Bahromova Zulfizar Abror qizi
Bahromova Zulfizar Abror qizi 07.11.2007-yilda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tug‘ilgan. U yozda Ohangaron tumanida ota-onasi bilan yashaydi, qolgan paytlarda esa institutga yaqin bo‘lishi uchun Toshkent shahrining Chilonzor tumanida istiqomat qiladi.
U Ohangaron tumanidagi 7-sonli maktabni tugatgan. Hozirda Toshkent kimyo-texnologiya institutining 2-bosqich talabasi bo‘lib, kimyo muhandisligi, ya’ni injenerlik yo‘nalishida tahsil oladi. U o‘qishga grant asosida kirgan va bu yil ham 100 foizlik grantni qo‘lga kiritgan.
Zulfizar Bahromova asosiy faoliyatini o‘qishga kirgach boshlagan. Abituriyentlik davrida esa qiziqib, internet orqali izlanib ma’lumotlar to‘plab yurgan. U turli startap loyihalar egasi bo‘lib, o‘zi yaratgan loyiha va g‘oyalari bilan turli tanlovlarda qatnashib kelmoqda. Jumladan, har yili o‘tkaziladigan “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Eng yaxshi g‘oya” hamda institut ichida o‘tkaziladigan “Oliygoh kubogi” kabi bir qator tanlovlarda yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.
U Toshkent shahridagi institut va universitetlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yoshlar — giyohvandlikka qarshimiz” ko‘rik-tanlovining insho yozish yo‘nalishida institut bosqichida 1-o‘rinni, Toshkent shahridagi barcha institut va universitetlar orasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, chet el davlatlarida bo‘ladigan onlayn test va tanlovlarda qatnashib, sertifikatlar olmoqda.
U erishgan yutuqlari uchun avvalo ota-onasiga, ularning bergan ishonchi va yaratgan sharoiti uchun minnatdor. Uning hayotdagi ibrat namunasi amakisi. U ikkilanib yoki qo‘rqib qolganida amakisi: “Faqat oldinga qarab yur, hech nimadan qo‘rqma, orqangda tog‘dek akang bor”, deydi. Oilasi va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi unga doimo yuksalishga intilishda kuch beradi. Oilasi uning ilm olishi uchun hech qanday to‘siq qo‘ymagan, hamma narsa uchun ruxsat berib, o‘zini o‘zi yaratishi uchun yo‘l ochib bergan.
Uning hayotiy prinsipi: “Qo‘rquvga qaramay qadam tashlash va har kuni kechagi o‘zimdan yaxshiroq bo‘lish.” Uning fikricha, lider uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, tashabbus ko‘rsatish, odamlarni tinglay bilish va qiyinchiliklardan qo‘rqmay qaror qabul qilish muhimdir.
Bo‘sh vaqtida Zulfizar turli sohalarda volontyorlik qiladi, o‘z ustida ishlaydi va kitob o‘qiydi. U hozirda turk va ingliz tillarini o‘rganmoqda, yaqin orada nemis tilini o‘rganishni ham niyat qilgan. U futbolga juda qiziqadi, O‘zbekiston o‘yinlarini stadionda tomosha qilishga harakat qiladi. Shuningdek, she’r o‘qishga qiziqadi. Oilasi bilan Muhammad Yusuf ijodini juda yoqtiradi va uning juda ko‘p she’rlarini yoddan biladi. Bobosi, buvisi va ammalari o‘qituvchi bo‘lgani sababli, oilasi juda kitobxon.
Kelajakda u ota-onasi va yurtiga nafi tegadigan, o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishni maqsad qilgan. Hozirda bakalavr bosqichida tahsil olayotgan Zulfizar Erasmus tanlovida g‘olib bo‘lib, chet elda o‘qishni, magistraturani esa albatta chet elda o‘qib kelishni rejalashtirgan. U sayohat qilishni juda yoqtiradi va sayohat qilib, travel blog yuritmoqchi. Shuningdek, o‘z mahallasi va shahrida katta kutubxona ochib, kitob o‘qishni yoqtiradigan kitobxonlar uchun barcha sharoitlarni yaratishni istaydi. Uning fikricha, tafakkurni oshiradigan va dunyoqarashni kengaytiradigan vosita — kitobdir.
U o‘z ustida ishlash, ta’lim olish, yangi imkoniyatlardan qo‘rqmaslik, muvaffaqiyatsizlikdan keyin taslim bo‘lmaslik va katta maqsadlarga bosqichma-bosqich erishish borasidagi tajribasini boshqalar bilan bo‘lisha oladi.
