Liderlar Online4 daqiqa
IT karyera: daraja, tajriba va tanishlar haqida ochiq gap
dasturchining IT karyera haqidagi kuzatuvlari

Mundarija5 bo'lim
Men dasturlashni 16 yoshimda boshlaganman. Kurs ham, mentor ham bo'lmagan — faqat kompyuter, internet va akalarim bergan haqiqiy loyihalar. Ular "o'rganib bo'lgach qilasan" demasdi, "mana shu kerak, qil" derdi.
O'shanda menga hech kim IT karyera qanday tuzilishini tushuntirmagan. Junior, middle, senior degan so'zlarni keyinroq eshitdim. Networking degan narsani esa umuman jiddiy qabul qilmaganman.
Hozir Samarqanddagi Webz kompaniyasida jamoani boshqaraman, mijozlar bilan ishlayman va o'zim ham kod yozaman. Bu maqolada o'sha paytda o'zimga kimdir aytib qo'yishini xohlagan gaplarni yozmoqchiman. Nazariya emas, ko'rgan-kechirganlarim.
Junior, Middle, Senior: bu darajalar aslida nima?
Ko'pchilik darajani yillar bilan o'lchaydi: bir yil — junior, uch yil — middle, besh yil — senior. Amalda bunday emas. Men uch yil ishlab junior darajasida qolib ketgan odamlarni ham, bir yarim yilda middle vazifalarni bemalol bajaradiganlarni ham ko'rganman.
Mening tushunishimcha, farq bitta savolda: senga vazifa qanday beriladi?
- Junior — vazifani aniq qilib, qadam-baqadam berish kerak. Qiyin joyga kelganda to'xtab qoladi yoki yordam so'raydi. Bu yomon emas, boshlanishi shunday.
- Middle — "mana shu funksiya kerak" deysiz, o'zi qanday qilishni o'ylab topadi va oxirigacha yetkazadi. Xatosini ham o'zi topadi.
- Senior — "mijozda mana shunday muammo bor" deysiz, u texnik yechimni ham, muddatni ham, xavflarni ham o'zi aytadi. Ko'pincha "buni qilmaslik kerak" deb ham aytadi va haq bo'lib chiqadi.
Ya'ni daraja — bu qancha texnologiya bilishing emas, qancha mas'uliyatni o'z bo'yningga ola olishing.
Tajriba: yillar emas, yechilgan muammolar
Vakansiyalarda "kamida 2 yil tajriba" deb yoziladi. Yangi boshlagan odam buni o'qib tushkunlikka tushadi: tajriba yo'q — ish yo'q, ish yo'q — tajriba yo'q.
Lekin ish beruvchi aslida yilni emas, boshqa narsani so'rayapti: "Sen haqiqiy loyihada qiynalib ko'rganmisan?" Sayt ishga tushgan kuni server yiqilgani, mijoz oxirgi kunda hamma narsani o'zgartirgani, kechasi soat ikkida bug qidirganing — tajriba mana shu.
Men o'zim tajribani akalarim bergan loyihalardan oldim. Birinchi saytlarim mukammal emasdi, ba'zilarini hozir ochib qarashga uyalaman. Lekin har birida bitta yangi muammo bor edi va men uni yechishga majbur edim.
Agar sizda hali ish bo'lmasa, tajribani o'zingiz yarating:
- Tanishingizning do'koni, o'quv markazi yoki kafesiga sayt qilib bering. Bepul bo'lsa ham, lekin haqiqiy foydalanuvchilar bilan.
- Bitta loyihani oxirigacha yetkazing: domen, hosting, deploy, foydalanuvchi fikri. Yarim qolgan o'nta loyihadan tugallangan bittasi qimmatroq.
- Qilgan ishingizni GitHub'da ochiq saqlang va har bir loyihada qanday muammoni yechganingizni ikki-uch gap bilan yozib qo'ying.
Suhbatda "men React bilaman" degandan ko'ra "mana bu loyihada sahifa sekin ochilardi, men buni shunday hal qildim" degan gap ancha kuchli eshitiladi.
Networking: tanish-bilish emas, ishonch
O'zbekistonda "tanishing bo'lsa, ish topiladi" degan gap bor va ko'pchilik buni salbiy ma'noda tushunadi. Men boshqacha qarayman. IT'da tanishlar orqali keladigan ishlar — bu odamlar sizga ishonganidan keladigan ishlar.
Bizning kompaniyaga kelgan mijozlarning katta qismi reklamadan emas, avvalgi mijozlarning tavsiyasidan kelgan. Bir loyihani yaxshi qilib bersangiz, o'sha odam keyingi ikki-uch kishiga sizni aytadi. Yomon qilsangiz — undan ham ko'proq odamga aytadi.
Networking deganda konferensiyada vizitka tarqatishni tasavvur qilmang. Amalda bu oddiy narsalar:
- Telegram'dagi dasturchilar guruhlarida savol berish va boshqalarning savoliga javob berish.
- O'z shahringizdagi IT tadbirlar, hakatonlarga borish.
- Qilgan ishingizni ijtimoiy tarmoqlarda ko'rsatish. Mukammal bo'lishi shart emas, jarayonni ko'rsatish ham yetarli.
- Birga ishlagan odamlar bilan aloqani uzmaslik. Bugungi hamkasbingiz ertaga o'z kompaniyasini ochishi mumkin.
Eng muhimi — networking'ni "menga nima foyda" deb emas, "men nima bera olaman" deb boshlang. Yordam bergan odamingiz sizni eslab qoladi.
Sun'iy intellekt davrida karyera
Hozir ko'p yoshlar so'raydi: "AI hammasini o'zi yozsa, dasturchi kerakmi?" Mening javobim: kerak, lekin boshqacha dasturchi kerak.
Men har kuni AI vositalari bilan ishlayman. Ular kodni tez yozadi, lekin nima yozish kerakligini, qayerda xato borligini va mijozga aslida nima kerakligini bilmaydi. Buni bilish uchun asosni tushunish kerak.
AI bilan ishlash ham alohida ko'nikma. Aniq vazifa qo'ya olgan, natijani tekshira olgan odam bir o'zi ilgari uch kishi qilgan ishni qiladi. "Menga sayt qil" degan odam esa chalkash natija oladi va nima uchunligini tushunmaydi.
Shuning uchun yangi boshlayotganlarga maslahatim: AI'dan qo'rqmang, lekin unga ko'r-ko'rona ishonmang ham. Avval o'zingiz tushuning, keyin tezlashtirish uchun AI'ni ishlating.
Boshlovchilarga bir nechta gap
Agar hozir IT'ga kirishni o'ylayotgan bo'lsangiz, mana men o'zimga aytgan bo'lardim:
1. Bitta yo'nalishni tanlang va kamida olti oy undan chalg'imang. Har hafta yangi texnologiyaga o'tish — eng ko'p vaqt yo'qotadigan xato.
2. Birinchi kundan haqiqiy loyiha qiling. Tutorial ko'rib o'rganish bir narsa, o'zingiz qurish butunlay boshqa narsa.
3. Xato qilishdan qo'rqmang. Mening eng yaxshi saboqlarim eng katta xatolarimdan keldi.
4. Odamlar bilan gaplashishni o'rganing. Mijozni tushuna olgan dasturchi ko’pincha kodni yaxshi yozadigan, lekin gaplasha olmaydigandan oldinda bo'ladi.
5. Pul haqida keyin o'ylang. Birinchi bir-ikki yil bilim va obro' yig'ing, daromad o'zi keladi.
IT karyera — bu marafon. Kimdir tezroq boshlaydi, kimdir kechroq. Muhimi — to'xtamaslik va har bir loyihadan oldingisidan bir oz yaxshiroq chiqish.
Savollaringiz bo'lsa, yozing — imkon qadar javob beraman.
Muallif
Azizbek Toshpulatov Jahonovich
Full-Stack Middle dasturchi · Webz IT asoschilaridan biri · IT loyihalar yaratuvchisi · Samarqandlik dasturchi
