Haqberdiyeva Gulnoza Navro'z Qizi

Haqberdiyeva Gulnoza Navro'z Qizi
Haqberdiyeva Gulnoza Navro'z Qizi
17 sentabr, 20263 daqiqalik o'qish

Haqberdiyeva Gulnoza Navro'z qizi 14.10.2004-yilda tug‘ilgan. U Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashaydi. Gulnoza Guliston davlat universitetining Agrokimyo va tuproqshunoslik kafedrasida bakalavr bosqichini a'lo baholarga tamomlagan. Hozirda u TDAUda Agrokimyo yo‘nalishi magistranti.

U faoliyatini maktab davridan boshlagan. Biologiya va kimyoga bo‘lgan qiziqishi unga bu yo‘lni tanlash uchun katta imkoniyat yaratgan. Uning 10- va 11-sinflarida G‘aniyev Humoyun ustozning bilimlari va motivatsiyasi ham muhim hissa qo‘shgan. U maktab davrida ko‘plab tanlovlarda qatnashgan. Maktabni tamomlagach, Guliston davlat universiteti talabasi bo‘lgan. Shuningdek, u turk tilidan B1 sertifikatiga ega.

Uning hayotiga ota-onasining ishonchi hamda: «O‘qib, o‘qimishli bo‘lsang, yaxshi kelajak qurasan, bizday qiynalmaysan, bolam, biz senga ishonamiz», degan so‘zlari juda katta ta'sir qilgan. Uning hayotiy shiori: «O‘zgarishni kutmayman — uni o‘zimdan boshlayman».

Gulnoza bo‘sh vaqtida kelajak hayoti uchun muhim rejalar tuzadi, sohasiga doir izlanishlar olib boradi va yanada kengroq bilim olishga harakat qiladi. Ba'zida badiiy kitoblar mutolaa qiladi. U yangi bilimlarni o‘rganish, xatolardan xulosa chiqarish, vaqtni qadrlash va boshlangan ishni oxirigacha yetkazishni muhim deb biladi. U o‘zi bilgan narsalarni boshqalar bilan bo‘lishish, ularga motivatsiya berish va birgalikda rivojlanishdan mamnun bo‘ladi.

Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilatlar mas'uliyatni his qilish va insonlarni tushuna bilishdir. Haqiqiy lider har bir qarorining oqibatini o‘z zimmasiga ola bilishi, atrofidagi insonlarning fikri va imkoniyatlarini qadrlashi, qiyin vaziyatlarda o‘z prinsiplariga sodiq qolishi, xatolaridan xulosa chiqarishi va o‘z harakati bilan namuna bo‘la olishi kerak. Uning uchun liderlik odamlar ustidan hukmronlik qilish emas, balki ularni birlashtirish, ruhlantirish, ularga ishonch berish va umumiy maqsad sari birgalikda harakat qilishdir. Uningcha, kuchli liderning eng katta yutug‘i uning ortidan ergashganlar soni emas, balki o‘zidan keyin insonlarda ishonch, bilim va yangi imkoniyat uyg‘ota olishidir.

Uning kelajakdagi maqsadlari juda ko‘p: ta'lim sohasida eng zo‘ri bo‘lish, o‘z sohasi bo‘yicha falsafa fanlari doktori va professor bo‘lish, eng zo‘r universitetda talabalarga yaxshi o‘qituvchi bo‘lishni istaydi. Shuningdek, ota-onasiga ular qilgan barcha mehnatlarga arziydigan sharoit yaratib berish hamda ularni Hoji ona va Hoji ota qilishni orzu qiladi. U buni barcha farzandlarning orzusi deb hisoblaydi. Bundan tashqari, kelajakdagi farzandlariga yaxshi va dastyor ona bo‘lishni xohlaydi.

Gulnoza hayotda eng yomon ko‘radigan narsalardan biri hasad ekanini aytadi. Uning fikricha, hasad insonni o‘z imkoniyatlarini ko‘rishdan to‘sib, boshqalarning yutug‘i bilan o‘zini solishtirishga majbur qiladi. U birovning muvaffaqiyatidan ranjish o‘rniga undan ilhom olish va o‘z ustida ishlash kerak, deb hisoblaydi. Uningcha, har bir insonning o‘z yo‘li, o‘z vaqti va o‘z imkoniyati bor. U boshqalarning yutug‘ini ko‘ra bilishni, undan xursand bo‘lishni va o‘z muvaffaqiyatiga halol mehnat orqali erishishni qadrlaydi. Uning uchun hasad emas, havas; raqobat emas, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash insonni yuksaltiradi.

«Yoshlik — shunchaki vaqt emas, o‘zingizni kelajak uchun shakllantiradigan eng qimmatli davr. Bugun o‘rgangan har bir bilimingiz ertaga sizga yangi eshiklarni ochadi. O‘zingizni boshqalar bilan emas, kechagi o‘zingiz bilan taqqoslang. Chunki haqiqiy raqobat — boshqalardan o‘zib ketish emas, o‘z imkoniyatlaringiz chegarasini kengaytirishdir.»

Hoziroq ariza qoldirish