Boyturayeva Nozima Muxammatali qizi
Boyturayeva Nozima Muxammatali qizi 20.03.1998-yilda Namangan viloyati Pop tumani Yangiyer MFY, Mirobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirda Namangan viloyati Pop tumani Mirobod qishlog‘ida yashaydi.
U 52-umumta’lim maktabida tahsil olgan hamda Pop tibbiyot kollejini 2016–2017-yillarda tamomlagan. Hozirda Namangan davlat pedagogika institutining amaliy psixologiya yo‘nalishi 3-bosqich talabasi. U psixologiyaga maktab davridan qiziqqan. Kollejda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lsa-da, psixologiyaga bo‘lgan qiziqishi so‘nmagan va ko‘plab to‘siq hamda mag‘lubiyatlarga qaramay, 2024-yilda Namangan davlat pedagogika institutining Psixologiya yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga qabul qilingan.
Nozima Boyturayeva onlayn kitobxonlar tanlovlarida qatnashgan, ilmiy xalqaro konferensiyalarda maqolalari chop etilgan hamda institutning psixologiya fan olimpiadalarida ishtirok etgan. Kollejda o‘qib yurgan paytida imkoniyati cheklangan bolalar shifoxonasiga borgani uning hayotida muhim ta’sir qoldirgan. U yerdagi bolalarning hayotga bo‘lgan qiziqishi va mungli ko‘zlaridagi umidni ko‘rib, unda har bir kun uchun shukronalik yanada uyg‘ongan. Shu voqea uni orzulari sari yanada dadil qadam tashlashga, imkoniyati cheklangan bolalar va insonlarga qo‘lidan kelgancha yordam berishga undagan. U shunday insonlarga yordam berish, jamiyatda psixologik bilimlarni targ‘ib qilish va insonlar bilan samimiy suhbatlashish uchun Psixologiya yo‘nalishini tanlagan.
Bo‘sh vaqtida ilmiy maqolalar, badiiy kitoblar va romanlar o‘qiydi, muvaffaqiyatli insonlarning podkastlarini tinglaydi. Ifodali she’r o‘qishni, pishiriq va salatlar tayyorlashni, Rubik kubigini terishni, raqs tushishni, tennis o‘ynashni, velosipedda sayr qilishni hamda chet ellarga sayohat qilishni yaxshi ko‘radi. U chet tillarini o‘rganishga qiziqadi va hozirda ingliz tilini o‘rganmoqda. Maktabda fan olimpiadalarida qatnashgan. Unda boshlovchilik qobiliyati bor va u tug‘ilgan kun tabriklari kanali boshlovchisi. U qiziqqan va eplab ketgan yo‘nalishlarini doimo rivojlantirib boradi.
U kelajakda professional mutaxassis psixolog bo‘lishni rejalashtiradi. Psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha magistratura ta’limini Germaniya o‘quv yurtlarida davom ettirib, faoliyatini o‘z yurtida olib borishni istaydi. Ilmiy ishlar qilish, doktoranturada o‘qish va PhD dissertatsiyasi orqali olima psixolog bo‘lishni maqsad qilgan. Shuningdek, xayriya jamg‘armalari tashkil etish, imkoniyati cheklangan bolalar va insonlarga yordam berish, onasini eng baxtli ayol qilish, xususiy psixologik markaz ochish hamda u yerda yoshlar va kam ta’minlangan oilalarga bepul xizmat ko‘rsatishni orzu qiladi.
Uning hayotiy shiori: “Bugun uddalay olmayotganingiz — hech qachon uddalay olmaysiz degani emas. O‘zingizga ishoning, qobiliyatlaringiz bilan o‘zingizning eng ideal versiyangizni yarating. Qiyinchiliklarda ortga chekinmang. Zero, harakatdan to‘xtamagan insonning bir kuni albatta natijasi so‘zlaydi.”
