Dilshoda Dilshodova
Dilshoda Dilshodova Jasur qizi 2009-yil 19-iyulda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tug‘ilgan va shu shaharda yashaydi. U Innova Edu-On xususiy maktabini bitirgan. Hozirda Toshkent davlat yuridik universitetining Raqamli huquq yo‘nalishi 1-kurs talabasi bo‘lib, yurist bo‘lish uchun chuqur bilim olmoqda.
Dilshoda 4 ta fandan milliy sertifikat sohibasi. Uning maqolalari gazetada chop etilgan bo‘lib, ulardan biri “Yulduz” gazetasida e’lon qilingan. Yana bir maqolasi “Sharafli yo‘l” gazetasida chop etilish arafasida. U maktabda eng faol va lider o‘quvchilardan biri bo‘lgan, a’lo baholarga bitirgani uchun oltin medal bilan taqdirlangan hamda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirgan.
Bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi, sport bilan shug‘ullanadi va maqola yozadi. Shuningdek, ingliz tilida gapirish ko‘nikmasini yaxshilashga e’tibor beradi. U huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kichik faoliyatni boshlagan: maqolalarida turli masalalarni yoritib, ularga huquqiy yechim berishga harakat qiladi. Shu orqali insonlardagi huquqiy ong va huquqiy madaniyat oshishiga oz bo‘lsa-da o‘z hissasini qo‘shayotganiga umid qiladi.
Uning kelajakdagi maqsadlari ota-onasi uchun soliha farzand bo‘lish, kuchli yurist bo‘lish, huquqiy yordamga muhtoj insonlarga yordam berish va jamiyatga foydasi tegadigan yetuk shaxs bo‘lishdan iborat. Dilshodaning fikricha, lider bo‘lishdagi eng muhim fazilat — mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola bilishdir. U “odamlar nima deydi” degan fikrni chetga surib, maqsad va rejalarni amalga oshirish kerakligini ta’kidlaydi. Ota-onasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi uning hayotida muhim o‘rin tutadi.
“Omad doim mehnat ortidan keladi.”
