Maratova Gulruh Alisher Qizi
Maratova Gulruh Alisher qizi 2007-yil 23-iyunda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Hozirda Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashaydi. U tugallanmagan oliy ta’limga ega bo‘lib, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Biokimyo institutida biologiya yo‘nalishida tahsil oladi.
U kitobxonlik va mutolaa targ‘ibotiga oid faoliyatini maktab davrida boshlagan, universitetga kirganidan keyin esa uni yanada rivojlantirgan. Keyinchalik Instagram va Telegram platformalarida ushbu yo‘nalishdagi loyihalarini yo‘lga qo‘ygan. U ijtimoiy tarmoqlarda foydali kontent yaratadi hamda yoshlarni kitob o‘qishga jalb qilish yo‘nalishida faoliyat olib boradi.
Gulruh biologiya fanidan B+ darajali, kimyo fanidan C+ darajali sertifikatga ega. U 150 dan ortiq kitob mutolaa qilgan. Kitobxonlik va mutolaa targ‘ibotiga oid turli loyihalar hamda tashabbuslarda faol ishtirok etib, yoshlar orasida kitobxonlikni ommalashtirish va kitobxonlar hamjamiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Kitob mutolaasi bilan jiddiy shug‘ullana boshlashi uning hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Kitoblar uning dunyoqarashini kengaytirib, mustaqil fikrlashiga, o‘z ustida ishlashiga va kelajakdagi maqsadlarini aniqroq belgilashiga yordam bergan. Uning shiori — “Bugun qilaman.” U biror maqsadni ortga surmasdan, imkon qadar bugundan harakat boshlashga intiladi. Tavakkal qilish, sababini qilish va natijani Allohga topshirish uning hayotidagi muhim prinsiplardan biridir.
Bo‘sh vaqtida kitob o‘qish, yangi bilimlarni o‘rganish, yozish, kontent yaratish, kitobxonlar bilan muloqot qilish va yangi loyihalar ustida ishlashni yoqtiradi. Uning fikricha, liderlik uchun mas’uliyat, tashabbuskorlik va boshqalarni ruhlantira olish muhim. U lider faqat topshiriq beradigan emas, balki o‘zi birinchi bo‘lib harakat qiladigan va atrofidagilarga o‘z harakati bilan namuna bo‘la oladigan inson bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
U kelajakda o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishni, bilim va tajribasini oshirishni, kitobxonlik hamda yoshlar uchun foydali loyihalarni rivojlantirishni maqsad qilgan. Samarqanddagi yosh kitobxonlarni birlashtiruvchi loyihalarni kengaytirish, shaxsiy media loyihasini rivojlantirish va katta kitobxonlar hamjamiyatini shakllantirish uning rejalari qatorida. U vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, kitob o‘qishni odatga aylantirish, ijtimoiy tarmoqlardan foydali maqsadlarda foydalanish, loyiha boshlash va uni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlasha oladi. Uning fikricha, katta maqsadni kichik qadamlardan boshlash kerak.
“Tayyorgarlikda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi. Qiynalyapsanmi? Demak, to‘g‘ri yo‘ldasan.”
