Liderlar Online12 daqiqa

O‘SMIRLAR SHAXSIYATI SHAKLLANISHIDA BREND KIYIMLARNING O‘RNI

Brend kiyimlarning o‘smirlar identiteti, o‘ziga ishonchi va ijtimoiy munosabatlariga ta’siri

“O‘smirlar shaxsiyati shakllanishida brend kiyimlarning o‘rni” mavzusidagi ilmiy maqola banneri. Chap tomonda brend kiyim kiygan o‘smir qiz tasviri orqali o‘ziga ishonch, ijtimoiy mavqe, o‘zini ifodalash hamda ijobiy va salbiy psixologik ta’sirlar ko‘rsatilgan. O‘ng tomonda BIFM va Dual Effect model
“O‘smirlar shaxsiyati shakllanishida brend kiyimlarning o‘rni” mavzusidagi ilmiy maqola banneri. Chap tomonda brend kiyim kiygan o‘smir qiz tasviri orqali o‘ziga ishonch, ijtimoiy mavqe, o‘zini ifodalash hamda ijobiy va salbiy psixologik ta’sirlar ko‘rsatilgan. O‘ng tomonda BIFM va Dual Effect model

Muallif: Aliqulova Marjona Valijon qizi

Tashkilot: Toshkent kimyo texnologiyalari xalqaro universiteti, Libos dizayni yo‘nalishi, 1-kurs talabasi

Ilmiy rahbar: Eshmamatov Baxodir Xolmirzayevich

Nashr: World Conference on Modern Research Approaches. 2026, Vol. 6, Issue 1, May, 29–40-betlar.

Annotatsiya. Ushbu maqolada brend kiyimlarning o‘smirlar shaxsiyati shakllanishidagi o‘rni hamda ularning ijtimoiy munosabatlarga ta’siri tahlil qilinadi. Zamonaviy jamiyatda brend kiyimlar yoshlar madaniyatining muhim elementi sifatida nafaqat estetik didni, balki ijtimoiy mavqe va o‘zini ifodalash vositasini ham aks ettiradi. Tadqiqot jarayonida kuzatish va ijtimoiy xulq-atvorni tahlil qilish usullaridan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, brend kiyimlar o‘smirlarning o‘zini anglash, tengdoshlar tomonidan qabul qilinish va ijtimoiy qiyofani shakllantirish jarayonida muhim ramziy vosita hisoblanadi. Shuningdek, o‘smirlar brend mahsulotlarni obro‘, ishonch va muayyan ijtimoiy guruhga mansublik bilan bog‘laydi.

Kalit so‘zlar: o‘smirlar, identitet, brend kiyimlar, moda, ijtimoiy munosabatlar, o‘zini ifodalash, ijtimoiy mavqe, yoshlar madaniyati

Аннотация. В данной статье исследуется роль брендовой одежды в формировании личности подростков и их влияние на социальные отношения. В современном обществе брендовая одежда является важным элементом молодежной культуры, отражая не только эстетические предпочтения, но и выступая средством выражения социального статуса и самовыражения. В ходе исследования использованы методы наблюдения и анализа социального поведения. Результаты показывают, что брендовая одежда является важным символическим инструментом в процессе самопознания подростков, их принятия сверстниками и формирования социального образа. Также подростки связывают брендовые товары с престижем, уверенностью и принадлежностью к определённым социальным группам.

Ключевые слова: подростки, идентичность, брендовая одежда, мода, социальные отношения, самовыражение, социальный статус, молодежная культура.

Abstract. This article examines the role of branded clothing in the formation of adolescents’ identity and its impact on social relationships. In contemporary society, branded clothing represents an important element of youth culture, reflecting not only aesthetic preferences but also serving as a means of expressing social status and self-identity. The study employs observation and social behavior analysis as its main research methods. The findings indicate that branded clothing functions as a significant symbolic tool in adolescents’ self-awareness, peer acceptance, and identity formation. Additionally, adolescents associate branded products with prestige, self-confidence, and belonging to specific social groups.

Keywords: adolescents, identity, branded clothing, fashion, social relations, self-expression, social status, youth culture

Kirish

Zamonaviy jamiyatda kiyim inson hayotining muhim ijtimoiy-madaniy komponentlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. U nafaqat utilitar funksiyani — ya’ni tanani himoya qilish vazifasini bajaradi, balki shaxsning ichki dunyosi, ijtimoiy mavqei va madaniy qarashlarini ifodalovchi kommunikativ vosita sifatida ham xizmat qiladi. Ayniqsa, o‘smirlik davrida kiyim tanlovi identitet shakllanishi, o‘zini anglash va ijtimoiy muhitga moslashish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Brend kiyimlar oddiy kiyimlardan farqli ravishda kuchli ramziy va ijtimoiy mazmunga ega bo‘lib, ular orqali shaxs o‘zini ifodalaydi, ijtimoiy guruhlarga mansubligini namoyon etadi hamda tengdoshlar orasida o‘z o‘rnini belgilaydi. Shu sababli, brend kiyimlar o‘smirlar identiteti shakllanishida muhim ijtimoiy marker sifatida qaraladi va ularning ta’sirini ilmiy jihatdan o‘rganish dolzarb hisoblanadi.

Tarixiy nuqtai nazardan, kiyim dastlab insonni tashqi muhit ta’siridan himoya qiluvchi vosita sifatida shakllangan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan u estetik va ijtimoiy ifoda funksiyalarini ham o‘zida mujassam eta boshladi. Natijada kiyim insonning psixologik holati, madaniy qadriyatlari va jamiyatdagi mavqeini aks ettiruvchi murakkab belgilar tizimiga aylandi.

Bugungi kunda moda madaniy va ijtimoiy jarayonlarning ajralmas qismi sifatida shaxsning o‘zini namoyon etishi, ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi va identitet konstruksiyasida muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan, brend kiyimlar nafaqat iste’mol obyekti, balki ijtimoiy ma’no ishlab chiqaruvchi va kommunikativ belgilar tizimi sifatida alohida ilmiy qiziqish uyg‘otadi.

O‘smirlar identiteti shakllanishi masalasi ijtimoiy va psixologik fanlarda keng o‘rganilgan. Erik Erikson tomonidan ishlab chiqilgan nazariyaga ko‘ra, o‘smirlik davri shaxsning “Men” obrazini shakllantirish va ijtimoiy rollarni anglash bosqichi hisoblanadi. Ushbu jarayonda tashqi omillar, jumladan kiyim-kechak va moda, identitet konstruktsiyasida muhim rol o‘ynaydi.

Iste’mol va identitet o‘rtasidagi bog‘liqlik Russell W. Belk tomonidan ishlab chiqilgan “extended self in consumer behavior” nazariyasida chuqur tahlil qilingan. Unga ko‘ra, insonlar o‘z shaxsiyatini moddiy obyektlar, jumladan kiyim va brendlar orqali ifodalaydi. Shu nuqtai nazardan, brend kiyimlar o‘smirlar uchun o‘zini namoyon etish va ijtimoiy identifikatsiya vositasi sifatida xizmat qiladi. [1]

Shuningdek, Henri Tajfel va John C. Turner tomonidan ishlab chiqilgan ijtimoiy identifikatsiya nazariyasiga ko‘ra, shaxs o‘zini ma’lum guruhlarga mansubligi orqali anglaydi. O‘smirlar orasida brend kiyimlar aynan shu guruhga mansublikni ko‘rsatish vositasi sifatida ishlaydi va tengdoshlar orasida ijtimoiy farqlanishni shakllantiradi.

Bundan tashqari, Pierre Bourdieu ning “Distinction” konsepsiyasiga ko‘ra, iste’mol odatlari, jumladan kiyim tanlovi, shaxsning ijtimoiy mavqei va madaniy kapitalini aks ettiradi. Brend kiyimlar bu jarayonda ijtimoiy tabaqalanish vositasi sifatida namoyon bo‘lib, o‘smirlar orasida status belgisi sifatida qabul qilinadi.

Zamonaviy tadqiqotlarda esa iste’mol va identitet o‘rtasidagi bog‘liqlik yanada chuqurroq o‘rganilib, Jennifer Escalas va James R. Bettman tomonidan brendlar orqali o‘zini ifodalash va referent guruhlarning ta’siri asoslab berilgan. Ularning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, o‘smirlar brendlarni nafaqat estetik jihatdan, balki ijtimoiy identifikatsiya vositasi sifatida tanlaydi.

Asosiy qism

Brend kiyimlar zamonaviy yoshlar madaniyatida muhim ijtimoiy va ramziy element sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘smirlar brend kiyimlarni nafaqat tashqi ko‘rinish vositasi, balki o‘zini ifodalash va ijtimoiy identifikatsiya qilishning muhim omili sifatida qabul qiladilar. Respondentlarning aksariyati brend kiyimlar orqali o‘z uslubini namoyon etish va tengdoshlar orasida ajralib turish imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidlagan.

Psixologik jihatdan, olingan ma’lumotlar brend kiyimlarning o‘smirlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatadi. Xususan, respondentlarning 72% i brend kiyim kiyish o‘ziga ishonchni oshirishini bildirgan. Bu holat brend kiyimlarning shaxsiy identitet va ichki “Men” obrazini shakllantirishdagi ahamiyatini tasdiqlaydi.

Ijtimoiy nuqtai nazardan, natijalar brend kiyimlar o‘smirlarning tengdoshlar tomonidan qabul qilinishiga bevosita ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Respondentlarning 68% i brend kiyimlar ijtimoiy qabul qilinish darajasini oshirishini qayd etgan. Bundan tashqari, 61% ishtirokchilar brend kiyimlar o‘zini ifodalash imkoniyatini kengaytirishini ta’kidlagan, 54% esa ularni ijtimoiy mavqe belgisi sifatida baholagan. Bu natijalar brend kiyimlarning ijtimoiy kommunikatsiya vositasi sifatidagi rolini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, tadqiqot brend iste’molining salbiy jihatlarini ham aniqladi. Respondentlarning 47% i brend kiyimlar boshqalar bilan o‘zini solishtirish hissini kuchaytirishini tan olgan. Ayrim holatlarda bu jarayon moddiy qadriyatlarga ortiqcha e’tibor berish, ijtimoiy tengsizlik hissining shakllanishi va psixologik noqulaylikka olib kelishi mumkin. Ayniqsa, iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan o‘smirlar orasida bu holat yanada keskinroq namoyon bo‘lishi kuzatiladi.

Umuman olganda, olingan natijalar brend kiyimlarning o‘smirlar hayotida ko‘p qirrali rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Ular bir tomondan o‘zini ifodalash, ijtimoiy integratsiya va o‘ziga ishonchni oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan ijtimoiy bosim va solishtirish mexanizmlarini kuchaytirishi mumkin. [2]

Tadqiqotning maqsadi

Brend kiyimlarning o‘smirlar shaxsiyati shakllanishidagi o‘rnini hamda ularning ijtimoiy munosabatlarga ta’sirini ilmiy jihatdan tahlil qilishdan iborat. Shuningdek, o‘smirlarning brend kiyimlardan o‘zini ifodalash, ijtimoiy identifikatsiya va tengdoshlar bilan muloqot vositasi sifatida foydalanish xususiyatlarini aniqlash ham ushbu tadqiqotning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Tadqiqot natijalari

Tahlil natijalari quyidagilarni ko‘rsatdi:

  • Respondentlarning 72% i brend kiyimlar ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishini ta’kidladi
  • 68% o‘smirlar brend kiyimlar tengdoshlar orasida ijtimoiy qabul qilinishni kuchaytirishini bildirdi
  • 61% respondentlar brend kiyim orqali o‘zini ifodalash imkoniyati ortishini qayd etdi
  • 54% ishtirokchilar brend kiyimlarni ijtimoiy mavqe belgisi sifatida baholadi

Shu bilan birga, 47% respondentlar brend kiyimlar boshqalar bilan o‘zini solishtirish hissini kuchaytirishini tan oldi

Korrelyatsion tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, brend kiyimlarga yuqori qiziqish va o‘ziga ishonch darajasi o‘rtasida o‘rtacha ijobiy bog‘liqlik (r ≈ 0.56) mavjud.

Ilmiy talqin

Mazkur statistik natijalar shuni ko‘rsatadiki, brend kiyimlar o‘smirlar uchun nafaqat estetik element, balki muhim ijtimoiy-psixologik mexanizm hisoblanadi. Ayniqsa, o‘ziga ishonch (72%) va ijtimoiy qabul qilinish (68%) ko‘rsatkichlarining yuqoriligi brend kiyimlarning identitet shakllanishidagi rolini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, salbiy ko‘rsatkich (47%) brend iste’molining ambivalent xususiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi, ya’ni u bir vaqtning o‘zida ham ijobiy (o‘zini ifodalash), ham salbiy (ijtimoiy bosim) ta’sir ko‘rsatadi [3]

Ilmiy yangiligi

Mazkur tadqiqotning ilmiy yangiligi bir necha jihatlarda namoyon bo‘ladi.

1) Tadqiqotda brend kiyimlar o‘smirlar identitetini shakllantiruvchi omil sifatida semiotik va ijtimoiy-psixologik yondashuv integratsiyasi asosida tahlil qilindi. Ya’ni, brend kiyimlar nafaqat iste’mol obyekti, balki ramziy kommunikatsiya vositasi sifatida talqin etilib, ularning belgilar tizimi orqali ijtimoiy ma’no ishlab chiqarishdagi roli ochib berildi.

2) Tadqiqot doirasida o‘smirlarning brend kiyimlar orqali o‘zini ifodalash jarayoni uch bosqichli model asosida tizimlashtirildi:

1. brendni tanlash (individual preferensiya va ijtimoiy ta’sir asosida);

2. vizual identifikatsiya (kiyim orqali o‘zini namoyon etish);

3. ijtimoiy refleksiya (tengdoshlar tomonidan qabul qilinish va baholanish).

Mazkur model brend iste’molini identitet shakllanishining dinamik jarayoni sifatida tushuntirish imkonini beradi.

3) Tadqiqotda netnografik kuzatuv va so‘rovnoma natijalari asosida brend kiyimlar va o‘ziga ishonch, ijtimoiy qabul qilinish o‘rtasidagi bog‘liqlik empirik jihatdan asoslandi. Xususan, olingan natijalar brend kiyimlarga munosabat va ijtimoiy-psixologik ko‘rsatkichlar o‘rtasida o‘rtacha ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi (r ≈ 0.56).

4) Tadqiqot O‘zbekiston o‘smirlari misolida olib borilib, bu yo‘nalishda yetarlicha o‘rganilmagan mintaqaviy kontekstda yangi ilmiy ma’lumotlar taqdim etildi. Bu esa global moda va iste’mol madaniyatining lokal yoshlar identitetiga ta’sirini tushunishga hissa qo‘shadi.

[1-rasm. Brend kiyimlarning o‘smirlar shaxsiyati shakllanishiga ijtimoiy-psixologik ta’siri modeli — rasm fayli: Italiya_1-rasm_brend_tasiri.png]

1-rasm. Brend kiyimlarning o‘smirlar shaxsiyati shakllanishiga ijtimoiy-psixologik ta’siri modeli

Brend kiyimlarning o‘smirlar shaxsiyati shakllanishiga ta’siri ijtimoiy-psixologik omillar tizimi orqali ifodalangan. Unda brend kiyimlarning o‘zini ifodalash, ijtimoiy identifikatsiya, o‘ziga ishonchni oshirish, ijtimoiy mavqeni namoyon etish va muloqot vositasi sifatidagi funksiyalari ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, brend iste’molining salbiy jihatlari — ijtimoiy solishtirish, moddiylikka berilish va psixologik bosim kabi omillar ham aks ettirilgan.

Mazkur vizual model brend kiyimlarning o‘smirlar identiteti shakllanishidagi ko‘p qirrali, ya’ni ijobiy va salbiy ta’sirlarini kompleks tarzda tushuntiradi. [4]

Tadqiqot natijalari brend kiyimlarning o‘smirlar identitetini shakllantirishdagi rolini kompleks ijtimoiy-psixologik fenomen sifatida talqin qilish imkonini beradi. Olingan empirik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, brend kiyimlar nafaqat estetik tanlov, balki ijtimoiy ma’no yuklangan ramziy vosita sifatida faol ishlaydi. Bu natijalar symbolic consumption nazariyalari bilan mos kelib, iste’mol obyektlari orqali shaxs o‘z identitetini namoyon etishini tasdiqlaydi.

Bu holat o‘smirlik davrida tashqi atributlarning ichki identitet bilan chambarchas bog‘liqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, ijtimoiy qabul qilinish ko‘rsatkichlarining yuqoriligi brend kiyimlarning tengdoshlar orasida kommunikativ vosita sifatida ishlashini ko‘rsatadi. [5]

Taklif etilgan BIFM (Brand-mediated Identity Formation Model) nuqtai nazaridan qaralganda, brend kiyimlar orqali identitet shakllanishi dinamik va ko‘p bosqichli jarayon ekanligi namoyon bo‘ladi. Xususan, symbolic selection bosqichida o‘smir individual va ijtimoiy omillar ta’sirida brend tanlaydi, identity signaling bosqichida esa ushbu tanlov vizual ifoda shakliga aylanadi. Keyingi social validation bosqichida tengdoshlar bahosi muhim rol o‘ynab, natijada internalization jarayoni orqali ijtimoiy baholar shaxsiy identitetga integratsiyalanadi. Bu esa identitet shakllanishida tashqi va ichki omillar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, tadqiqot natijalari brend iste’molining ambivalent (ikki tomonlama) xususiyatini ham ochib berdi. Bir tomondan, u o‘zini ifodalash, o‘ziga ishonchni oshirish va ijtimoiy integratsiyani kuchaytiradi. Ikkinchi tomondan esa, ijtimoiy solishtirish, tengsizlik hissi va iste’molchilikka moyillikni kuchaytirishi mumkin. Bu natijalar dual effect model doirasida talqin qilinib, brend kiyimlarning psixologik va ijtimoiy ta’siri bir vaqtning o‘zida ijobiy va salbiy yo‘nalishda namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. [6]

Mazkur tadqiqotning muhim jihatlaridan biri uning lokal kontekstda — O‘zbekiston o‘smirlari misolida olib borilganidir. Bu esa global iste’mol madaniyatining lokal yoshlar identitetiga qanday integratsiyalanishini tushunishda yangi empirik asos yaratadi. Shu bilan birga, tadqiqot natijalari rivojlanayotgan jamiyatlarda ijtimoiy tabaqalanish va iste’mol xulq-atvori o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, tadqiqotning ayrim cheklovlari mavjud. Jumladan, namunaviy hajmning nisbatan kichikligi (N=82) va ma’lumotlarning asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali yig‘ilganligi natijalarni umumlashtirish imkoniyatini ma’lum darajada cheklaydi. Kelgusida yanada kengroq namuna va chuqurlashtirilgan statistik tahlillar asosida olib boriladigan tadqiqotlar ushbu yo‘nalishni yanada boyitishi mumkin.

[2-rasm. Brend kiyimlar orqali o‘smirlar identiteti shakllanishi va psixologik ta’sirining integratsiyalashgan modeli — rasm fayli: Italiya_2-rasm_BIFM_Dual_Effect.png]

2-rasm. Brend kiyimlar orqali o‘smirlar identiteti shakllanishi va psixologik ta’sirining integratsiyalashgan modeli (BIFM va Dual Effect)

Umuman olganda, tadqiqot natijalari brend kiyimlarning o‘smirlar identiteti shakllanishida muhim, biroq murakkab va ko‘p qirrali omil ekanligini ko‘rsatadi. Shu sababli, brend iste’molini ongli ravishda boshqarish, yoshlar orasida tanqidiy iste’mol madaniyatini shakllantirish va ijtimoiy bosim omillarini kamaytirishga qaratilgan yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Brend kiyimlarning o‘smirlar identiteti shakllanishiga ta’siri ikki model asosida ifodalangan.

Modellar brend kiyimlarning o‘smirlar identiteti shakllanishidagi murakkab va ko‘p qirrali rolini vizual tarzda ifodalaydi. [7]

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, mazkur tadqiqot brend kiyimlarning o‘smirlar shaxsiyati shakllanishida muhim ijtimoiy-psixologik omil ekanligini ko‘rsatdi. Olingan natijalar shuni tasdiqlaydiki, brend kiyimlar o‘smirlarning o‘zini ifodalashi, ijtimoiy identifikatsiyasi va tengdoshlar tomonidan qabul qilinish jarayonida faol rol o‘ynaydi. Ayniqsa, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish va ijtimoiy mavqeni namoyon etishdagi ahamiyati statistik jihatdan ham asoslandi.

Shu bilan birga, tadqiqot brend iste’molining ikki tomonlama xususiyatini ham ochib berdi. Bir tomondan, u o‘smirlarning ijtimoiy integratsiyasini kuchaytirsa, ikkinchi tomondan ijtimoiy solishtirish, tengsizlik hissi va psixologik bosim kabi salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Bu esa brend kiyimlarning o‘smirlar rivojiga kompleks va ko‘p qirrali ta’sirga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot doirasida taklif etilgan BIFM modeli brend kiyimlar orqali identitet shakllanish jarayonini tizimli ravishda tushuntirib, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarga nazariy hissa qo‘shadi. Shuningdek, O‘zbekiston o‘smirlari misolida olingan empirik natijalar global iste’mol madaniyatining lokal kontekstdagi namoyonini yoritishga xizmat qiladi.

Amaliy jihatdan, tadqiqot natijalari o‘smirlar orasida ongli iste’mol madaniyatini shakllantirish, ijtimoiy bosim omillarini kamaytirish va shaxsiy qadriyatlarni rivojlantirishga qaratilgan pedagogik hamda psixologik yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelgusida ushbu yo‘nalishda kengroq namuna asosida chuqurlashtirilgan statistik tahlillar olib borish hamda turli madaniy kontekstlarda qiyosiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Kozinets, R. V. (2014). Netnography: Redefined. London: Sage Publications.

2. Valsiner, J. (2000). Culture and Human Development. London: Sage Publications.

3. Piacentini, M., & Mailer, G. (2004). Symbolic consumption in teenagers’ clothing choices. Journal of Consumer Behaviour, 3(3), 251–262.

4. Solomon, M. R. (2018). Consumer Behavior: Buying, Having, and Being. New York: Pearson Education.

5. Rahimov, A. (2021). Yoshlar madaniyati va moda: ijtimoiy-psixologik tahlil. Toshkent: Fan nashriyoti.

6. Karimova, D. (2020). O‘smirlar psixologiyasi va ijtimoiy identifikatsiya jarayoni. Pedagogika va psixologiya ilmiy jurnali, 4(2), 45–52.

7. Tiggemann, M. (2005). Body dissatisfaction and adolescent self-esteem. Body Image, 2(2), 129–135.

8. Chan, K., & Prendergast, G. (2008). Social comparison and materialism. Journal of Consumer Marketing, 25(3), 138–146.

9. Kasser, T. (2002). The High Price of Materialism. MIT Press.

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Aliqulova Marjona Valijon Qizi

KIUT talabasi · Fashion dizayneri · Moda tarixi bilimdoni · Skeching ishqibozi · Ijodkor

Hoziroq ariza qoldirish