Axmatova Vazira Sarvar Qizi
Axmatova Vazira Sarvar qizi 2007-yil 28-dekabrda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Miraki MFYda tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahrida yashaydi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 1-ingliz filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabasi bo‘lib, Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishida tahsil oladi.
U 2023-yildan boshlab ingliz tili va ona tili fanlaridan qo‘shimcha darslarga qatnay boshlagan. 2 yil ichida 2 ta sertifikatni qo‘lga kiritgan. Jumladan, ingliz tilidan B2 sertifikati hamda ona tilidan Milliy sertifikatning B darajasiga ega. U o‘qishga kirish uchun astoydil harakat qilgan, bilim va tajribasini oshirgan hamda maqsadiga erishgan. Hozirda kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun tinimsiz o‘qib, o‘z ustida ishlamoqda. Shuningdek, universitetidagi turli zakovat intellektual o‘yinlarida ishtirok etmoqda.
Vaziraning hayotiga uning ta’lim olishi uchun o‘z orzularidan voz kechib harakat qilayotgan otasi hamda uni doimo qo‘llab-quvvatlayotgan onasi katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning hayotiy prinsipi: «Bugungi mehnat — kelajakdagi natijaning boshlanishi».
Bo‘sh vaqtida u ko‘proq o‘z ustida ishlaydi, kitob o‘qiydi va gohida rasm chizadi. Rasm chizish uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi. U odamlar bilan tez kirishib ketadigan inson bo‘lib, tartibni yaxshi ko‘radi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun mas’uliyatli bo‘lish, o‘ziga ishonish va boshqalar bilan samarali muloqot qila olish muhim. Boshqalar undan sabrli bo‘lish va hech qachon orzularidan voz kechmaslik kerakligini o‘rganishlari mumkin.
U kelajakda IELTS 9 va boshqa xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishni, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishni rejalashtiradi. Bundan tashqari, chet el sayohatlariga chiqib, dunyoni ko‘rishni istaydi.
«Har doim qo‘lingda kitob, qalbingda orzu, ko‘nglingda ishonch bo‘lsin. Chunki bugungi harakating ertangi muvaffaqiyatingning kalitidir.»
