Liderlar Online11 daqiqa

Umumtaʼlim muassasalari xodimlariga moddiy yordam koʻrsatishning huquqiy asoslari va amaliyotda qoʻllash tartibi

VMQ 823-son

Umumta'lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam ko'rsatishning huquqiy asoslari.
Umumta'lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam ko'rsatishning huquqiy asoslari.
  • Umumtaʼlim muassasalari xodimlariga moddiy yordam ko’rsatishning huquqiy asoslari va amaliyotda qo’llash tartibi

Annotatsiya: Mazkur maqolada umumta'lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam tayinlash bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarning ayrim dolzarb masalalari, xususan, og‘ir kasallikka chalingan xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish amaliyotida uchrayotgan muammolar tahlil qilinadi. Tadqiqotda Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 33-bandini qo‘llash amaliyoti huquqiy jihatdan o‘rganilib, norma mazmuni hamda uni talqin qilishdagi mavjud yondashuvlar baholanadi. Xususan, o‘tkir miokard infarkti kabi inson hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir tashxis mavjud bo‘lishiga qaramasdan, tibbiy hujjatlarda bemorning "umumiy ahvoli og‘ir" deb qayd etilmaganligi sababli moddiy yordam berishni rad etish holati misolida amaldagi huquqni qo‘llash amaliyoti tahlil etiladi. Mazkur holat orqali "og‘ir kasallikka chalinganlik" va "bemorning umumiy ahvoli og‘irligi" tushunchalarining huquqiy hamda tibbiy mazmuni o‘rtasidagi farqlar ochib beriladi. Maqolada moddiy yordam tayinlash jarayonida kasallik tashxisi, uning og‘irlik darajasi va inson hayotiga ta'sirini baholash mezonlarining huquqiy ahamiyati yoritilib, normativ-huquqiy hujjatlarda og‘ir kasallik tushunchasining aniq belgilanmaganligi turlicha talqin va qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘layotgani asoslab beriladi. Shuningdek, amaldagi tartibning ta'lim xodimlarining ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta'minlashdagi samaradorligi tahlil qilinib, huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish, og‘ir kasalliklar mezonlarini aniqlashtirish hamda moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-amaliy takliflar ilgari suriladi.

Kalit so’zlar: Moddiy yordam, og’ir kasallik, o’tkir miokard infarkti, gipertoniya, huquqiy tahlil, og’ir kasalliklar ro’yxati, umumiy axvoli og’ir amas, o’lim xavfi, qon aylanish a’zolarining kasalliklari, amaliyotda, takliflar.

  • “Maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz” Sh. M. Mirziyoyev

Mamlakatimizda pedagog xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish hamda og‘ir vaziyatlarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar pedagoglarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda. Shu bilan birga, amaliyotda ayrim huquqiy normalarni qo‘llash jarayonida moddiy yordam tayinlash bilan bog‘liq bahsli holatlar uchrab, xodimlarning qonuniy manfaatlari to‘liq ta’minlanishiga to’sqinlik qilayotgan holatlar ham uchramoqda.

Xususan, pedagog xodimlarga og‘ir kasalliklar munosabati bilan moddiy yordam ko‘rsatish masalasida kasallik tashxisi va uning inson salomatligiga ta’sir darajasi yetarli darajada hisobga olinmasligi amaliy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ayrim hollarda fuqarolarda hayot uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar aniqlangan bo‘lishiga qaramasdan, amaldagi tartib-taomillar va mezonlar sababli moddiy yordam olish imkoniyati cheklanib qolmoqda.

Ayniqsa, miokard infarkti kabi yurak-qon tomir tizimining og‘ir kasalliklarini boshdan kechirgan pedagog xodimlarga nisbatan moddiy yordam tayinlashda kasallikning o‘zi emas, balki tibbiy hujjatlardagi ayrim ko‘rsatkichlarga ustuvor ahamiyat berilishi huquqni qo‘llash amaliyotida mavjud bo‘shliqlarni namoyon etmoqda. Natijada og‘ir kasallikni boshdan kechirgan xodimlarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashda muammoli vaziyatlarni keltirib chiqarmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qaroriga 1-ilova etib, umumiy o’rta ta’lim muassasalarining o’rnak ko’rsatgan xodimlarini rag’batlantirishning director jamg’armasini tashkil etish va uning mablag’laridan foydalanish tartibi tog’risida nizom belgilangan. Ushbu nizomning 33-bandida Umumtaʼlim muassasalari xodimlariga moddiy yordam xodimning oʻzi yoki yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandi) vafot etganda, ogʻir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar koʻrganda koʻrsatiladi.

Bunda kalendar yili davomida bir xodimga toʻlanadigan moddiy yordamlarning jami miqdori uning lavozim maoshi (oʻqituvchining tarif stavkasi) miqdorining ikki barobaridan oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi deb norma kiritilgan.

Ushbu normani huquqiy jihatdan sharhlaydigan bo’lsak, xodimlarga moddiy yordam maktablarda direktor jamg‘armasidan beriladi. Moddiy yordam olish uchun xodim shu tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashi va moddiy yordam olish uchun asos bo‘ladigan holatlar sodir bo‘lishining o‘zi yetarli.

Shunga ko‘ra moddiy yordam olish uchun ariza yozish kerak. Bunda Vazirlar Mahkamasining 02.08.2022 yildagi 425-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 30.09.2019 yildagi 823-son qarori 33-bandiga o’zgartirish kiritilgan. Unga ko’ra umumta’lim muassasalari xodimla moddiy yordam kalendar yili davomida ikki lavozim maoshi (o’qituvchining tariff stavkasi) miqdorigacha quyidagi holatlarda beriladi:

1) xodimning o’zi va yaqin qarindoshi (otasi,onasi,turmush o’rtog’I, farzandi) vafot etganda, 2)og’ir kasallikka chalinganda, 3) xodim tabiy ofatdan zarar ko’rganda

Qoidaning mazmuniga ko’ra xodim maktabda mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan davrda yuqoridagi holatlardan biri sodir bo’lsa, direktor jamg’armasidan mablag’ yetarli bo’lgan taqdirda xodim 2 lavozim maoshi miqdorigacha moddiy yordam olishga haqli. Bunda xodim moddiy yordam berish bo’yicha ishchi guruh asosida direktor buyruq chiqaradi. Yuqoridagi holatlardan biri mavjud bo’lganda o’qituvchilar moddiy yordam olishlari mumkin.

Shu o’rinda o’g’ir kasallik tushunchasiga tarif beradigan bo’lsak, og’ir kasallik - o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan va insonning kundalik faoliyatiga yoki hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yoki ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga haddan tashqari qiyinchilik kelib chiqaradigan, ba’zan nogironlikka olib keluvchi sog‘liq holati hisoblanadi.

Bugungi kunda og’ir kasalliklarni aniqlab, xodim uchun moddiy yordam puli ajratishda muammoli vaziyat bo’ladigan holatlar kuzatiladi. Chunki umumiy o’rta ta’lim muassasalarining o’rnak ko’rsatgan xodimlarini rag’batlantirishning director jamg’armasini tashkil etish va uning mablag’laridan foydalanish tartibi tog’risida nizom 33-bandida og’ir kasallikga chalinganda ham moddiy yordam puli ajratilishi ko’rsatib o’tilgan bo’lsada, og’ir kasallik ro’yxati yoki qanday yo’l bilan aniqlash asosi keltirilmagan.

Amaliyotda kuzatilgan vaziyatlardan biri shuni ko’rsatadiki: Umumiy o’rta ta’lim maktabi o’qituvchisi 103-TEZ YORDAM mashinasida og’ir axvolda kasalxonaga olib borilgan. Tashxislar natijasida yurak chap qorincha oldingi cho’qqi va yon devorlari Q-tishchali o’tkir miokart infarkti. Gipertoniya kasalligi III-bosqich etib ko’rsatilgan va asorati; o’tkir yurak yetishmovchili IV sinf etib baholangan.

Miokard infarkti (yurak xuruji deb ham ataladi) - yurak mushagi ishemiyasining o'tkir davri bo'lib, u qon ta'minoti buzilganida qon yurakka oqishining to'xtashi bilan tavsiflanadi. Agar o'n besh daqiqa ichida qon yana oqishni boshlamasa, yurakning bir qismi o'ladi (yurak mushaklari nekrozi). Bu yurakning o'lik to'qimalarga ega bo'lgan qismi bo'lib, miokard infarkti deb ataladi. Nekroz keng yoki kichik o'choqli bo'lishi mumkin. Nekrozning joylashishiga ko'ra: old tomon miokard infarkti, yon tomon miokard infarkti va interventrikulyar infarktlar mavjud. 60 yoshgacha bo`lgan erkaklarda miokard infarkti xuddi shu yoshdagi ayollarga qaraganda besh marta tez-tez uchraydi. Bu erkaklarda aterosklerozning erta rivojlanishi bilan bog'liq.

Tashxislarni kuzatgan holda gipertoniya kasalligining o’ziga to’xtalib o’tadigan bo’lsak, Gipertoniya— qon tomirlarning nerv-funksional faoliyati buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallikdir. Kasallik asosan 40 yoshdan kattalarda uchraydi, lekin so’nggi yillarda yoshlarda ham tez-tez kuzatilishi qayd qilinmoqda. Gipertoniyadan ayollar ham, erkaklar ham bir xil aziyat chekishadi. Bu kasallik yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bilan kasallangan odamlar ichida etakchi o’lim sabablaridan hisoblanadi. Bu hayot uchun o’ta xavfli hisoblanadi, chunki toraygan qon tomirlar orqali miya, yurak, buyraklarning bir qismiga qonning bormay qolishi yoki yetarli bormasligi kuzatiladi. Agar qon tomir devorlarida tromb va xolesterin to’planmalari bo’lsa, ular kuchli bosim vaqtida ajralib, kapillyar qon tomirlarda tiqilib, qon o’tishiga to’sqinlik qilishi mumkin. Bu holda miokard infarkti yoki insult yuzaga keladi.

Tashxislar bemorning kasalligini og’ir ekanligini ko’rsatib tursada, moddiy yordam puli ajratish bo’yicha yo’llangan arizaga rad javob berilgan. O’qituvchiga yo’llangan rad javobi asosida shunday yozilgan: Umumiy o'rta ta'lim muassasalarining o'rnak ko'rsatgan xodimlarini rag'batlantirishning direktor jamg'armasini tashkil etish va uning mablag'laridan foydalanish tartibi to'g'risida NIZOMning 33-bandida Umumta'lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam xodimning o'zi yoki yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o'rtog'i, farzandi) vafot etganda, og'ir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar ko'rganda ko'rsatiladi deb belgilangan ammo kasallik tarixidan ko'chirma ko'zdan kechirilganda umumiy axvoli og'ir deb belgilanmagan ushbu holatda moddiy yordam berish ushbu band talablariga muvofiq emas deb asoslangan.

Huquqiy tahlil: Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2008-yil 13-avgustdagi 12 va 9-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalar mavjud bo’lib. Ushbu qoidalarning “Qon aylanish a’zolarining kasalliklari” bo’limida og’ir kasallik sifatida quyidagi kasalliklar ham kiritilgan. 6.2. Gipertoniya kasalligining III-bosqichi: a) yurak ritmining turgʻun buzilishi va qon aylanishining kuchayib boruvchi yetishmovchiligi boʻlgan oʻtkir transmural yoki katta oʻchoqli qaytalangan miokard infarkti bilan; b) qon aylanishi yetishmovchiligining III-bosqichi bilan; v) surunkali buyrak yetishmovchiligining III-bosqichi bilan

Shu bilan bir qatorda Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilova etib Nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarning ro’yxati belgilangan va 59-bandida: Miokard infarktini boshdan kechirgan shaxslarda surunkali yurak yetishmovchiligi 3 funksional sinf IV (NYNA boʻyicha) barqaror buzilishida deb belgilab qo’yilgan.

Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘tkir miokard infarkti va uning asoratlari amaldagi qonunchilikda oddiy kasallik sifatida emas, balki inson hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir kasalliklar qatorida e'tirof etilgan.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2008-yil 13-avgustdagi 12 va 9-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalarning “Qon aylanish a'zolarining kasalliklari” bo‘limida miokard infarkti bilan bog‘liq holatlar og‘ir kasalliklar tarkibiga kiritilgan bo‘lsa, Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda esa miokard infarktini boshdan kechirgan shaxslarda yuzaga keladigan surunkali yurak yetishmovchiligi nogironlik belgilari va noxush klinik prognozga ega kasalliklar qatorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur holat qonunchilikning turli sohalarida miokard infarkti va uning oqibatlari og‘ir tibbiy holat sifatida tan olinayotganini ko‘rsatadi. Shunday ekan, Umumta'lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam tayinlash masalasini hal etishda ham kasallikning og‘irligi ushbu normativ hujjatlarda shakllangan tibbiy-huquqiy yondashuvlar asosida baholanishi lozim. Aks holda, og‘ir kasallik tashxisi mavjud bo‘lishiga qaramasdan, faqat tibbiy hujjatda “umumiy ahvoli og‘ir” degan qayd mavjud emasligi vaj qilib moddiy yordamni rad etish qonunchilikning ijtimoiy himoya maqsadiga hamda huquqiy normalarning mazmuniga to‘liq mos kelmaydi.

Demak, Nizomning 33-bandini qo‘llashda “og‘ir kasallikka chalinganlik” mezoni kasallik tashxisi va uning tibbiy oqibatlaridan kelib chiqib baholanishi, “bemorning umumiy ahvoli og‘irligi” esa qo‘shimcha klinik ko‘rsatkich sifatida qaralishi maqsadga muvofiqdir. Bu esa ta'lim xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, moddiy yordam tayinlash amaliyotida adolat va huquqiy aniqlikni ta'minlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda,huquqiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, Nizomning 33-bandida moddiy yordam ko‘rsatish uchun asos sifatida "xodimning og‘ir kasallikka chalinganligi" belgilangan. Mazkur normada "kasallik tarixi yoki boshqa tibbiy hujjatlarda bemorning umumiy ahvoli og‘ir deb baholangan bo‘lishi" talabi nazarda tutilmagan.

Qiyosiy tahlil: "Og‘ir kasallikka chalinganlik" tushunchasi kasallikning turi, uning inson hayoti va sog‘ligiga xavflilik darajasi hamda davolanishning murakkabligi bilan bog‘liq bo‘lsa, "bemorning umumiy ahvoli og‘irligi" ma'lum bir vaqt oralig‘ida shifokor tomonidan bemorning klinik holatiga berilgan tibbiy bahoni anglatadi. Shu sababli ushbu ikki tushuncha mazmunan va huquqiy jihatdan bir-biridan farq qiladi.

Huquq nazariyasiga ko‘ra, normani qo‘llashda unda bevosita nazarda tutilmagan qo‘shimcha shartlarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nizomning 33-bandida faqat "og‘ir kasallikka chalinganlik" nazarda tutilgan ekan, "umumiy ahvoli og‘ir deb qayd etilgan bo‘lishi" talabini qo‘shimcha mezon sifatida qo‘llash normaning mazmunini toraytirishga olib keladi.

Masalan, o‘tkir miokard infarkti tashxisi qo‘yilgan bemor shoshilinch tibbiy yordam va statsionar davolanishni talab qiladigan og‘ir kasallikka chalingan hisoblanadi. Biroq davolash natijasida uning umumiy ahvoli qisqa muddat ichida o‘rtacha og‘ir yoki qoniqarli holatga o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Bu holat kasallikning og‘irligini inkor etmaydi va bemorning og‘ir kasallikka chalinganligi faktini bekor qilmaydi. Shunday ekan, kasallik tarixida "umumiy ahvoli og‘ir" degan qayd mavjud emasligi xodimning og‘ir kasallikka chalinmaganligini anglatmaydi. Bundan tashqari Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ham: Yurak-qon tomir kasalliklari (YQK) butun dunyoda o’limning asosiy sabablaridir digan fikrni ilgari suradi.

Taklif va tafsiyalar: Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 33-bandiga asosida quyidagi takliflarni ilgari surish maqsadga muvofiq deb hisoblayman.

Birinchidan, Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 33-bandida "og‘ir kasallik" tushunchasiga huquqiy ta'rif berilishi lozim.

Ikkinchidan, moddiy yordam tayinlashda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish maqsadida og‘ir kasalliklarning tavsiyaviy yoki namunaviy ro‘yxatini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Bunda miokard infarkti, insult, onkologik kasalliklar va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklar alohida ko‘rsatib o‘tilishi zarur.

Uchinchidan, moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqishda asosiy mezon sifatida bemorning tashxisi va kasallikning tibbiy tavsifiga ustuvor ahamiyat berilishi, "umumiy ahvoli og‘ir" degan qayd esa qo‘shimcha baholash mezoni sifatida qo‘llanilishi lozim.

To‘rtinchidan, Nizomning 33-bandiga "og‘ir kasallikka chalinganlik tibbiy muassasaning tegishli xulosasi yoki tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlanadi" degan normani kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu esa amaliyotda turlicha talqinlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Beshinchidan, moddiy yordam ajratishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlarda faqat formal mezonlarga emas, balki kasallikning inson sog‘lig‘i va mehnat faoliyatiga ta'sirini har tomonlama baholash talabini joriy etish lozim.

Oltinchidan, moddiy yordam tayinlash masalasini hal etishda asosiy mezon sifatida shifokorning bemorning "umumiy ahvoli og‘ir", "o‘rtacha og‘ir" yoki "qoniqarli" ekanligi haqidagi subyektiv xulosasiga tayanish maqsadga muvofiq emas. Chunki bemorning umumiy ahvolini baholashda inson omili mavjud bo‘lib, bu turli tibbiyot muassasalari yoki mutaxassislar tomonidan bir xil holatga nisbatan turlicha xulosalar berilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holat esa moddiy yordam tayinlash jarayonida subyektiv yondashuv, manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning yuzaga kelishiga sharoit yaratadi. Shu sababli moddiy yordam ajratishda bemorning muayyan vaqtdagi klinik holatiga ko‘ra, tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlangan tashxis, kasallikning og‘irlik darajasi va uning normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan mezonlarga muvofiqligi asosiy mezon sifatida belgilanishi lozim. Bu esa qaror qabul qilishda inson omilini kamaytirish, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish hamda barcha xodimlarga nisbatan teng va adolatli yondashuvni ta'minlashga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 30.09.2019 yildagi 823-son

2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining qarori, 09.09.2008 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 1854

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 08.02.2022 yildagi 62-son

4. National Center for Biotechnology Information (NCBI) Bookshelf

5. Harrison's Principles of Internal Medicine. New York: McG

6. Braunwald's Heart Disease: A Textbook of Cardiovascular Medicine. Philadelphia:

7. Oxford Textbook of Palliative Medicine. Oxford University Press, 2021.

8. Qo’qon Davlat Pedagogika institute ilmiy xabarlar (2026 y. 2-son)

Foydalanilgan saytlar:

1. Lex.uz

2. kun.uz

3. mymedic.uz

4. yuristpro.uz

5. med24.uz

6. apollohospitals.com

7.who.int7

8.pmc.ncbi.nlm.nih.gov

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Nazirov Nazarbek Uchqunjon O'g'li

Guruh starostasi · Ilmiy maqola muallifi · Tennis va shaxmat ishqibozi

Hoziroq ariza qoldirish