Laziza koreys tilidan o‘quvchilarga dars berish jarayonida muvaffaqiyatlarga erishib, o‘z bilim va qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga intilgan. U 2021-yilda International Korean Education Youth Camp dasturida ishtirok etib, sertifikat bilan taqdirlangan. 2023-yilda Global Hanbok Foto Contest tanlovida 6-o‘rinni, 2024-yilda esa Incheon ta’lim festivalida 5-o‘rinni egallagan. Shuningdek, ushbu festivaldagi yutug‘i evaziga Janubiy Koreyaning mashhur Seul, Incheon va Busan shaharlariga bepul sayohat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Laziza xorijiy tillar bilan bir qatorda boshqa fanlarni ham puxta o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratgan. U ingliz tilidan CEFR B2 darajasidagi sertifikat hamda IELTS 6.5 natijasiga ega. Bundan tashqari, ona tili va adabiyot fanidan A darajali, matematikadan C+ darajali, tarix fanidan esa C darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Ushbu yutuqlar uning bilim olishga bo‘lgan intilishi, tirishqoqligi va o‘z ustida muntazam ishlashining natijasidir.