Mamazoxidova Gulsanam
Mamazoxidova Gulsanam Xayrullo qizi 13.05.2006-yilda Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida tug‘ilgan. U hozirda Andijon viloyati, Ulug‘nor tumani, To‘rttol MFY, Darvozaqum ko‘chasi, 3-uyda yashaydi.
U Andijon viloyati Ulug‘nor tumani 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1-sinfdan 11-sinfning fevral oyigacha tahsil olgan. 11-sinfning qolgan qismini Farg‘ona viloyati Toshloq tumani 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qib tamomlagan. Hozirda Namangan davlat universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Tarix yo‘nalishi 3-bosqich talabasi bo‘lib, tarix yo‘nalishida faoliyat olib boradi.
U faoliyatini asosan 16 yoshidan boshlagan. Ungacha ko‘plab she’rlar yozib, tuman va viloyat bosqichlarida nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. U 16 yoshida “Jurnalistika va notiqlik” bo‘yicha 45 foizlik vaucher yutib olgan va bu yutuq uning keyingi faoliyati uchun asosiy ko‘mak bo‘lgan. Maktab davrida “Yoshlar yetakchisi” hamda “Tuman targ‘ibotchisi” lavozimlarida bo‘lgan.
U 2024-yilda o‘qishga 100% kontrakt asosida kirgan. 2-kursda 100% grant yutib olgan, 3-kursda esa 100% grant sohibasi bo‘lgan. 14-yanvar — “Vatan himoyachilari” kuni munosabati bilan o‘tkazilgan insholar tanlovida faxrli 2-o‘rinni egallagan. Namangan davlat universiteti “Bir haftada bir kitob” loyihasining Ijtimoiy fanlar fakulteti koordinatori. Odil Yoqubovning “Diyonat” asari bo‘yicha test sinovida faxrli 1-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qoshidagi Namangan viloyati Namangan tumani “Yosh ekologlar” harakati Kengashining Eco-yetakchi o‘rinbosari hisoblanadi.
U “Qishki ta’til bilim va yutuqlar” olimpiadasida adabiyot fanidan faxrli 2-o‘rinni, ingliz tili fanidan 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. “Talabalar karvoni” badiiy jurnalining 3- va 4-sonlarida uning she’rlari chop etilgan. Respublika va xalqaro jurnal hamda konferensiyalarda maqolalari va ko‘plab ilmiy ishlari nashr etilgan. “Mumtoz” loyihasining ketma-ket 3 haftaligida nufuzli o‘rinlar sohibi bo‘lgan. “Nomdor stipendiyatlik” bo‘yicha fakultet bosqichidan o‘tib, universitet bosqichi ishtirokchisi bo‘lgan. U juda ko‘p grant loyihalari va startap loyihalarida qatnashib, munosib natijalar qayd etgan; bu natijalar universitet va fakultet miqyosida ham e’tirof etilgan.
Uning hayotida onasi metin irodasi va hozirgi qiyofasi shakllanishiga sababchi inson bo‘lgan. Onasi unga doim: “Qizim, bu hayotda seni ko‘z yoshlaring bilan hech kimning ishi yo‘q, bu dunyoga sening muvaffaqiyating va natijang kerak. Shuning uchun, yiqilsang ham qayta va qayta o‘rningdan tur-da, borib barchasini mag‘lub et”, deydi. Uning buvilari bilan bog‘liq voqealar ham hayotini o‘zgartirib yuborgan. Asl maqsadi “Diplomatiya” universitetiga kirish bo‘lgan va tayyorlanishga 1 yil vaqti qolgan. U shu yo‘nalishga 2 oy tayyorlangan, keyinchalik ustozining tavsiyasi bilan ingliz tili o‘rniga 2-blokiga geografiya fanini tanlagan. Uning maqsadi “Siyosatshunos” bo‘lish bo‘lib, tarix fani o‘qituvchisi unga bu maqsadga boshqa yo‘l bilan borishni tushuntirgan.
Uning shiori: “Har ishda xayr bor, bunda ham bir hikmat bor”. U eng mayda detallarga kuchli e’tibor beradi, vaqtni juda qadrlaydi va hatto zarracha soniyasini ham uvol qilishni istamaydi. Yetakchilik san’ati bo‘yicha ko‘p kitoblar o‘qigan, yetakchilikka qiziqadi va o‘z layoqati kuchli ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, yetakchi eng avvalo bunga munosib bo‘lishi va adolatni ta’minlay olishiga ishonchi komil bo‘lsagina chinakam yetakchi bo‘la oladi.
Bo‘sh vaqtlarida qilgan va qilmoqchi bo‘lgan ishlarini sarhisob qiladi, dunyodagi eng mashhur kitoblar asosida suratga olingan filmlarni, jumladan Oskar mukofotini olgan hamda mazmuni va mohiyati o‘ziga kerakli bo‘lgan filmlarni tomosha qiladi. Shuningdek, o‘ziga qisqacha sayohat uyushtiradi.
U O‘zbekiston rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishni, A. Navoiy nomidagi stipendiya sohibasi bo‘lishni, magistraturaga kirib ilmiy faoliyatini davom ettirishni maqsad qilgan. Kamida 9 ta tilda erkin suhbatlashishni o‘rganmaguncha til o‘rganishni to‘xtatmaslik, oilasi va o‘zi uchun foydali biznes rejalar tuzib, ularni xalq uchun foydali yo‘llar bilan amalga oshirish, ta’lim sohasi rivojiga hissa qo‘shish hamda loyihalarini amalga oshirmaguncha chekinmaslik ham uning muhim rejalari sirasiga kiradi.
U atrofidagilar undan yangilik va xilma-xillikni o‘rganishadi, deb hisoblaydi. Qishlog‘ida ko‘plab otalar qizlariga uni o‘rnak qilib ko‘rsatishlarini, bu esa ota-onasi uchun faxr ekanini bildiradi. Uning qat’iy shiori: “Inson istagan barcha narsasiga erishishi mumkin, agar uni o‘zi istab harakat qilsa”. U ko‘chirmakashlikni yomon ko‘radi, hech kimga taqlid qilmaydi va boshqalar unga havas ko‘zi bilan boqishini niyat qiladi.
Uning eng yaqin dugonasi yoki do‘sti yo‘q va bo‘lmagan ham. Instagram akkaunti bor, ammo imtihon kunlari yaqinlashganda yoki muhim ishlari bo‘lganda uni vaqtincha o‘chirib turadi, ishlarini tugatgach qayta ochadi. COVID-19, ya’ni karantin davrida 2 yil maktabda umuman niqobini yechmay yurgan, chunki yuzini ko‘rsatsa virus yuqib qolishidan qo‘rqqan. U qora atirgulni yoqtiradi, ammo shu vaqtgacha uni biror marta qo‘liga ushlab ko‘rmagan.
“Meni imkoniyatlarim emas, taslim bo‘lmasligim belgilaydi. Chunki men oddiygina orzu qilmayman — orzularimga munosib inson bo‘lish uchun o‘zimni har kuni qayta quraman.”
