Ibragimova Sabrina Olim qizi
Ibragimova Sabrina Olim qizi 2004-yil 14-mayda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan va hozirda shu tumanda yashaydi. U Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining bakalavr bosqichini tamomlagan. 2026-yilda bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan yakunlagan. Hozirda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti magistranti bo‘lib, tarix fani sohasida tahsil oladi. Uning ma’lumoti huquq fanidan.
Sabrina faoliyatini maktab davridan boshlab turli fan olimpiadalari va tanlovlarida tuman va viloyat g‘olibligini qo‘lga kiritish orqali boshlagan. 2022-yilda Nizomiy nomidagi O‘zMPUga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan.
U 2026-yil Navoiy nomidagi davlat stipendiyanti bo‘lgan. 2025-yilda ingliz tili bo‘yicha B2 darajasiga ega bo‘lgan hamda «Zamonamiz qizlari» ko‘rik-tanlovida 2-o‘rinni egallagan. U «Oltin qanot» volontyorlari a’zosi va Yosh Jadidilar ilmiy tadqiqotlar markazi statuetkasi sohibasi hisoblanadi. Respublika va xalqaro jurnallarda 20 dan ortiq ilmiy maqolaga ega, shuningdek, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bitta uslubiy qo‘llanma sohibasi.
Uning yutuqlari va yangi imkoniyatlarga erishishida oila a’zolari, ayniqsa onasining o‘rni beqiyos. Hayotiy prinsipi: «Hech qachon orzu qilishdan uyalmang. Katta orzular ko‘p mehnatni, ko‘p mehnat esa buyuk natijani ro‘yobga chiqaradi». Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat — qat’iyat, chunki inson irodali bo‘lsa, albatta mehnatining samarasini ko‘radi. U boshqalarga yuqori natijalarga mehnat qilish bilan birga sabrlilik orqali erishish mumkinligini o‘rgata oladi.
Bo‘sh vaqtida xorijiy tillarni o‘rganadi, ayni paytda arab va turk tillarini o‘rganmoqda. Rivojlanishiga turtki bo‘ladigan kitoblarni mutolaa qiladi, dolzarb masalalarga doir podkastlarni ko‘radi. Shuningdek, she’r yozish va yodlash bilan shug‘ullanadi, she’rni yaxshi aytish hamda notiqlik qobiliyatiga ega.
U kelajakda xorijiy mamlakatlarda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha turli davlatlar tajribasini o‘rganib, uni amaliyotga tatbiq etishni rejalashtiradi. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi bo‘lishni, ilmiy sohada turli konferensiya va tanlovlarda ishtirok etishni, darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etishni hamda professor darajasini yoqlashni maqsad qilgan.
«Boshlash uchun mukammal vaqt kelmaydi. Ba’zan hayotingdagi eng yaxshi sahifa «hali tayyor emasman» degan joyingdan boshlanadi».
