Abdiraximova Sohiba Sherzod Qizi
Abdiraximova Sohiba Sherzod qizi 2008-yil 16-yanvarda Navoiy viloyati, Navoiy shahrida tug‘ilgan. U ayni damda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakultetining 1-kursida tahsil oladi. Navoiy shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagan.
Sohiba 16 yoshidan beri tarix fanidan dars berib keladi. Hozirgacha 350 dan ortiq o‘quvchiga dars berib, 250 dan ortiq o‘quvchining Milliy sertifikatdan yuqori natija olishiga yordam bergan. U xalqaro olimpiada ishtirokchilariga mentorlik qilgan hamda tarix fanidan olimpiadada 1-o‘rin sohibasi bo‘lgan. Hozirgi kunda YouTube, Ustoz AI va Telegram tarmoqlarida video darsliklarini joylashtirib boradi. U tarix fanidan dars berishni 2 nafar o‘quvchi bilan boshlagan, keyinchalik esa butun viloyatdan o‘quvchilar undan dars olish uchun kelgan.
Uning hayotida ota-onasi katta rol o‘ynagan: ular uni har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlab, bilim olishi va bilimlarini boshqalarga ulashishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Sohiba maktabda o‘qib, bir vaqtning o‘zida o‘qituvchilik qilgan; o‘quvchilarining 60 foizining yoshi u bilan teng bo‘lgan. U rus, ingliz va turk tillarida erkin gaplasha oladi.
Bo‘sh vaqtida til o‘rganish, kitob o‘qish, siyosat va xalqaro munosabatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. U kelajakda xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib, O‘zbekistonni xalqaro maydonda munosib namoyon etishni istaydi. Nufuzli xorijiy universitetlarda ta’lim olish, bir nechta tillarni mukammal egallash, xalqaro loyihalarda faol ishtirok etish, yoshlarning ta’limi va rivojiga hissa qo‘shish hamda tarixni zamonaviy texnologiyalar orqali ommalashtiradigan loyihalarni rivojlantirish uning asosiy maqsadlaridandir.
