Liderlar Online3 daqiqa
K O ʻ Z I O J I Z B O L A L A R G A O N A T I L I O ʻ Q I T I S H N I N G Z A M O N A V I Y U S U L L A R I V A M E T O D I K A L A R I

KO‘ZI OJIZ BOLALARGA ONA TILI O‘QITISHNING ZAMONAVIY USULLARI VA METODIKALARI
Qo‘chqorova Marjona Baxodir qizi
JDPU, O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi 613-26
Annotatsiya: Ushbu maqolada ko‘zi ojiz bolalarga ona tilini o‘qitishning zamonaviy usullari va turli metodikalari yoritiladi. Ona tili darslarida Brayl yozuvi, audio materiallar, ta’lim metodlari va raqamli texnologiyalardan foydalanish tahlil qilinadi. Bundan tashqari, o‘quvchilarning erkin fikrlashi, og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirishda individual yondashuvning ahamiyati haqida ma’lumot beradi. Maqolada ona tili darsini samarali tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar gapiriladi hamda amaliy tavsiyalar beriladi.
Kalit so‘zlar: Brayl yozuvi, ta’lim metodlari, raqamli texnologiyalar, individual yondashuv.
Kirish
Ta’lim tizimida inklyuzivlikni ta’minlash, ayniqsa, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilarning aqliy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalasi katta ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda bu borada ko‘plab izlanishlar va ularning natijalari amalga oshirilmoqda. Bu toifadagi o‘quvchilarni ona tiliga o‘qitishda Brayl yozuvi, ta’lim metodikalari va axborot texnologiyalari muhim o‘rin tutadi.
1. Brayl yozuvi: Ta’lim tizimida uzoq vaqtdan beri ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun darslar Brayl yozuvi bo‘yicha o‘tiladi. Ona tili darslarida aynan shu yozuvda o‘qishadi. Bunda diktant, grammatik topshiriqlar va matn bilan ishlash kabi ilmiy mashqlar bajariladi. Brayl yozuvi bilan ishlash metodi o‘quvchining o‘qish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
2. Ta’lim metodikalari: Ko‘zi ojiz o‘quvchilarga ona tilini o‘qitishda ta’lim metodlari zarur. Masalan, og‘zaki bayon qilish metodikasida o‘qituvchi o‘quv materialini aniq, izchil va tushunarli tarzda og‘zaki bayon qiladi. O‘qituvchi so‘z turkumlari, gap bo‘laklari yoki grammatik qoidalarni og‘zaki tushuntiradi, so‘ng o‘quvchilarga misollar keltiradi. Ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun ovozli tushuntirish muhim axborot manbalaridan biridir. Savol-javob metodi o‘quvchilarni darsda faol ishtirok etishga, fikrini og‘zaki ifodalashga va savollarga mustaqil javob berishga undaydi. O‘qituvchi matnni o‘qib beradi va uning mavzusi, qahramonlari hamda asosiy g‘oyasi yuzasidan savollar beradi. O‘quvchilar o‘z javoblari orqali nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
3. Zamonaviy texnologiyalar: Inklyuziv ta’lim uchun ajoyib imkoniyatlarni taqdim etadigan usullardan biri bu axborot texnologiyalaridan foydalanishdir. Bu metod ko‘zi ojiz bolalar uchun qulayroq va qiziqarli ona tili tajribasiga eshiklarni ochadi. Muqobil kiritish qurilmalari: Brayl klaviaturasi, klaviatura himoyasi va sichqonchani muqobil boshqaruvi kabi qurilmalar o‘quvchilarga kompyuterlar va boshqa qurilmalar bilan yanada samaraliroq muloqot qilish imkonini beradi. Ushbu qurilmalar ko‘zi ojiz o‘quvchilarning ehtiyojlariga moslashtirilgan muqobil kiritish usullarini taqdim etish orqali foydalanish imkoniyatini oshiradi.
4. Individual yondashuv: Ta’lim jarayonida individual va differensial yondashuvga alohida e’tibor qoldirish. Chunki har bir o‘quvchining ko‘rish darajasi, bilimni o‘zlashtirish sur’ati, nutqiy rivojlanishi va ta’lim ehtiyojlari o‘ziga xosdir. Shu sababli o‘qituvchi topshiriqlar, o‘quv vositalari va metodlarni o‘quvchilarning individual imkoniyatlariga moslashtirishi zarur.
Xulosa
Ko‘zi ojiz bolalarga ona tilini o‘qitishda o‘qituvchilar zamonaviy ta’lim metodikalaridan foydalanishi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishda muhim hisoblanadi. Keltirib o‘tilgan barcha metodikalarni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish ko‘zi ojiz bolalarning ona tilini mukammal egallashi, mustaqil fikrlashi, og‘zaki va yozma nutqning rivojlanishi hamda ta’lim jarayonida ishtirok etishlarida katta imkoniyat eshiklarini ochadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Tangriyeva, Sevinch Sayfiddin Qizi KO‘ZI OJIZ BOLALARNI O‘QITISH METODIKASI:ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR // ORIENSS. 2023.
2.Gulbahor Abdullajonovna Nabiyeva IMKONIYATI CHEKLANGAN BOLALARNING TA’LIM-TARBIYA OLISHLARI // Scientific progress. 2021.
3.Xonqulova Zohida Sherali qizi „Ko‘zi ojiz bolalarni o‘qitish metodikasi va zamonaviy texnologiyalar”2024.
Muallif
Qo'chqorova Marjona Baxodir Qizi
Filologiya talabasi · Kitobxonlik klubi asoschisi · Volontyor · EKO-faol · Zakovat ishtirokchisi
