Egamnazarova Shahina

Egamnazarova Shahina Shaxriyor qizi
Egamnazarova Shahina Shaxriyor qizi
20 sentabr, 20262 daqiqalik o'qish

Egamnazarova Shahina Shaxriyor qizi 2006-yil 28-noyabrda Koson shahrida tug‘ilgan. U Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashaydi.

U Turon universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili yo‘nalishi 4-bosqich talabasi. 2026-yil 2-fevraldan boshlab Qarshi tibbiyot texnikumida direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi. U ushbu lavozimdagi faoliyatini o‘zining faolligi tufayli boshlaganini bildirgan.

Shahina Egamnazarova “Millat umidi” ko‘krak nishoni sohibasi. Uning bir qancha maqolalari xalqaro jurnallarda chop etilgan. Maqolalari Turkiyaning “Bilgi çeşmesi”, Germaniyaning “GERMAN INTERNATIONAL JOURNAL” va O‘zbekistonning “Ilm-fan va ta’lim” nashrlarida e’lon qilingan. “Bugungi kun yoshlari va kitobxonlik masalalari” maqolasi “FUTURE DIRECTIONS IN INTERDISCIPLINARY SCIENCE STUDIES” ilmiy jurnali va konferensiyalari bilan bog‘liq holda tilga olingan. Uning “Sovg‘a” nomli hikoyasi respublika miqyosidagi “Inson manfaati” nomli ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-ommabop nashrlarda chop etilgan. Shuningdek, Qashqadaryoning “Voha” gazetasida “Bolalik sog‘inchi” nomli she’ri, “Umid uchquni” ijodiy jurnalida esa “Qushcha” nomli hikoyasi chop etilgan.

U ingliz va turk tillaridan B1 sertifikati sohibasi. Qarshi tibbiyot texnikumidagi “Sahifa ortidagi olam” loyihasi asoschisi, Turon universitetidagi faol qizlardan tashkil topgan “Lider qizlar klubi” a’zosi hamda “Mushoira klubi” sardori sifatida faoliyat olib boradi.

Bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi, rasm chizadi, musiqa tinglaydi, bloknotiga yangi maqsadlari va yutuqlarini kiritadi, hikoya, she’r va maqola yozadi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun rahbarlik qobiliyati, insonlarni tinglash, jamoa bilan ishlash, yuqori dunyoqarash va bilim salohiyati hamda har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qila olish muhim.

Uning yutuqlarida otasi Shaxriyor Axmedov va onasi Xoliqova Mutabarning hissasi beqiyos. U ota-onasini o‘zining 1-ustozlari deb biladi. Universitetga kirganidan so‘ng asosiy va muhim maqsadlarini tuzgan, hozirda ularga birma-bir erishib kelmoqda. Bu maqsadlarni tuzishda ota-onasi va opasining hissasi beqiyos bo‘lib, ularning uning harakatlari va yutuqlarini munosib baholab kelishi Shahinani doimiy izlanishga undaydi.

U kelajakda ilmiy va ijodiy faoliyat bilan muntazam shug‘ullanishni, o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishni, Zulfiyaxonim mukofoti sohibasi bo‘lishni hamda doim ota-onasiga rahmatlar olib berishni maqsad qilgan. Uning hayotiy shiori: “Har qanday mag‘lubiyat — muvaffaqiyat sari qo‘yilgan bir qadamdir.”

Hoziroq ariza qoldirish