Ilnur Xamidullin Shakirovich
Ilnur Xamidullin Shakirovich 2008-yil 26-oktabrda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, Vatan MFYda yashaydi. U 2022-yilda Yosh jurnalistlar maktabida tahsil olgan, 2026-yilda umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagan. Ta’lim darajasi — o‘rta. Ayni paytda u O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universitetining (O‘zJOKU) Jurnalistika yo‘nalishi masofaviy ta’lim shakli 1-kurs talabasi hisoblanadi.
U faoliyatini 12 yoshidan boshlagan. Dastlab ijtimoiy tarmoqlarga, xususan, YouTube platformasiga qiziqib, turli kanallar ochish va kontent joylashtirish orqali auditoriya yig‘ish bilan shug‘ullangan. U 12 yoshida o‘zi yashaydigan hudud aholisi uchun “QuyiChirchiqliklarUZ” nomli mahalliy Telegram kanalini tashkil qilgan va uni 6 yildan buyon muntazam yuritib kelmoqda. Kanal orqali hududdagi yangiliklar, dolzarb mavzular, tanqidiy materiallar, maqolalar va turli xabarlarni yoritadi. Uning maqsadi mahalliy aholiga tezkor, dolzarb va foydali axborot yetkazish hamda ijtimoiy muammolarni keng jamoatchilikka olib chiqishdir.
Hozirda Ilnur SMM menejer, kontentmeyker, mobil videooperator va montaj ustasi sifatida faoliyat yuritadi. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’atkor Ravshan Komilov, uning o‘g‘li Farruh Komilov hamda blogger Aziz Estet bilan hamkorlik qiladi. Ularning ijtimoiy tarmoqlarini boshqaradi, kontentlar tayyorlaydi, mobil videolar suratga oladi va montaj ishlarini amalga oshiradi. Uning qo‘l ostida 6 000 000 dan ortiq auditoriyaga ega ijtimoiy tarmoqlar mavjud bo‘lib, ularning yuritilishi va rivojlantirilishi bilan shug‘ullanadi.
U “Ustoz AI” loyihasi doirasida mobilografiya, kadrlar boshqaruvi, Telegram Ads, targeting, video montaj, eBay, Uzum Market, grafik dizayn, limonchilik, PR va reklama hamda sun’iy intellekt texnologiyalari yo‘nalishlarida tahsil olib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan. Mazkur kurslar davomida zamonaviy raqamli texnologiyalar, marketing, media, kontent yaratish, reklama va biznes yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar olgan.
Uning kelajakdagi asosiy maqsadi — professional videograf bo‘lib, Prezident matbuot xizmatida faoliyat yuritish. Shu maqsad yo‘lida u Prezidentning viloyatlarga va xorijiy davlatlarga tashriflari davomida e’lon qilinadigan videomateriallarni kuzatib, ular asosida montaj va kreativ ishlanmalar tayyorlaydi hamda Instagram sahifasiga joylaydi. Mustaqillik bayrami munosabati bilan tayyorlagan ikkita videosidan birinchisi 1,4 million, ikkinchisi esa 1,2 milliondan ortiq ko‘rishlar to‘plagan. U Prezident matbuot xizmatida faoliyat yuritayotgan tajribali fotograf, videograf va montaj ustalaridan soha bo‘yicha maslahat olib, zamonaviy videografiya va jurnalistika bo‘yicha professional bilimlarini rivojlantirishga intilmoqda.
U mas’uliyatni liderlikning eng muhim fazilati deb biladi. Ilnur uchun izlanish, imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, o‘z ustida doimiy ishlash va qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik muhimdir. Uning hayotiy prinsipi: «Бугунги меҳнат — эртанги тажриба, тажриба эса келажакдаги муваффақият пойдеворидир.»
