
Yosh lider
Umumiy reytingda
Umumiy reyting
Sahifa ko'rishlari
Odilova Ruxshona Odil qizi 2007-yil 9-iyunda Navoiy viloyati Karmana tumanida tavallud topgan. Hozirda u Navoiy davlat universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili yo‘nalishi bo‘yicha 2-bosqich talabasi sifatida tahsil olmoqda.
Ruxshona Odilova bolaligini Navoiy viloyatining Karmana tumanida o‘tkazgan. U yoshligidanoq kitoblarga mehr qo‘ygan va doimo bilim olishga intilgan. Uning badiiy hamda ilmiy dunyoqarashi shakllanishida bolalikdan o‘qigan hikoyalari, afsonalari va adabiy asarlari muhim rol o‘ynagan. Ruxshona o‘smirlik yillaridanoq mutolaa qilish, musiqiy ohanglarni tinglash hamda ijod qilishga alohida ishtiyoq bilan qaragan. Shu davrda turli tanlov va tadbirlarda faol ishtirok etgani uning ijodiy yo‘lida mustahkam poydevor bo‘ldi. Ruxshonaning o‘zi bolalik va o‘smirlik yillarini yodga olib: “Adabiyot — hayotimning maʼnosi”, — deya taʼkidlaydi.
U Navoiy davlat universitetining bakalavriat bosqichida tahsil olib, Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishi bo‘yicha 2-kurs talabasi hisoblanadi. O'qish jarayonida Ruxshona o'z ustida tinimsiz ishlab, bilim va ko'nikmalarini muntazam ravishda oshirib boradi. Talabalik yillaridan boshlab uzluksiz ilmiy izlanishlar olib borib, o'z sohasi bo'yicha ilmiy maqolalar tayyorlagan va nashr ettirgan.Shuningdek, u faqatgina ta'lim olish bilan cheklanib qolmay, turli jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, universitetning Intellektual loyihalar kengashi a’zosi sifatida yoshlar uchun turli ma'rifiy va intellektual tadbirlarni tashkil etishda yetakchilik qilib, faoliyat yuritmoqda.
Ruxshona o‘z faoliyatini adabiy ijod va jamoat ishlari bilan uyg‘un holda olib bormoqda. Uning dastlabki ijodiy namunalari 2024-yilda "Xorazm" nashriyotida chop etilgan "Birlashgan maqsadlar" antologiyasidan o‘rin olgan. Shuningdek, u 2024-yil 22-iyulda yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini oshirish va kitobxonlarni birlashtirish maqsadida "BookFam / Kitobxo‘rlar oilasi" onlayn loyihasiga asos solgan va turli ma'rifiy tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
Uning ilmiy va adabiy izlanishlari natijasi o‘laroq, "Millat umidi" (Mee Bee) hamda "Millat tayanchi" nashrlarida ilmiy maqolalari chop etilgan. 2026-yil oktyabr oyida esa O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan "Uyg‘onish ilhomlari" yoshlar adabiy tanlovining tuman bosqichida nasr yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rinni egallab, viloyat bosqichida ham munosib qatnashgan.
Ruxshona hozirda matbaa va print biznesi yo‘nalishida ham faoliyat yuritib kelmoqda. U ushbu faoliyatini kelajakda shaxsiy kitob do‘konini ochish va o‘z nashriyot ishlarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim tajriba va amaliy poydevor deb biladi. Ruxshona o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘ygan holda, ularga erishishda zamonaviy talablar hamda innovatsion yondashuvlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratadi. Uning eng ustuvor rejaridan biri — "BookFam / Kitobxo‘rlar oilasi" loyihasini mamlakatimiz miqyosidagi yirik kitobxonlik harakatiga aylantirishdir.
Ruxshonaning hayotiy e’tiqod va tamoyillari uning har bir qadamida yaqqol aks etadi. Uning bosh shiori: “Adabiyot — bu jamiyatning eng kuchli sudi, filolog esa inson ruhiyati va adolatning eng o‘tkir himoyachisidir. Bu hayotda adolat izlama. Izlayotgan adolating o‘zing bo‘l!”
U doimo o‘z ustida ishlash, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash hamda ijtimoiy mas’uliyatni his etgan holda harakat qilishni afzal biladi. Ruxshona yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirishga tinimsiz intilib, atrofdagilar hamda o‘zidan keyingi yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lishga intiladi. Uning yuksak mas’uliyatliligi, tashkilotchiligi va samimiy yetakchilik sifatlari hamkasblari hamda tengdoshlari orasida alohida e’tirof etiladi.
Ruxshona o‘z orttirgan tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, tengdoshlari va boshqa yoshlarni ma’rifat hamda harakat sari chorlaydi. U ilm olish va yuksak maqsadlarga erishish har bir insonning o‘z qo‘lida ekanligini ta’kidlaydi: “Har doim ilm olishga intiling va o‘z oldingizga ulkan maqsadlar qo‘ying. Qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan, o‘z ustingizda tinimsiz ishlab, doimo oldinga qarab harakat qiling”, — deydi u. Uning ishonchi komilki, uzluksiz bilim olish hamda o‘z ustida tinimsiz ishlash har bir yoshni muvaffaqiyat va yuksak marralarga yetaklaydi.
Ruxshona Odilova bugungi kunda nafaqat filologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda, balki jamoatchilik va adabiy ijod yo‘nalishlarida ham faoliyatini jadal davom ettirmoqda. U o‘zining "BookFam / Kitobxo‘rlar oilasi" loyihasi ko‘lamini kengaytirib, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va ma’rifatni targ‘ib etishga qaratilgan yirik tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Doimiy ravishda o‘z bilimini oshirib borishi, yangicha g‘oyalarga ochiqligi hamda yuksak mas’uliyati Ruxshonaning kelajakda yanada ulkan muvaffaqiyatlarga erishishidan dalolat beradi.
Nomzod oylik yangilanish orqali ma'lumot yuborganidan va tahririyat tasdiqlaganidan so'ng bu yerda ko'rinadi.