Djurakulova Nilufar
Djurakulova Nilufar Nodirovna 2005-yil 25-fevralda Samarqand shahrida tug‘ilgan va Samarqand shahrida yashaydi. U Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti 4-bosqich talabasi hamda fakultet koordinatori. Shuningdek, u Yoshlar ittifoqining faol a’zosi. U faoliyatini 2023-yildan boshlagan.
Nilufar 2024-yilning oxiridan boshlab ilmiy-tadqiqot, xalqaro hamkorlik, ta’lim va turli tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunga qadar uning 10 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari xalqaro hamda milliy ilmiy jurnallar va ilmiy to‘plamlarda nashr etilgan. U xalqaro ilmiy jurnalda maqola nashr ettirgan, xalqaro konferensiyada ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etgan hamda konferensiya doirasida tezis nashr ettirgan. Rossiya Federatsiyasining ilmiy jurnalida yana bir maqolasi nashr uchun qabul qilingan bo‘lib, yaqin muddatda nashr etilishi rejalashtirilgan.
U respublika va xalqaro miqyosdagi turli ilmiy-amaliy tanlovlarda faol qatnashib, bir qator faxrli o‘rinlar, diplom, sertifikat, guvohnoma va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovning XIV turida muvaffaqiyatli ishtirok etib, keyingi bosqichga yo‘llanma olgan. U 2026-yilda “Renessans bunyodkorlari” tanlovida faol ishtirok etib, ko‘krak nishoni, sertifikat va guvohnoma bilan taqdirlangan. Shuningdek, MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Do‘stlik” ko‘krak medali, ko‘krak nishoni hamda I o‘rin bilan taqdirlangan.
Nilufar xalqaro ta’lim va tajriba almashinuvi yo‘nalishida ham faol ishtirok etadi. U 2025-yilda Turkiya Respublikasida tashkil etilgan 1 oylik xalqaro o‘quv dasturida, 2026-yilda esa Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan 1 oylik xalqaro o‘quv dasturida faol ishtirok etib, dasturlarni muvaffaqiyatli yakunlagan hamda sertifikat va diplomlar bilan taqdirlangan.
Bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilatlar — harakat va o‘ziga bo‘lgan ishonch. Hayotiy shiori: “Harakat qil, o‘s, ishon — sening chegarang faqat o‘zing qo‘ygan chegaradir.” U kelajakda ilmiy va professional faoliyatini yanada rivojlantirish, xalqaro miqyosda o‘z o‘rnini topish, yangi ilmiy loyihalar va tadqiqotlar olib borish hamda bilim va tajribasi orqali jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Uning eng katta orzusi — o‘z sohasida yetuk mutaxassis va boshqalarga ilhom bera oladigan lider bo‘lish. U boshqalar undan maqsad sari qat’iyat bilan harakat qilishni, doimiy izlanish va o‘sishdan to‘xtamaslikni, har bir imkoniyatni qadrlab, uni natijaga aylantirishni o‘rganishlari mumkinligini ta’kidlaydi.
“Harakat qiling, o‘sing, ishoning — sizning chegarangiz faqat o‘zingiz qo‘ygan chegaradir.”
