Liderlar Online2 daqiqa

Yoshlik — imkoniyat va intilish davri

Yoshlarning shaxsiy rivojlanishi, o‘ziga ishonchi va kelajak sari intilishi

Kirob o'qishdan va kelajagi uchun harakat qilishdan cho'chimaydigan yoshlar tasvirlangan
Kirob o'qishdan va kelajagi uchun harakat qilishdan cho'chimaydigan yoshlar tasvirlangan

" Yoshlik — imkoniyat va intilish davri ".

Yoshlik — inson hayotidagi eng muhim davrlardan biri. Bu davrda insonning dunyoqarashi shakllanadi, fikrlash qobiliyati rivojlanadi va kelajakdagi maqsadlari belgilanadi. Yoshlikni qanday o‘tkazish ko‘p jihatdan insonning o‘ziga, uning intilishlari va qabul qiladigan qarorlariga bog‘liq.

Inson xato qilishdan qo‘rqmasligi, aksincha, har bir xatosidan saboq chiqarib, yana oyoqqa turishni o‘rganishi kerak. Chunki hayotda muvaffaqiyatga erishish har doim ham oson kechmaydi. Ba’zan insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi susayishi yoki maqsadlariga erishish yo‘lida turli qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Ana shunday paytlarda uni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan va unga ishonch bag‘ishlaydigan yaqinlarning borligi muhimdir.

Bugungi qiyinchiliklar ertangi muvaffaqiyat uchun tajriba va saboq bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, inson duch kelgan to‘siqlar sababli o‘z maqsadlaridan voz kechmasligi, o‘z ustida ishlashda davom etishi va kelajakka ishonch bilan intilishidir.

Hozirgi kunda yoshlar orasida o‘ziga ishonchsizlik, muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqish va boshqalarning fikriga ortiqcha e’tibor berish kabi holatlarni uchratish mumkin. Bunday muammolarni yengishda insonning o‘z ustida ishlashi, sabrli bo‘lishi, vaqtni qadrlashi va o‘z imkoniyatlariga to‘g‘ri baho berishi muhim ahamiyatga ega.

Eng muhimi, inson o‘z qobiliyatlarini boshqalarning qobiliyatlari bilan solishtirmasligi kerak. Chunki har bir inson o‘ziga xos qobiliyat, dunyoqarash va hayotiy tajribaga ega. Shuningdek, odamlarning oilaviy muhiti va imkoniyatlari ham bir-biridan farq qiladi. Shu sababli har kim o‘z yo‘lini topishi, o‘z imkoniyatlaridan foydalanishi va shaxsiy rivojlanishiga e’tibor qaratishi lozim.

Insonning qadri boshqalardan ustunligida emas, balki o‘z imkoniyatlarini anglab, kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intilishidadir. Har bir insonning o‘z yo‘li, o‘ziga xos qobiliyatlari va erishishi mumkin bo‘lgan maqsadlari bor. Boshqalarning muvaffaqiyatini ko‘rib, o‘zini kamsitish o‘rniga, ulardan ilhom olish va o‘z ustida ishlashga intilish muhimdir. Zero, haqiqiy rivojlanish boshqalar bilan raqobatlashishdan emas, balki o‘z kamchiliklarini anglash va ularni bartaraf etishga harakat qilishdan boshlanadi.

Har bir inson xato qilishi mumkin. Muhimi, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, ulardan saboq olish va harakatdan to‘xtamaslikdir. Maqsad sari izchil intilish, bilim olish va o‘z ustida ishlash insonning kelajagini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytganda,

Yoshlik — imkoniyatlardan foydalanish, bilim olish, tajriba orttirish va kelajak uchun mustahkam poydevor yaratish davridir. Har bir yosh o‘ziga ishonishi, vaqtini qadrlashi va qiyinchiliklarga duch kelganda ham rivojlanishdan to‘xtamasligi kerak. Hayotda hamma narsaga birdaniga erishib bo‘lmaydi, ammo sabr, mehnat va qat’iyat insonni o‘z maqsadlariga yaqinlashtiradi.

Shuni unutmaslik kerakki, bugungi kichik qadamlar ertangi katta natijalarning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, o‘z imkoniyatlaringga ishon, o‘zingni boshqalar bilan emas, kechagi holating bilan solishtir va orzularing sari intilishdan to‘xtama.

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Ergasheva Zilola G'ayrat Qizi

Rus tili filologiyasi talabasi · Kitobxon · Sabrli · Muloqotga ochiq · Yoshlar loyihalari tashabbuskori

Hoziroq ariza qoldirish