A'zamova Kamola Farhod Qizi
A'zamova Kamola Farhod qizi 2008-yil 13-martda Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Hozirda Navoiy viloyatida yashaydi.
U Navoiy viloyati Nurota tumanidagi 6-maktab bitiruvchisi. Ta’lim darajasi — talaba. 1-kursda Navoiy innovatsiyalar universiteti talabasi bo‘lgan, 2-kursda esa Navoiy davlat universitetida Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishida tahsil oladi.
Kamola maktab davrida turli fan to‘garaklarida faol ishtirok etib, fanlarni o‘rgangan. U 10-sinfda Nurota tumanidagi "Nani school" o‘quv markazida ingliz tili fanidan kursga qatnashishni boshlagan. 11-sinfda esa ona tili fanidan milliy sertifikat guruhi kursiga qatnashgan.
U maktabda 9-sinfda tuman fan olimpiadasining ingliz tili yo‘nalishida 1-o‘rinni egallagan. Maktabni to‘liq 5 baho va namunali xulq bilan tamomlagani sababli oltin medal sohibasi bo‘lgan. Ingliz tili fanidan "B1" sertifikat, ona tili fanidan esa "B" sertifikat sohibasi. 1-kursda 3 ta ilmiy maqola muallifi bo‘lgan, 50 foizli (7,5 million) grant hamda 3 millionlik rektor stipendiyasini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 1-kursni to‘liq 5 bahoga o‘qib, 2-kursda NavDUga perevod qilgan.
Uning hayotida, avvalo, onasi va barcha oila a’zolari yuksalishi uchun tirgak bo‘lgan insonlar hisoblanadi. Uning hayotdagi eng muhim shiori: "Inson ilm sari intilishi, tavakkal qilishi va har qanday to‘siq hamda mag‘lubiyatga tayyor turgan holda, o‘z maqsadiga yetgunicha harakatdan to‘xtamasligi lozim."
Bo‘sh vaqtida Kamola kitob o‘qiydi, turli qiziqarli filmlarni tomosha qiladi, musiqa eshitadi, shuningdek, yurtimizda zamonaviylik va milliylikni uyg‘unlashtirgan holda kashtachilik liboslari hamda kostyumlarini tikadi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun qat’iyatli, shijoatkor va izlanuvchan bo‘lish, jamoaviy ishlash hamda nutq san’atini rivojlantirish, ko‘plab tajribalar orttirish zarur.
Uning kelajakdagi reja va orzulari bakalavr darajasini qizil diplom bilan tamomlash, magistratura va doktorantura ta’limini o‘rganib, "Fan doktori" unvoniga sazovor bo‘lish, IELTSdan 9 ball olish, rus, turk hamda koreys tillarini o‘rganish, ko‘plab davlatlarga sayohat qilish va tajriba almashish uchun tashrif buyurishdan iborat. U ushbu tajribalarni yurtimizda qo‘llab, O‘zbekistonning yanada yuksalishi uchun o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.
Kamola ko‘plab tanlov va musobaqalarda ishtirok etgan. Muhim imtihonlarda 7 marta muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, har bir yiqilishdan tajriba orttirib, ulardan yetarlicha xulosa olishni o‘rgangan. U ilm yo‘lida yiqilish muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi kichik to‘siqlar ekanini anglagan. Uning fikricha, mag‘lubiyatga duch kelganda o‘zini tiklab, to‘xtab qolmaslik uchun kuch yig‘a bilish, intilish va maqsadga erishish muhimdir.
