Liderlar Online10 daqiqa
Jadidlar qarashlarida millat kelajagi va ta’lim masalasi

Qarshi Davlat Universiteti
Filologiya va tillarni o’qitish fakulteti
O’zbek tili yo’nalishi
1-kurs 026-138-guruh talabasi
Baxranova Sabrina O’lmasjon qizi
Annotatsiya:
Mazkur maqolada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan jadidchilik harakatining millat kelajagi, ta’lim va ma’rifat masalalariga oid qarashlari tahlil qilinadi. Jadid ma’rifatparvarlarining xalqni jaholatdan chiqarish, zamonaviy bilimlarni egallash, milliy ongni shakllantirish va yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash borasidagi faoliyati tarixiy manbalar asosida yoritiladi. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat va Is’hoqxon Ibratning ta’lim-tarbiya sohasidagi qarashlari o‘zaro qiyosiy tahlil qilinadi. Shuningdek, jadidlarning yangi usul maktablarini tashkil etish, milliy darsliklar yaratish, matbuot va teatr vositasida xalq ma’rifatini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlari ochib beriladi.
Kalit so‘zlar: jadidchilik, Turkiston, milliy uyg‘onish, ma’rifat, ta’lim, tarbiya, yangi usul maktablari, milliy ong, Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvarqori, Ibrat.
Аннотация:
В данной статье анализируются взгляды джадидского движения, занимавшего важное место в общественно-политической и духовной жизни Туркестана в конце XIX – начале XX века, на будущее нации, вопросы образования и просвещения. На основе исторических источников освещается деятельность джадидских просветителей, направленная на преодоление невежества, овладение современными знаниями, формирование национального самосознания и воспитание всесторонне развитого молодого поколения. В частности, проводится сравнительный анализ взглядов Махмудходжи Бехбуди, Абдуллы Авлони, Мунавваркори Абдурашидханова, Абдурауфа Фитрата и Исхакхона Ибрата в области образования и воспитания. Также раскрываются усилия джадидов по созданию новометодных школ, разработке национальных учебников и повышению просвещённости народа посредством печати и театра.
Ключевые слова: джадидизм, Туркестан, национальное возрождение, просвещение, образование, воспитание, новометодные школы, национальное самосознание, Бехбуди, Авлони, Фитрат, Мунавваркори, Ибрат.
Abstract:
This article analyzes the views of the Jadid movement, which played an important role in the socio-political and spiritual life of Turkestan in the late 19th and early 20th centuries, on the future of the nation, education, and enlightenment. It examines the activities of Jadid intellectuals aimed at overcoming ignorance, acquiring modern knowledge, developing national consciousness, and educating a well-rounded younger generation on the basis of historical sources. In particular, the educational and pedagogical views of Mahmudkhoja Behbudi, Abdulla Avloni, Munavvarqori Abdurashidkhanov, Abdurauf Fitrat, and Ishoqkhan Ibrat are comparatively analyzed. The article also explores the efforts of the Jadids to establish new-method schools, develop national textbooks, and promote public enlightenment through the press and theatre.
Keywords: Jadidism, Turkestan, national awakening, enlightenment, education, upbringing, new-method schools, national consciousness, Behbudi, Avloni, Fitrat, Munavvarqori, Ibrat.
Kirish
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston tarixida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar jamiyat hayotining barcha sohalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Mustamlakachilik siyosati, iqtisodiy qoloqlik, ta’lim tizimidagi muammolar hamda xalqning zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan yetarlicha xabardor emasligi davr ziyolilarini jiddiy tashvishga solgan edi. Ana shunday tarixiy sharoitda Turkistonda jadidchilik harakati shakllanib, u jamiyatni ma’rifat, ta’lim va islohotlar orqali yangilashga intilgan muhim ijtimoiy-ma’naviy harakatga aylandi. Jadidchilik dastlab ta’lim sohasidagi yangilanishlar bilan namoyon bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik uning faoliyat doirasi ancha kengaydi. Harakat vakillari maktab va madrasalarni isloh qilish, zamonaviy fanlarni o‘qitish, milliy matbuotni rivojlantirish, teatr san’atini shakllantirish, ayollar ta’limini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqning siyosiy va ijtimoiy ongini yuksaltirish masalalarini ilgari surdilar.
Adeeb Khalid tadqiqotlarida jadidchilik Markaziy Osiyodagi musulmon jamiyatining zamonaviy bilimlar, ta’lim islohotlari va yangi ijtimoiy tafakkur bilan yuzlashuvi jarayoni sifatida talqin qilinadi[1]. Shu jihatdan jadidchilikni faqat maktablar ochish harakati sifatida emas, balki millatning kelajagini yangicha tasavvur qilishga qaratilgan keng qamrovli ma’rifiy islohotlar jarayoni sifatida baholash lozim.
Jadidchilik harakatining shakllanishida XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi tarkibidagi musulmon xalqlari orasida yuzaga kelgan ma’rifiy islohotchilik g‘oyalari muhim ahamiyat kasb etdi. Ismoil G‘aspirali tomonidan ilgari surilgan yangi usulda ta’lim berish g‘oyasi Turkiston ziyolilari faoliyatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Uning ta’limni yangilash, savod chiqarish jarayonini tezlashtirish va zamonaviy bilimlarni o‘rgatishga qaratilgan qarashlari mintaqada yangi maktablarning vujudga kelishiga imkon yaratdi.
Jadidlar nazdida millatning taraqqiyoti, avvalo, uning bilim darajasi va dunyoqarashiga bog‘liq edi. Ular jamiyatdagi qoloqlikni faqat siyosiy yoki iqtisodiy muammolar bilan izohlamadilar. Aksincha, ilm-fandan uzoqlashish, ta’limning eskirgan usullari va zamonaviy bilimlarning yetishmasligini taraqqiyotga halal qiluvchi asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rdilar.
Jadidlar uchun millat kelajagi deganda faqat siyosiy mustaqillik yoki iqtisodiy farovonlik emas, balki savodli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy kasblarni egallagan, milliy qadriyatlarini anglagan va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his qiladigan avlodni shakllantirish tushunilgan. Bu qarashlarning muhim tomoni shundaki, jadidlar milliy taraqqiyotning asosiy tayanchini xalqning o‘zida, ayniqsa, yosh avlodning bilim va tarbiyasida ko‘rdilar. Shu sababli ta’lim masalasi ularning faoliyatida alohida o‘rin egalladi.
1.Mahmudxo‘ja Behbudiy qarashlarida ta’lim va millat taraqqiyoti
Turkiston jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy millat taraqqiyotini zamonaviy bilimlarni egallash va ta’lim tizimini isloh qilish bilan chambarchas bog‘lagan ma’rifatparvar edi. Uning fikricha, jamiyatning kelajagi yoshlarning qanday bilim olishi, qanday dunyoqarash asosida voyaga yetishi bilan belgilanadi.
Behbudiy ta’limda faqat diniy bilimlar bilan cheklanib qolmaslik, balki geografiya, tarix, matematika, tabiiy fanlar va boshqa dunyoviy bilimlarni ham o‘rganish zarurligini ilgari surdi. Bu qarash o‘sha davr Turkiston jamiyati uchun muhim yangiliklardan biri edi.
Behbudiyning ma’rifiy faoliyati yangi usul maktablarini tashkil etish, darsliklar yaratish va matbuot orqali xalqni bilim olishga da’vat etishda namoyon bo‘ldi. Uning «Risolai asbobi savod», «Risolai jug‘rofiyai umroniy», «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy» kabi asarlari ta’lim mazmunini kengaytirishga xizmat qilgan.
Behbudiy ijodida jaholat va ilmsizlikning ijtimoiy oqibatlari ham alohida yoritilgan. Uning «Padarkush» dramasida ilm va tarbiyaning inson hayotidagi o‘rni badiiy obrazlar orqali ko‘rsatiladi. Asarda farzand tarbiyasiga e’tiborsizlik, ta’limdan uzoqlashish va ma’naviy qashshoqlikning ayanchli oqibatlari tasvirlangan. Shu orqali muallif jamiyatni farzandlar kelajagiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi[2]. Behbudiy uchun maktab shunchaki savod chiqarish maskani emas, balki millatning kelajakdagi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim muassasa edi. Uning qarashlarida ta’lim, milliy o‘zlikni anglash va jamiyatni yangilash bir-biridan ajralmas tushunchalar sifatida namoyon bo‘ladi.
2. Abdulla Avloniy qarashlarida ta’lim, tarbiya va barkamol avlod masalasi
Jadidchilik harakatining yana bir yirik namoyandasi Abdulla Avloniy millat kelajagini ta’lim va tarbiya uyg‘unligida ko‘rgan mutafakkirlardan biridir. Uning pedagogik qarashlari, ayniqsa, «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida keng ifodalangan. Avloniy ta’lim jarayonida axloqiy tarbiyaning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Uning nazarida insonning kamoloti faqat bilim bilan belgilanmaydi. Bilim odob, mas’uliyat, vijdon, mehnatsevarlik va Vatanga muhabbat bilan uyg‘unlashgandagina jamiyat uchun foydali shaxs shakllanadi.
Avloniyning tarbiyaga doir qarashlari o‘z davri uchun muhim pedagogik yondashuvni ifodalagan. U oiladagi tarbiya, maktabdagi ta’lim va jamiyatning ma’naviy muhiti o‘rtasidagi doimiy bog‘liqlikni ko‘rsatishga intilgan.
«Turkiy guliston yoxud axloq» asarida ilgari surilgan asosiy fikrlardan biri insonning axloqiy sifatlari uning tarbiyasi bilan bog‘liqligidir. Muallif yosh avlodni ilmli, odobli, vatanparvar va mehnatsevar qilib tarbiyalash kerakligini ta’kidlaydi.[3]
Avloniy o’qituvchilik faoliyatida yangi maktablar tashkil etish va darsliklar yaratish bilan ham shug‘ullangan. «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» kabi asarlari boshlang‘ich ta’lim uchun muhim o‘quv qo‘llanmalari sifatida vujudga kelgan. Uning qarashlarida ta’limning maqsadi faqat shaxsiy muvaffaqiyatga erishish emas, balki jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan avlodni voyaga yetkazishdan iborat edi. Shu sababli Avloniy merosi va faoliyati o‘zbek pedagogik tafakkuri tarixida alohida o‘rin egallaydi.
3.Munavvarqori Abdurashidxonov va yangi usul maktablarining rivojlanishi
Turkiston jadidchilik harakatining muhim namoyandalaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov ta’lim sohasidagi islohotlarni amaliy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. U Toshkentda yangi usul maktablarini tashkil etish, o‘quv jarayonini rivojlantirish va milliy darsliklar yaratish ishlarida faol ishtirok etdi. Munavvarqori faoliyatining muhim jihati shundaki, u jadidchilik g‘oyalarini faqat nazariy targ‘ibot darajasida qoldirmasdan, ularni ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etishga harakat qildi.
Uning «Adibi avval», «Adibi soniy», «Mabda’ul-qiroat» kabi o‘quv qo‘llanmalari yangi usul maktablarida ta’lim berish jarayonini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etdi.[4]
Yangi usul maktablarining asosiy xususiyati o‘qitish jarayonini osonlashtirish, savod chiqarishni tezlashtirish va o‘quvchilarga turli fanlar bo‘yicha tizimli bilim berishga intilishdan iborat edi. Bunday maktablarda an’anaviy ta’lim shakllaridan farqli ravishda sinf-dars tizimi va yangi o‘qitish usullariga e’tibor kuchaydi.
Munavvarqori uchun ta’lim millatni uyg‘otishning eng samarali vositalaridan biri edi. U xalqning kelajagini yosh avlodning savodxonligi, dunyoqarashi va zamonaviy bilimlarni egallash imkoniyati bilan bog‘lagan.
4.Abdurauf Fitrat qarashlarida milliy taraqqiyot va zamonaviy ta’lim
Abdurauf Fitrat jadidchilik harakatining eng yirik nazariyotchilaridan biri bo‘lib, uning asarlarida millatning ma’naviy, siyosiy va madaniy taraqqiyoti masalalari keng yoritilgan.
Fitrat o‘z qarashlarida jamiyat taraqqiyoti uchun ta’limning mazmunini yangilash, yosh avlodning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va milliy o‘zlikni anglash zarurligini ilgari surgan.
Uning «Munozara» asarida Buxoro jamiyatidagi ta’lim va ijtimoiy hayot muammolari muhokama qilinadi. Asarda eski ta’lim tizimidagi kamchiliklar, zamonaviy fanlarni o‘rganish zarurati va jamiyatni isloh qilish masalalari ko‘tarilgan. Fitratning «Hind sayyohi bayonoti» asarida ham Buxoro amirligi va Turkiston hayotidagi qoloqlik sabablari, ta’lim tizimidagi muammolar hamda taraqqiyot yo‘llari haqida fikr yuritiladi.[5]
Fitratning qarashlarida millatning kelajagi faqat maktablarning soni bilan emas, balki ta’lim sifati, ilmiy tafakkur va jamiyatning yangiliklarni qabul qilish qobiliyati bilan ham belgilanadi.
U ta’limni ijtimoiy islohotlarning muhim vositasi sifatida baholab, yosh avlodni zamonaviy bilimlar asosida tarbiyalashga katta ahamiyat bergan. Shu jihatdan Fitratning ma’rifiy qarashlari jadidchilik harakatining nazariy asoslarini boyitgan.
5.Is’hoqxon Ibrat faoliyatida ilm-fan, tillar va zamonaviy bilimlarning o‘rni
Is’hoqxon Ibrat jadid ma’rifatparvarligi tarixida o‘zining ko‘p qirrali ilmiy va pedagogik faoliyati bilan ajralib turadi. U tilshunos, tarixchi, pedagog va matbaachi sifatida faoliyat yuritgan.
Ibratning ma’rifiy qarashlarida xorijiy tillarni o‘rganish, dunyo xalqlarining ilmiy va madaniy yutuqlaridan xabardor bo‘lish muhim o‘rin egallaydi. Uning «Lug‘ati sitta alsina» asari olti tilni qamrab olgan bo‘lib, til o‘rganish va madaniyatlararo muloqot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan.
«Jome’ ul-xutut» asarida esa yozuvlar tarixi va turli xalqlarning yozuv tizimlari haqida ma’lumotlar berilgan. Bu asarlar Ibratning bilimni faqat mahalliy doirada emas, balki jahon miqyosida o‘rganishga intilganini ko‘rsatadi.[6]
Ibratning faoliyatida matbaa va kitob nashr qilish masalasi ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. U ilmiy va ma’rifiy asarlarni keng tarqatish orqali xalqning savodxonligini oshirishga intilgan.
Ibratning qarashlari jadidchilik harakatida xorijiy tillar, xalqaro bilim almashinuvi va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘rganish masalalari ham muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi.
Xulosa
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda shakllangan jadidchilik harakati millat kelajagini ta’lim va ma’rifat bilan bog‘lagan muhim tarixiy-ma’naviy hodisa hisoblanadi. Jadid namoyandalari jamiyat taraqqiyotining asosiy sharti xalqning savodxonligi, zamonaviy bilimlarni egallashi va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda ekanini anglaganlar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’lim islohoti va zamonaviy fanlarni o‘rganish zarurligini ilgari surgan bo‘lsa, Abdulla Avloniy ilm va axloqiy tarbiyaning uzviyligini asoslab berdi. Munavvarqori Abdurashidxonov yangi usul maktablari va milliy darsliklar rivojiga hissa qo‘shdi. Abdurauf Fitrat ta’limni jamiyatni isloh qilish va milliy taraqqiyotning muhim omili sifatida talqin etdi. Is’hoqxon Ibrat esa xorijiy tillar, jahon ilm-fani va madaniy aloqalarning ahamiyatini ko‘rsatdi.
Tadqiqot natijasida jadidlarning ta’lim haqidagi qarashlari faqat maktab islohoti bilan cheklanmaganligi, balki milliy ong, ijtimoiy faollik, ma’naviy tarbiya va jamiyat taraqqiyotini qamrab olgan keng g‘oyaviy tizimni tashkil etgani aniqlandi.
Xulosa qilib, jadidlar uchun millat kelajagini belgilaydigan eng muhim jihati ma’rifatli avlodni shakllantirish edi. Ularning ta’limga doir qarashlari bugungi kunda ham tarixiy va ma’naviy ahamiyatini saqlab qolmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Khalid, Adeeb. The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidism in Central Asia. Berkeley: University of California Press, 1998.
2. Behbudiy, Mahmudxo‘ja. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 1999.
3. Avloniy, Abdulla. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent: O‘qituvchi, 1992.
4. Abdurashidxonov, Munavvarqori. Adibi avval; Adibi soniy.- Toshkent,1907.
5. Fitrat, Abdurauf. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2000.
6. Ibrat, Is’hoqxon. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2005.
Muallif
Baxranova Sabrina O'lmasjon Qizi
O‘zbek tili talabasi · 1-kurs talabasi · Kitobxon · Video kontent yaratuvchi · Volontyorlik sertifikatlari
