Liderlar Online4 daqiqa

OQ XALAT ORTIDAGI HAYOT

Hayotga umid baxsh etuvchi kasb

Inson hayotida shunday kasblar borki, ularning qadri hech qachon o'lchanmaydi. Shifokorlik mana shunday sharafli va mas'uliyatli kasblardan biridir. Chunki shifokor nafaqat kasallik bilan kurashadi, balki inson qalbiga umid, oilalarga quvonch, hayotga yuzaga yangi imkoniyatlar bag'ishlaydi.

Oq xalat ortida oddiy markaziy emas, balki bedor tunlar, tinimsiz izlanishlar, og'ir qarorlar va minglab insonlar taqdiri mujassam. Har bir shifokorning ortida kimningdir sog'ayish umidi, kimningdir farzandiga bo'lgan duosi, kimningdir hayotga qaytish istagi turadi.

Shifokor uchun katta mukofot moddiy boylik emas, balki bemorning sog'ayib hayotga tabassum bilan qaytishidir. Zero, inson hayotini asrashdan ulug'roq mas'uliyat, unga umid berishdan buyukroq ezgulik bo'lmasa kerak.

OQ XALAT ORTIDAGI SINOVLAR VA MATONAT!

Shifokor hayoti tashqaridan qaraganda oq xalat, chiroyli kasb va hurmat e'tibor bilan gavdalanishi mumkin. Ammo bu holat ortida koʻpchilik tasavvur ham qilmaydigan mashaqqatlar, uyqusiz turlar, og'ir sinovlar va ba'zan so'z bilan ifodalash qiyin boʻlgan kechinmalar yashiringan.

Shifokor uchun vaqt oddiy soatlar bilan o'lchanmaydi. Ba'zan bir kecha soni inson taqdirini o'zgartirishi,birgina to'g'ri qaror esa butun bir oilaga baxtni qaytarishi mumkin. Shu sababli u har bir tashxisda,har bir muolaja mahoratini, har bir bemorga munosabatida va insoniyligini namoyon etishi kerak.

Tasavvur qiling:tunning eng sokin damlari. Kimdir oilasi davrasida, kimdir shirin uyquda. Ammo shifoxonaning bir burchagida shifokor yana bir insonning hayoti uchun kurashmoqda. Uning charchagan ko'zlarida uyqu emas, bemorning sog'ayishiga boʻlgan umid aks etadi.

Eng ogʻir lahzalardan biri esa bemorning dardiga qaramay, uning hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatni ishga solishdir. Chunki shifokor ham inson: uning ham yuragi bor, yaqinlari va orzulari bor. Ammo oq xalatni kiyganida u o'z oldidagi masʼuliyatni unutmasligi kerak.

Shifokorning haqiqiy buyukligi faqat murakkab operatsiyalarni bajarishda emas, balki bemorning qo'rquvini yengishiga yordam berishida, unga mehr bilan muomala qilishida va eng ogʻir damlarda ham umid chirogʻini soʻndirmasligidadir.

Zero, oq xalat insonni shifokor qilishi mumkin, ammo uning haqiqiy shifokorga aylantiradigan narsa bilim, vijdon, sabr va mehrdir.

Shifokorlikning yana bir muhim jihati shundaki, bu kasb insondan nafaqat aql va bilim,balki katta qalb bilan talab qiladi. Chunki har bir bemor shifokor huzuriga faqat jismoniy ogʻriq bilan emas, ba'zan qoʻrquv, xavotir va umidsizlik bilan ham keladi. Shunday paytda shifokorning mehribonligi, sabr-toqati va samimiy munosabati bemorga kuch bagʻishlaydi. Shuni ham unutmaslik kerakki,shifokorning mehnati har doim ham ko'zga tashlanavermaydi. Ba'zan uning muvaffaqiyati oddiygina "Rahmat doktor!" degan so'zda, bemorning yuzidaki tabassumda yoki sog'ayib uyiga qaytgan insonning quvonchidan namoyon bo'ladi. Ana shu lahzalar shifokor uchun eng bebaho mukofotdir. Darhaqiqat, shifokorlik diplom bilan boshlanishi mumkin, ammo haqiqiy shifokorlik inson qalbida shakllanadi. Bu yoʻlni tanlagan inson o'z hayotini boshqalarning salomatligi va baxtiga bag'ishlashga tayyor bo'lishi kerak.

Chunki shifokor qoʻlida faqat tibbiy asboblar emas, balki insonning ishonchi, umidi va eng bebaho ne'mati bo'lgan hayoti mujassamdir.

OQ XALATNING QADRINI ANGLASH!

Xulosa qilib aytganda, shifokorlik oddiy kasb emas, balki inson hayotiga daxldor bo'lgan ulkan masʼuliyat, sharaf va fidoyilik yo'lidir. Bu yoʻlni tanlagan inson nafaqat o`z bilimiga, balki vijdoniga, sabriga, mehriga va insoniy fazilatlariga ham tayanishi kerak. Chunki tibbiyotning markazida kasallik emas,avvalo, INSON turadi.

HAR BIR SHIFOKOR ORTIDA AYTILMAGAN HIKOYALAR, BEDOR O'TGAN TUNLAR, OG'IR QARORLAR VA MINGLAB UMIDLAR MAVJUD. BA'ZAN UNING BIRGINA QARORI INSONNI HAYOTGA QAYTARADI, BIRGINA SAMIMIY SO'ZI ESA UMIDSIZLIKKA TUSHGAN QALBGA KUCH BAG'ISHLAYDI. SHUNING UCHUN HAM SHIFOKORNING QADRI FAQAT UNING BILIM VA TAJRIBASI BILAN EMAS, BALKI INSON HAYOTIGA QO'SHGAN HISSASI BILAN HAM O'LCHANADI.

Bugungi zamonaviy dunyoda tibbiyot jadal rivojlanmoqda. Yangi texnologiyalar, zamonaviy davolash usullari va ilmiy kashfiyotlar insoniyatga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Biroq hech qanday texnologiya insoniy mehr, samimiy va shifokor mas'uliyatining o`rnini to'liq bosa olmaydi. Zero bemorga nafaqat dori-darmon, balki ishonch, e'tibor va ruhiy dalda ham kerak. Ayniqsa, kelajak avlod salomatligini asrash yo'lida mehnat qilayotgan shifokorlarning xizmatlari beqiyosdir. Har bir sogʻlom bola, quvonchli oila va har bir saqlab qolingan hayot ortida tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnati mujassam. Shunday ekan, shifokorlik kasbini tanlash kelajak oldidagi katta va sharafli mas'uliyatni zimmasiga olish demakdir. Menimcha, haqiqiy shifokor bo'lish uchun faqat diplom olishning o'zi yetarli emas. Buning uchun inson qalbida boshqalarning dardini his qila olish, ularning ogʻrigʻiga befarq bo'lmasligi va har qanday vaziyatda o'z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilish tuyg'usi bo'lishi lozim. Chunki oq xalatni kiyish mumkin, ammo uning sha'nini saqlash uchun butun umr mehnat qilish kerak. Shifokorning eng katta boyligi bemorlarning ishonchi, eng katta mukofoti esa ularning sog'ayib, hayotga qaytishidir. Uning nomi ba'zan kitoblariga yozilmasligi, mehnati har doim ham e'tirof etilmasligi mumkin. Ammo u saqlab qolgan har bir hayot, qaytargan har bir tabassum va bergan har bir umid insonlar qalbida abadiy is qoldiradi.

Zero, inson obrana uzaytirish buyuk mahorat bo'lsa, uning hayotiga umid qaytarish chinakam insoniylikdir.

Oq xalat shunchaki kiyim emas. U poklik, ishonch, bilim, vijdon va sadoqati ramzidir. Uni kiygan har bir inson bu ramzga munosib bo'lishi, inson salomatligi va hayotini eng oliy qadriyat sifatida e'zozlashish kerak.

CHUNKI DUNYODA KO'PLAB KASBLAR INSONLARGA XIZMAT QILADI, AMMO SHIFOKORLIK INSONNING ENG BEBAHO BOYLIGI BO'LGAN HAYOTNI ASRASHGA XIZMAT QILADI!

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Musulmonova Marjona Ilhom Qizi

Pediatriya fakulteti · Bo‘lajak bolalar jarrohi · Kitobxon · Raqsga qiziqadi

Hoziroq ariza qoldirish