga aytib, qalban iztirob chekadi. Lekin ayrim farzandlar ota-onasi qarigan, mehrga tashna bo‘lgan paytlarida ularni qariyalar uyiga topshirishadi. Ayrim ota-onalar esa farzand oliy ne’mat ekanini anglay olmaydilar.

Umrida farzand nimaligini bilmay, o‘z farzandining kulgusini ko‘ra olmay, bu ne’matga yetisha olmay yorug‘ dunyoni tark etgan insonlar qancha! Nega bizning zamonamizda ayrim ota-onalarning o‘z farzandlaridan voz kechishga, ularni tirik yetim qoldirishga ko‘zlari qiymoqda ekan-a?

Otasi yoki onasi yo‘q, tashlab ketilgan farzandlarning qalbida kechayotgan achchiq va zaharli alamni ularni dunyoga keltirgan insonlar hech qachon to‘liq his qila olmasalar kerak. Bolalar uylarida qanchadan-qancha begunoh bolalar ota-onasizlikning achchiq alamini tortib yashamoqdalar.

Mana shunday zaminda, nahotki, ey noshukr inson, o‘z begunoh, beg‘ubor bolangni bolalar uyiga tashlab ketishga vijdoning qiysa? Axir bu farzand sening o‘z jigarbanding, o‘zing dunyoga keltirgan norasida go‘dak-ku! Shunday paytda: «Begunoh farzandda nima gunoh?» — deb so‘raydigan bir vijdonli inson topilmasa-ya?

Mening gaplarim kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas. Ammo men bechora bolalarning nolasi qanchalik alamli ekanini his qilib, ushbu hikoyani yozishga qo‘l urdim. Men xuddi shunday farzandlarning Allohdan ota-onasining qaytishini so‘rab, ular ham ota-onasi bilan birga baxtli yashashini chin dildan tilab, tunlarini bedor o‘tkazishlarini qalbim bilan his etib turibman. Chunki o‘zim ham shunday bolalar qatoridaman.

Axir ota-onalar o‘rtasida biror nizo chiqsa, bu nizoning qurboni farzandlar bo‘lishi kerak emas-ku! Farzandlar ota-onalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning jabrini tortishga majbur bo‘lmasligi kerak.

Mening bu so‘zlarim aynan shunday ota-onalarga, shuningdek, ota-onasini qariyalar uyiga tashlab kelayotgan toshbag‘ir farzandlarga qaratilgan. Ushbu so‘zlarim orqali oz bo‘lsa-da haqiqatni anglab, o‘zlarida mas’uliyatni his qilishlarini, vijdonlari uyg‘onib, qalblarida mehr paydo bo‘lishini istayman. Qilgan ishlaridan afsuslanib, hali ham kech emasligini anglab, xatolarini to‘g‘rilashlariga umid qilaman.

Bu hikoyani yetim farzandlar va hali dunyoga kelmasidan hayotdan mahrum etilayotgan bolalar soni kamayishiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shish niyatida yozdim.

Hozir, balki, hali kech emasdir. Ammo kech bo‘lmasidan ularning qadriga yeting, xatolaringizni to‘g‘rilang! Kech bo‘lmasidan ko‘zlarimizni ochaylik va bu eng qabih yo‘ldan qaytaylik, azizlarim va vatandoshlarim!

Bu hayotdagi eng oliy va topilmas ne’matlar — ota-ona va farzandlarimizdir. Ularning borligi, mehrini his qilish va yonimizda ekanini bilishning o‘zi katta baxtdir.

Men ushbu hikoyamni shunday holatlar oz bo‘lsa-da kamayishiga o‘z hissamni qo‘shish maqsadida yozishga qo‘l urdim.

Hikoyamni oxirigacha o‘qiysizlar, degan umiddaman, azizlarim!

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Umarqulova Maxliyo Obid Qizi

Texnikum o‘quvchisi · She’r va maqola muallifi · Kitobxon

Shu muallifning boshqa maqolalari

Hoziroq ariza qoldirish