G'aybullayeva Farangiz Norbek Qizi
Gʻaybullayeva Farangiz Norbek qizi 2007-yil 2-iyunda Samarqandning Urgut hududida tugʻilgan. Hozirda Samarqand viloyati Urgut tumanida yashaydi. U SamDUning 2-kursida siyosatshunoslik yoʻnalishida tahsil oladi.
Farangiz maktabning 8–9-sinflarida boshqaruv sohasi va yetakchilikka qiziqa boshlagan. Universitetga kirganidan soʻng bu qiziqishi yanada ortgan. Uning tarix va ingliz tili fanlaridan sertifikatlari bor. Shuningdek, tarix fanidan olimpiadalarda ishtirok etib, oʻrinlar olgan. Hozirda turk tilini oʻrganmoqda.
Uning hayotiga kuchli taʼsir qilgan voqea buvisining saraton kasalligiga chalingani boʻlgan. Farangiz tugʻilganidan beri buvisi bilan yashab keladi, buvisining oʻgitlari va tarbiyasini olgan. Buvisi uning eng qadrli oila aʼzolaridan biri hamda yoʻl koʻrsatuvchisi hisoblanadi. U buvisining tezroq sogʻayishini va oilasini har doimgidek qoʻllab-quvvatlab yurishini xohlaydi.
Farangiz hayotdagi tanqid va ishonchsizlik insonni kuchliroq hamda chidamliroq boʻlishga undaydi, deb hisoblaydi va suv kabi boʻlish kerakligini taʼkidlaydi. U boʻsh vaqtida kitob oʻqiydi, voleybol va shaxmat oʻynaydi, rasm chizadi, turli xil ovqatlar, salatlar va shirinliklar tayyorlaydi. Baʼzida falsafiy gʻoyalar va matnlarni yigʻadi; bu uning bolaligidan boshlangan qiziqishidir.
Uning fikricha, lider uchun oʻziga ishonch, koʻproq bilim va qanday holat boʻlmasin, toʻgʻri imijda boʻlish muhim. Farangiz kelajakda sayohat qilish, tillarni oʻrganish va oʻz kasbi uchun yetuk kadr boʻlishni maqsad qilgan. U boshqalar undan chiroyli nutq va oʻziga boʻlgan ishonchni oʻrganishlari mumkin, deb hisoblaydi.
"Baxtli hayot avvalo yaxshi fikrlardan boshlanadi.
O‘z yo‘lingizdan boring va hech qachon taslim bo‘lmang."
