Ensiklopediya2 daqiqa
Karimova Muxlisa Farxod Qizi
Filologiya yo‘nalishi vakili · Ijtimoiy xizmat mutaxassisi · Zulfiya mukofoti laureati · Kitobxon · Havaskor shaxmatchi
Karimova Muxlisa Farxod qizi 1999-yil 6-fevralda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida tug‘ilgan. U Qarshi Davlat Universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishida tahsil olgan. Adabiyot yo‘nalishi va shaxsiy rivojlanish mentorlik dasturida ta’lim olgan Muxlisa Karimova “Baxt formulasi” o‘quv almashinuv dasturini hamda “Kelajak ilmli qizlar” hamjamiyati tashkil etgan 24 soatli o‘quv kursini tamomlagan.
U faoliyatini 2022-yilda G‘uzor tumani 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maktab targ‘ibotchisi sifatida boshlagan. 2023-yilda shu maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. 2024-yil 3-iyundan G‘uzor tumani Apardi MFYda kompleks xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. 2025-yil avgust oyidan G‘uzor tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash sho‘basi yetakchi mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.
U 2022-yil 1-oktabrda “Ustoz-murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan insholar tanlovida 3-o‘rinni egallagan. 2023-yilda “Abdulla Avloniy ijodi bilimdoni” tanlovida faxrli 3-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2024-yil iyun oyida Turkiyaning Antalya shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etib, sertifikat bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2024-yilda “Eng kitobxon ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan va “Eng faol kitobxon davlat fuqarolik xizmatchisi” tanlovida 1-o‘rinni egallagan. 2025-yil mart oyida o‘tkazilgan “Eng faol kitobxon mahalla xodimi” ko‘rik-tanlovida 2-o‘rinni egallagan. 2025-yilda Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda delegatsiya a’zosi sifatida ishtirok etib, sertifikat bilan taqdirlangan. U Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati.
U Turkiyaning Alanya/Antalya shahrida o‘tkazilgan festivalda “G‘uzor — sanoatlar shahri” nomli ilmiy maqolasi bilan qatnashib, tumanda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ijobiy natijalari haqida ma’lumot bergan. Uning ijodiy ishlaridan tarkib topgan kitoblari Birlashgan Arab Amirliklari, Abu-Dhabi, Misr, Dubay, Hindiston, Ozarbayjon, Qatar, Turkiya va Yevropa davlatlarida nashr etilgan. Ijodiy ishlari o‘rin olgan kitob Qatar xalqaro kutubxonasida saqlanadi.
Muxlisa Karimova bo‘sh vaqtida badiiy va ilmiy jurnal-kitoblarni o‘qiydi, havaskor sifatida shaxmat va voleybol bilan shug‘ullanadi. U inson qadri eng ulug‘ ekanini, har bir insonga ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, avvalo inson sifatida munosabatda bo‘lish zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, “Kuchli davlat poydevori — kuchli kadrlardir”. U muvaffaqiyat kaliti kuchli iroda ekaniga, mulohazali ish yuritish esa katta ahamiyatga egaligiga ishonadi. Kelajakda yo‘lidagi barcha mashaqqatlarni yengib, har bir kunini eng ahamiyatli ishlarga sarflashni maqsad qilgan.
Muallif
Karimova Muxlisa Farxod Qizi
Filologiya yo‘nalishi vakili · Ijtimoiy xizmat mutaxassisi · Zulfiya mukofoti laureati · Kitobxon · Havaskor shaxmatchi
