Ensiklopediya28 daqiqa

MEHRNING BIR BO‘LAGI.

Ushbu maqolada bolalar hayoti, mehr-oqibat, do‘stlik, halollik, odob-axloq, ota-onaga hurmat va tabiatga e’tibor kabi muhim mavzular turli tarbiyaviy hikoya va ertaklar orqali yoritilgan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish, vaqtni qadrlash, bilimga intilish hamda insoniy fazilatlarni shakllantirishning ahamiyati ta’sirchan voqealar asosida ochib berilgan.

MEHRNING BIR BO‘LAGI.

Kuz...osmon musaffo, borliq esa tillarang libosga burkangan edi. Quyoshning mayin nurlari daraxtlar orasidan mo‘ralab, yerga oltinrang shu’lalarini sochardi. Sarg‘aygan yaproqlar yengil shabada og‘ushida shitirlab, go‘yo maktab tomon oshiqayotgan bolalarni quvonch bilan qarshi olayotgandek edi. Ayrim yaproqlar yo‘lak uzra charx urib, bolalarning oyoqlari ostiga qo‘nar, boshqalari esa shamol qanotida bolalarga ergashib ketardi.

Maktab hovlisidagi katta daraxtlar shitirlab, bolalarning sho‘x ovozlariga jo‘r bo‘lardi. Zamonaviy maktab binosi esa quyosh nurida tovlanib, huddi bolalarini o‘z bag‘riga chorlayotgan onadek ko‘rinardi.

Bolalarning shovqini butun maktabni tutardi . Kimdir yodlab kelgan she’rini takrorlar, kimdir do‘stiga kechagi kunning quvonchli voqealarini so‘zlab berardi. Yana kimdir uyqusiragancha ko‘zlarini ishqalab, dars boshlanishi kutar edi.

Chunki har bir bolaning qalbida o‘ziga xos bir olam yashaydi. Bu olamda beg‘ubor quvonchlar, shirin orzular va ba’zan kattalar ham payqamay qoladigan kichik tashvishlar bo‘ladi.

Ana shunday bolalardan biri Anvar edi.

Anvar sinfdagi eng a’lochi o‘quvchilardan biri edi. U aqlli, odobli va mehribon bola bo‘lib, ustozlarining topshiriqlarini vaqtida bajarishga harakat qilardi. Chehrasi ochiq, bo‘yi tengdoshlarinikidan biroz balandroq edi. Egnidagi kiyimlari yangi bo‘lmasa-da, doimo toza va saranjom yurardi. Sumkasida kitob-daftarlari tartib bilan joylashgan bo‘lardi.

Anvarning sumkasida yana bir qadrli narsa bor edi: kichkina ro‘molchaga o‘ralgan kulcha. Uni onasi har tong o‘g‘li uchun mehr bilan tayyorlab berardi. Anvar uchun bu kulcha oddiy yegulik emas, onasining mehrini eslatib turadigan aziz ne’mat edi.

Anvarning onasi ikki farzandini yolg‘iz katta qilayotgan, mehnatkash ayol edi. U har kuni tong saharda turib, non va kulchalar yopar, so‘ng ularni mahalladagi do‘konlarga tarqatardi. Anvarning dadasi og'ir kasallik tufayli baxorning Ilk oylarida vafot etgan edi. Onasi ko‘p mehnat qilsa-da, Anvarning nonushtasini tayyorlashni va maktabga kulcha solib berishni hech kanda qilmasdi.

Bir kuni sinfga yangi o‘quvchi keldi. Uning ismi Jasur edi. U yangi kiyimlar kiygan kórkam yigit edi oyoq kiyimlari ham yarqirab turardi. Chiroyli sumkasini ko‘tarib, sinfga kirib keldi.

Jasur sinfga kirayotib, sumkasini parta yoniga qo‘ydi. Shu payt sumkasi sirg‘alib tushdi. Ichidagi daftarlar, rangli papkalar va qalamdon polga sochilib ketdi.

— Voy, hammasi sochilib ketdi-ku! — dedi Jasur shoshilib.

Anvar darrov o‘rnidan turdi.

— Mayli, birga yig‘ib olamiz, — dedi u.

U daftarlarni terib, Jasurning qo‘liga uzatdi. Jasur esa qalamdonini olib, qolgan narsalarini sumkasiga joyladi.

— Rahmat! Isming nima? — deb so‘radi Jasur.

— Anvar. Senikichi?

— Men Jasurman. Bu maktabga bugun birinchi marta kelyapman.

— Unda kel, joyingni ko‘rsataman, — dedi Anvar.

Shu tariqa ular tanishib olishdi.

Darslar boshlandi. Matematika darsida o‘qituvchi doskaga masala yozdi. Jasur masalani yechishda biroz qiynaldi. Anvar esa unga yordam berdi. Jasur do‘stining tushuntirishlarini diqqat bilan tinglab, masalani yechib oldi.

— Rahmat, Anvar. Yaxshi tushuntirarkansan, — dedi u.

— Arzimaydi, — deb javob berdi Anvar.

Nihoyat, tanaffus vaqti ham keldi. Bolalar sumkalarini ochib, uylaridan olib kelgan yeguliklarini chiqara boshlashdi. Kimdir banan, kimdir shokolad, yana kimdir somsa va boshqa xar hil shirinliklarni olib kelgan edi.

Anvar ham sumkasidan kichkina ro‘molchaga o‘ralgan kulchasini oldi. Kulcha chiroyli pishgan, usti tillarang tusga kirgan edi. Uning yoqimli isi yonida o‘tirgan Jasurning ham e’tiborini tortdi.

— Jasur, sen tushlik olib kelmadingmi? — deb so‘radi Anvar.

Jasur boshini chayqadi.

— Yo‘q, bugun uyda unutib qoldiribman. Ertalab shoshilib chiqib ketgandim.

— Unda och qolasan-ku! — dedi Anvar.

— Hechqisi yo‘q. Uyga borgach ovqatlanaman, — deb javob berdi Jasur.

Anvar bir zum o‘ylanib turdi-da, kulchani ikkiga bo‘ldi.

— Kel, bugun birga yeymiz. Endi do‘stmiz-ku!

U kulchaning bir bo‘lagini Jasurga uzatdi.

— Rostdanmi? O‘zingga yetadimi? — so‘radi Jasur.

— Yetadi. Ikkalamiz bo‘lishib yesak ham bo‘ladi. Bu kulchani onam ertalab men uchun yopib berganlar.

Jasur kulchani oldi.

— Rahmat, Anvar! Kulchangning hidi ham juda yoqimli ekan. Onang kulchani o‘zlari yopadilarmi?

— Ha! Onam juda mazali kulcha yopadilar. Ular har kuni tong saharda turib, non yopadilar. Keyin o‘sha nonlarni mahallamizdagi do‘konlarga tarqatadilar. Onam oilamizni boqish uchun ko‘p mehnat qiladilar. Shunday bo‘lsa ham, har kuni ertalab menga vaqt ajratib, nonushtamni tayyorlaydilar, maktabga olib ketishim uchun kulcha solib beradilar.Men onamni judayam yaxshi kóraman dedi.

Anvar kulchasidan bir luqma uzdi. Onasini eslaganida, ko‘zlarida mehr va muhabbat porlab turardi.

— Onam kulchani qo‘limga berib: «Bolam, yaxshi o‘qi, odobli bo‘l, elga foydasi tegadigan inson bo‘l», deb aytadilar. Men ham yaxshi o‘qib, katta bo‘lganimda yaxshi inson bo‘laman. Onamni juda baxtli qilaman! — dedi Anvar.

Jasur do‘stining gaplarini diqqat bilan tingladi.

— Onang juda mehribon ekanlar. Sen ham onangni juda yaxshi ko‘rarkansan, men ham oyimni qattiq yaxshi kóraman— dedi u.

— Ha, men onamni juda yaxshi ko‘raman, — deb javob berdi Anvar.

Shu kuni ikki bola yanada yaqin do‘st bo‘lib olishdi.

Darslar tugagach, Anvar sumkasini yelkasiga ilib, uyiga qarab yo‘l oldi. Maktabda bo‘lgan voqealarni o‘ylab, yuzida tabassum bilan ketardi. Bugun u yangi do‘st orttirgan, onasi mehr bilan yopib bergan kulchasini u bilan bo‘lishgan edi.

Anvar hovliga kirishi bilan uy ichidan taralayotgan mazali ovqatning isi dimog‘iga urildi. Qorni ochganini endi yanada ko‘proq his qildi.

— Assalomu aleykum Oyijon, keldim! — deb chaqirdi u.

— Va aleykum assalom Keldingmi, bolam? Qo‘lingni yuvib, kiyimlaringni almashtir.Chirog'im Hozir ovqatlanamiz, — dedi onasi.

Anvarni oyisi uni erkalab chirog'im der edi.

Anvar kiyimlarini almashtirib, qo‘lini yuvdi-da, dasturxon yozilgan joyga keldi. Onasi ovqatlarni suzayotgan edi. U darrov yordamga shoshildi.

— Oyijon, piyolalarni men olib chiqaymi?

— Mayli, bolam. Faqat ehtiyot bo‘lgin.

Anvar piyolalarni birma-bir dasturxonga qo‘ydi. Keyin ukasini yoniga o‘tqazib, onasi ovqatlarni olib kelguncha unga qarab turdi.

— Mana, endi hammamiz birga ovqatlanamiz, — dedi onasi mehr bilan.

Ular dasturxon atrofiga o‘tirishdi.Ularni uyida mexr fayz ufurib turardi..

Anvar bir-ikki qoshiq ovqat yegach, bugun maktabda bo‘lgan voqeani eslab qoldi.

— Oyijon, bugun sinfimizga yangi bola keldi. Ismi Jasur ekan. U bilan do‘st bo‘ldim!

— Rostdanmi, bolam? Juda yaxshi-ku! — dedi onasi xursand bo‘lib. — Yangi do‘sting bilan yaxshi munosabatda bo‘lgin.

Anvar mamnun bo‘lib bosh irg‘adi.

— Bugun tanaffusda uning tushligi uyda qolib ketgan ekan. Men unga siz yopib bergan kulchamdan berdim. Ikkalamiz bo‘lishib yedik. Keyin ancha suhbatlashdik.

Onasi o‘g‘lining yuziga mehr bilan qaradi.

— Barakalla, bolam! Och qolgan odam bilan bor narsangni bo‘lishganing juda yaxshi ish bo‘libdi. Inson doimo boshqalarga mehr ko‘rsatishi, imkoniyati bo‘lsa, yordamga muhtojlarga ko‘mak berishi kerak.

U Anvarning boshini siladi.

— Men seni shunday tarbiyalashga harakat qildim, bolam. Mehribonligingni ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Sen bilan faxrlanaman, o‘g‘lim!

Anvar onasining mehriga to‘lib, jilmaydi.

— Oyijon, men yaxshi inson bólaman . Yaxshi o‘qiyman, sizga yordam beraman. Katta bo‘lganimda sizni juda baxtli qilaman!

Onasi uning peshonasidan o‘pdi.

— Menga sening sog‘lom, odobli va mehribon inson bo‘lib ulg‘ayishingning o‘zi katta baxt, bolam.

Anvar onasiga mehr bilan qaradi. U bugun kulchasining yarmini do‘stiga berib , qalbida quvonch yanada ortganini his qilardi.

Chunki yaxshilikning eng go‘zal tomoni shundaki, uni boshqalar bilan bo‘lishgan sari insonning o‘z qalbi ham mehrga to‘lib boraveradi.

Mehr ulashilgan sari kamaymaydi, aksincha, ko‘payadi.

Mexr qalbning ozuqasi!

## BO‘G‘IRSOQ BILAN DO‘STLASHGAN TULKI

Ertak

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir chekkadagi kichkina ammo chiroyli uyda chol bilan kampir va uning nabiralari yashagan ekan. Ularning eng sevimli mashg‘uloti nevaralariga ertak aytish, eng katta quvonchi esa tandirdan uzilgan issiq nonning hidini tuyish ekan.

Bir kuni kampir unni elab, xamir qoribdi.bu safar non emas Cholining iltimosi bilan yumshoqqina bóg'irsoq tayyorlashga kirishibdi.Chol esa óchoqqa olov yoqipti yog' qizibdi, o‘tinlar qarsillab yonibdi. Ko‘p o‘tmay, tillarang, dumaloq yoqimtoy Bo‘g‘irsoq pishib chiqibdi.

— Voy, buning hidini qara! — debdi chol, mo‘ylovini silab.

Va ozgina sovushi uchun deraza oldidagi tokchaga qóyipti

Ammo Bo‘g‘irsoq tokchada uzoq yotishni istamabdi. Dumaloq tanasini u yoqdan bu yoqqa tebratib, sekingina dumalabdi-da, deraza tokchasidan hovliga, hovlidan yo‘lga tushibdi.

— Men dunyoni ko‘rgani ketdim! — deb qo‘shiq aytib, yo‘lga ravona bo‘libdi.

Yo‘l uni yam-yashil o‘tloqlardan, rang-barang gullar ochilgan dalalardan olib o‘tibdi. Daraxtlar shamolda bosh chayqab, go‘yo unga yo‘l ko‘rsatar, kapalaklar esa rangli qanotlarini silkitib, ortidan kuzatib borar ekan.

Bo‘g‘irsoqning kayfiyati chog‘ edi. U yo‘lda uchragan quyonni ham, ayiqni ham qo‘shig‘i bilan lol qoldiribdi.

Nihoyat, u qalin o‘rmonga kiribdi.

Bu yerda quyosh nurlari daraxt shoxlari orasidan ingichka oltin iplar kabi yerga tushar, barglar shivir-shivir qilib, bir-biriga sir aytardi. Qushlarning sayrashi o‘rmonni kuyga to‘ldirar, uzoqdan esa qandaydir shoxning qirsillagani eshitilardi.

Bo‘g‘irsoq qo‘shig‘ini xirgoyi qilib ketayotganida, birdan butalar orasidan ingichka ovoz eshitilibdi:

— Voy, oyog‘im! Kimdir bormi? Yordam bering...

Bo‘g‘irsoq cho‘chib, dumalashdan to‘xtabdi. Butalar orasida bir tulki yotgan ekan. Uning qizg‘ish juni changga belangan, bir oyog‘i esa qurigan shoxlar orasida qisilib qolgan edi. Tulki o‘rnidan turmoqchi bo‘libdi, ammo og‘riqdan yana cho‘kibdi.

Bo‘g‘irsoqning xayoliga buvisi aytgan ertak kelibdi: «Tulki ayyor bo‘ladi, bolam. Har kimga ham ishonaverma».

U tulkidan bir oz uzoqlashibdi.

— Men sizga yordam bersam, meni yeb qo‘ymaysizmi? — deb so‘rabdi u ehtiyotkorlik bilan.

Tulki boshini ko‘taribdi. Uning ko‘zlarida ayyorlikdan ko‘ra ko‘proq og‘riq va yolg‘izlik bor edi.

— Qo‘rqayotganingni tushunaman, — debdi tulki. — Men ham sening o‘rningda bo‘lsam, ehtiyot bo‘lardim. Hozir esa oyog‘imni bo‘shatishga yordam beradigan biror do‘st topilsa, bas.

Bo‘g‘irsoq jim qolibdi. Bir tomonda buvisining ogohlantirishi, ikkinchi tomonda esa yordam kutayotgan jonivor turardi.

Shamol daraxt barglarini shitirlatibdi. Go‘yo o‘rmon ham uning javobini kutayotgandek edi.

— Men sizga yaqin bormayman, — debdi Bo‘g‘irsoq. — Lekin yordam chaqiraman!

U bor ovozi bilan quyonni chaqiribdi. Tez orada quyon yugurib kelibdi, uning ortidan tipratikan ham paydo bo‘libdi. Ular shoxlarni ehtiyotkorlik bilan chetga surishibdi. Biroq tulkining oyog‘i hanuz qisilib turgan ekan.

— Bu ishga Qunduz usta yordam bera oladi! — debdi quyon. — Uning kuchli tishlari bor, lekin u hech kimga ozor bermaydi.

Quyon o‘rmonga qarab chopib ketibdi. Ko‘p o‘tmay, Qunduz usta yetib kelibdi. U shoxlarni birma-bir kemirib, yo‘lni bo‘shatibdi. Nihoyat, tulkining oyog‘i ozod bo‘libdi.

— Rahmat sizlarga! — debdi tulki, sekin o‘rnidan turarkan. — Bugun menga yordam berganlaringizni hech qachon unutmayman.

— Rahmat aytishning o‘zi yetmaydi, — debdi tipratikan. — Yaxshilikni yaxshilik bilan qaytarish kerak.

Tulki boshini egibdi. U bir zum jim turib, keyin Bo‘g‘irsoqqa qarabdi.

— Sen mendan qo‘rqding, lekin baribir yordam chaqirding. Nega?

Bo‘g‘irsoq dumaloq tanasini biroz tebratib, javob beribdi:

— Chunki ehtiyot bo‘lish boshqa, birovning dardiga befarq qarash boshqa. Men sizga darrov ishonmadim, ammo qiynalayotganingizni ko‘rib, shunchaki ketib qololmadim.

Tulki bu gapdan uyalibdi. U ilgari ko‘p jonivorlarni ayyorligi bilan qo‘rqitgan, ba’zilarini esa aldab, o‘z foydasini o‘ylagan ekan. Shu paytgacha buni uddaburonlik deb bilgan ekan. Endi esa o‘zining yolg‘iz qolganini his qilibdi.

— Balki men ham o‘zgarishni o‘rganarman, — debdi u past ovozda.

Shu payt o‘rmon ortidan quyoshning so‘nggi nurlari ko‘rinibdi. Bo‘g‘irsoq uyini eslabdi.

— Men endi ketishim kerak. Buvim bilan bobom meni kutishayotgandir.

— Yo‘ling uzoq bo‘lsa, seni kuzatib qo‘yaymi? — deb so‘rabdi tulki.

Bo‘g‘irsoq unga sinchiklab qarabdi.

— Mayli, lekin yo‘lda hech kimni aldamaysiz, xo‘pmi?

— Va’da beraman, — debdi tulki.

Ular o‘rmon yo‘lidan birga ketishibdi. Quyon bilan tipratikan esa ortlaridan qo‘l silkitib qolishibdi. Endi daraxtlar orasidagi qorong‘ilik Bo‘g‘irsoqqa avvalgidek vahimali ko‘rinmas, tulki ham har bir shitirlagan tovushdan cho‘chimay borardi.

Nihoyat, uzoqdan kichkina uy ko‘rinibdi. Derazadan chiroq nuri tushar, mo‘ridan ko‘tarilgan tutun osmonga ingichka tasma bo‘lib cho‘zilardi.

— Bo‘g‘irsoqjon! Qayerlarda yuribsan? — deb hovliga yugurib chiqibdi kampir.

Chol ham uning ortidan kelibdi. Bo‘g‘irsoq buvisining yoniga dumalab borib, boshidan kechirganlarini aytib beribdi. Kampir tulkiga ehtiyotkorlik bilan qarabdi.

— Demak, bugun sen ham yordamga muhtoj bo‘libsan, tulkivoy, — debdi u. — Lekin bilib qo‘y: ishonchni bir kunda qozonib bo‘lmaydi.

Tulki bosh irg‘abdi.

— Tushunaman. Men endi yaxshi ishlar qilishga harakat qilaman.

Shu kundan boshlab tulki o‘rmondagi jonivorlarga yordam bera boshlabdi. Kimningdir iniga suv kirsa, yo‘lini ochib berar, kimdir adashib qolsa, uyiga eltardi. Avvaliga jonivorlar unga shubha bilan qarashibdi. Ammo tulki va’dasida turib, asta-sekin ularning ishonchini qozonibdi.

Bo‘g‘irsoq esa har gal o‘rmon sari yo‘l olganida, yangi do‘stlarini ko‘rgani borar ekan.

U bir narsani tushunibdi: mehr ko‘rsatish uchun ko‘r-ko‘rona ishonish shart emas. Ba’zan ehtiyotkorlikni yo‘qotmay turib ham birovga yordam berish mumkin.

O‘rmon esa yana qushlar sayrashi, barglar shiviri va do‘stlarning quvonchli ovozlariga to‘libdi.

Ertakdan hissa: Yaxshilik qalblarga yo‘l topadi, ishonch esa yaxshi amallar bilan qozoniladi.

## TUSHDAGI DAHSHAT

Kech kirib, osmonni qorong‘ilik qoplagan, deraza ortida esa mayin shamol daraxt barglarini asta tebratardi. Uy ichida sokinlik hukm surar, hamma allaqachon uyquga ketgan edi. Faqat Sardorning xonasidan telefon ekranining xira shu’lasi ko‘rinib turardi.

Sardor telefon o‘yinlariga juda qiziqardi. Ayniqsa, jangovar va otishma o‘yinlarini o‘ynashni yaxshi ko‘rar, har bir yangi bosqichni yutishni o‘ziga katta muvaffaqiyat deb bilardi. U ba'zan o‘yinga shu qadar berilib ketardiki, atrofida nimalar bo‘layotganini ham sezmay qolardi.

— Sardorjon, bolam, endi telefonni qo‘y. Soat ancha kech bo‘ldi. Ertaga maktabga borishing kerak, — dedi onasi eshikdan mo‘ralab.

— Hozir, oyijon! Faqat shu bosqichni tugatay, — dedi Sardor ko‘zlarini ekrandan uzmay.

— Har kuni shu gapni aytasan. Bolam, tun bo‘yi telefon o‘ynash sog‘lig‘ingga ham, uyqungga ham zarar. Ayniqsa, bunday qo‘rqinchli o‘yinlarga ko‘p berilma.

— Xo‘p, oyijon, — dedi Sardor.

Ammo uning «xo‘p» degan javobi onasini tinchlantirish uchun aytilgan edi, xolos.

Onasi xonadan chiqib ketgach, Sardor yana o‘yinga sho‘ng‘idi. Bir bosqich tugadi, ikkinchisi boshlandi. Vaqt esa sezilmasdan o‘tib borardi. Yarim tun allaqachon ortda qolgan, tongga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, Sardor telefonini qo‘lidan qo‘ymasdi.

Nihoyat, ko‘zlari yumilib, boshi yostiqqa og‘di. Telefonni yoniga qo‘ygancha chuqur uyquga ketdi.

Ammo bu tun uning uchun odatdagi tunlardan biri bo‘lmadi...

## G‘ALATI MANZARA

Sardor ko‘zlarini ochganda o‘z xonasida emas edi. U o‘zini huvillagan, qorong‘i va notanish bir joyda ko‘rdi. Osmonni quyuq qora bulutlar qoplagan, uzoq-yaqindan g‘alati tovushlar eshitilardi. Atrofda na bir inson, na bir tirik jon ko‘zga tashlanardi.

— Men qayerdaman? — dedi u hayrat bilan.

Shu payt uzoqdan kuchli shovqin eshitildi. Sardor ortiga o‘girildi. Qarshisida telefonida ko‘p bora ko‘rgan o‘yin manzaralari namoyon bo‘layotgan edi.

U hayratdan qotib qoldi.

— Yo‘q, bu bo‘lishi mumkin emas! Axir, men bu o‘yinni faqat telefonda o‘ynardim-ku! — dedi u titroq ovozda.

Birdan atrofda otishmalar boshlanib, quloqni qomatga keltiradigan shovqin yangradi. Uzoqdan bir necha kishi uning tomon yugurib kelayotganini ko‘rdi. Ular Sardorni quvlay boshlashdi.

— To‘xtanglar! Mendan nima istaysizlar?! — deb baqirdi bor ovozi bilan u.

Ammo hech kim javob bermadi.

Sardor bor kuchi bilan yugura boshladi.Lekin qancha tez yugurishga harakat qilmasin Uning ortidan kelayotgan qadam tovushlari tobora yaqinlashar, atrofdagi shovqinlar esa tinmay kuchayardi. U qayerga borishini bilmas, faqat bu yerdan qutulishni juda istardi.

Bir mahal oyog‘i bir narsaga ilinib, yiqilib tushay dedi. Zo‘rg‘a o‘zini tutib oldi. Nafasi bo‘g‘ziga tiqilgan, yuragi tez-tez urardi.

— Oyijon! Oyijon, qayerdasiz?! — deb baqirdi u.

Ammo javob bo‘lmadi.

U qorong‘i yo‘lakka burildi. Bu yer shu qadar zim-ziyo ediki, hatto o‘z qo‘llarini ham arang ko‘rardi. Sardor bir necha qadam yugurgach, uzoqdan xira bir shu'lani payqadi.

Avvaliga bu ko‘ziga ko‘ringandek tuyuldi. Ammo yaqinlashgan sari yorug‘lik tobora kuchayib borardi.

Sardor yo‘lak oxiriga yetgach, hayratdan to‘xtab qoldi.

## IKKI YO‘L

Uning qarshisida ikki xil manzara namoyon bo‘ldi.

Bir tomonda uning tunlari qo‘lidan tushirmaydigan telefoni turardi. Telefon ekranida yana o‘sha otishma o‘yinlari namoyish etilardi. Ekrandan jangovar tovushlar eshitilar, qorong‘i manzaralar tinimsiz almashardi.

Ikkinchi tomonda esa katta bir kitob ochilib yotardi. Kitobning oppoq sahifalaridan mayin, nurli shu'la taralar, uning atrofini yorug‘lik qoplab olgandi.

Sardor bir muddat ikkala tomonga tikilib qoldi.

Telefon tomondan yana baland shovqin eshitildi. Qorong‘ilik go‘yo uni yana o‘z bag‘riga tortayotgandek edi.

Kitob sahifalari esa mayin shamolda asta shitirlardi. Uning sahifalarida yam-yashil bog‘lar, rang-barang gullar, quvnoq bolalar, bilim olayotgan o‘quvchilar va go‘zal tabiat manzaralari aks etgandi.

Sardor kitob tomonga yaqinlashdi. Shu payt uning ko‘z oldida oppoq sahifalarda bir jumla paydo bo‘ldi:

«Haqiqiy qahramon — vaqtini qadrlaydigan, bilimga intiladigan va o‘z kelajagini bunyod etadigan insondir».

Sardor bu so‘zlarni o‘qib, chuqur o‘yga toldi.

Shu payt ortidan yana o‘sha qadam tovushlari eshitildi. Uni quvib kelayotganlar tobora yaqinlashardi.

— Yo‘q! Men bu yerda qolishni istamayman! — deb qichqirdi u.

Sardor endi ikkilanmadi. Bor kuchi bilan kitob taratayotgan nur tomon yugurdi.

Yorug‘lik tobora kuchaydi. Qorong‘ilik ortda qoldi. Atrofdagi shovqinlar sekin-asta uzoqlashdi. Go‘yo butun olam oppoq nurga burkangandek edi.

Sardor chuqur nafas oldi va kitobni bag'riga bosdi.

— Sardor! Sardorjon! Uyg‘on, bolam! Maktabga kech qolyapsan!

Onasining ovozi Sardorni uyqudan uyg‘otdi.

U birdan ko‘zlarini ochdi. O‘z xonasida, karavotida yotardi.Uning yostiqlari jiqqa hoʻl edi oyoqlari esa zirqirab og'rir edi Derazadan tong quyoshi mo‘ralab turar, tashqarida qushlar yoqimli sayrardi.

Sardor bir muddat shiftga tikilib yotdi. So‘ng yengil nafas oldi.

— Voy, tush ekan-ku! — dedi u hotirjamlik his qilar ekan .

Onasi uning yoniga kelib:

— Nima bo‘ldi, bolam? Tushingda qo‘rqdingmi? — deb so‘radi.

Sardor boshini qimirlatdi.

— Ha, oyijon. Men juda g‘alati tush ko‘rdim. Go‘yo o‘zim o‘ynaydigan o‘yinlarning ichida qolib ketdim. Meni kimlardir quvdi. Juda qo‘rqdim. Keyin qorong‘ilik ichida ikkita yo‘l ko‘rdim. Bir tomonda telefon, ikkinchi tomonda esa nur taratayotgan kitob bor edi. Men kitob tomonga yugurdim. O‘sha payt siz meni uyg‘otdingiz.

Onasi mehr bilan uning boshini siladi.

— Bolam, kechasi miyamiz kun davomida ko‘rgan va o‘ylagan narsalarimizni tushimizda ham aks ettirishi mumkin. Shuning uchun nimalarni tomosha qilayotganimizga, vaqtimizni nimalarga sarflayotganimizga e'tiborli bo‘lishimiz kerak. Telefonning foydali tomonlari ham ko‘p, ammo undan oqilona foydalanish lozim. Kitob esa insonning bilimini oshiradi, tasavvurini boyitadi.

Sardor onasining gaplarini diqqat bilan tingladi. So‘ng yostig‘i yonida turgan telefoniga qaradi. Kechagi tun, qorong‘i manzara, quvib kelayotgan odamlar va nur taratayotgan kitob ko‘z oldidan birma-bir o‘tdi.u seskanib ketdi

U o‘z xatosini tushunib yetdi boshini egganicha

— Oyijon, endi tushundim. Siz meni bekorga ogohlantirmas ekansiz. Men vaqtimni behuda sarflabman. Endi bunday o‘yinlarga berilmayman. Kechasi vaqtida uxlayman, ko‘proq kitob o‘qiyman. O‘zimga va'da beraman! — dedi Sardor qat'iy ovozda.

Onasi mamnun bo‘lib jilmaydi.

— Barakalla, bolam. Eng muhimi, inson o‘z xatosini anglab, undan to‘g‘ri xulosa chiqara bilishi kerak.

Sardor o‘rnidan turdi, yuz-qo‘lini yuvdi va maktabga tayyorlana boshladi. So‘ng javon yoniga borib, hali o‘qib tugatmagan ertaklar kitobini qo‘liga oldi.

— Oyijon, bugun maktabdan qaytgach, shu kitobni oxirigacha o‘qiyman! — dedi quvonch bilan.

Onasi uning bu qaroridan xursand bo‘ldi.

Sardor deraza oldiga borib, tashqariga qaradi. Quyosh nurlari hovliga yoyilib, daraxt yaproqlarida yaltirardi. Qushlarning sayrashi esa tongga o‘zgacha chiroy bag‘ishlardi.

U beixtiyor jilmaydi. Ortiga bir qarab oyisiga qoʻl siltab maktab tomon yoʻl oldi

Oyijon bugun ko'p besh olib kelaman deb yugurib ketdi.

## Elnur va ruchka

Elnur juda to‘polonchi va erinchoq quloqsiz bola edi. U hech qachon ustozlarining gapiga quloq solmas, uy vazifalarini vaqtida bajarmas edi. Maktabda ham dars paytida tinmay to‘polon qilar, ustozining tushuntirayotgan gaplariga e’tibor bermasdi.

Bir kuni ustoz Elnurni yoniga chaqirib:

— Elnur, sen nega uy vazifalaringni bajarmay kelyapsan? Men senga doimo yaxshi o‘qishing, tartibli va odobli bo‘lishing kerakligini aytaman. Ammo sen gaplarimga quloq solmayapsan, — dedi.

Lekin Elnur bu gaplardan ham tegishli xulosa chiqarmadi. U kundan-kunga yanada beparvo bo‘lib borardi.

Ustoz uning xulqidan xavotirlanib, sinf rahbariga, keyin esa ota-onasiga ham murojaat qildi. Ular ham Elnur bilan ko‘p marta suhbatlashishdi. Ammo Elnur o‘zini o‘zgartirishga harakat qilmadi beparvoligida davom etdi.

Kunlardan bir kuni dars paytida g'alati ish bóldi. Dars qizg'in hamma óquvchilar 5 baho olish uchun berilgan topshiriqni astoyidil bajarayotgan edi. Faqatgina Elnur hayollari boshqa joyda bólib oyoqlarini óynatib partaga boshini qóyib yotardi Óqituvchi Elnurning yozmay, jim o‘tirganini ko‘rib qoldi.

— Elnur, Sen nega yozmayapsan? —5 baho olishni hohlamaysanmi deb so‘radi ustoz.

— Ustooz, ruchkam uyda qolib ketibdi, — dedi Elnur.

Ustoz butun sinfga qarab:

— Bolalar, o‘rtog‘ingizga ruchka berib turinglar. Kimda ortiqcha ruchka bo‘lsa, Elnurga berib tursin, — dedi.

Ammo bolalarning hech biri Elnurga ruchka berishni istamadi.

Elnur bundan juda hayron bo‘ldi. Shu payt ustoz sinfdagi boshqa bir o‘quvchi — Azamatning ham ruchkasi yozmay bóyog'i tugab qolganini ko‘rib qoldi.

Azamat sinfdagi eng tirishqoq va odobli alochi o‘quvchilardan biri edi. U doimo uy vazifalarini tayyorlab kelar, darslarda faol qatnashar va ustozlarini hurmat qilardi.Uning barcha baholari 5 edi. Ustozi

-bolalar Azamatning ruchkasi ham yozmay qolipti hozir dókondan olib Kelaman deb eshik tomon yurgan edi

Birdan sinfdagi bolalar Azamatning oldiga yugurib borishdi. Kimdir ikkita ruchkasidan bittasini berdi, yana biri qo‘shimcha ruchkasini uzatdi. Hamma Azamatga yordam berishga harakat qildi.

Elnur esa bu holatni hayrat bilan kuzatib turardi.

Shunda ustoz unga qarab:

— Elnur, ko‘rdingmi? O‘rtoqlaring Azamatga yordam berishga shoshilishdi. Chunki u odobli, tirishqoq, bilim olishga intiladigan bola. Sen esa dangasalik qilib, darslarga quloq solmay, doimo to‘polon qilarding. Shu sababli o‘rtoqlaring ham senga yordam berishni istashmadi. Bundan o‘zingga tegishli xulosani chiqar, — dedi.

Elnur ustozining gaplaridan qattiq ta’sirlandi. U birinchi marta o‘z xatti-harakatlariga chetdan nazar tashladi.

«Demak, mening o‘rtoqlarim kamligining sababi o‘zimning xulqimda ekan», — deb o‘yladi u. U uzoq óylanib yerga qarab turdi va

Shu kundan boshlab Elnur o‘zini o‘zgartirishga qaror qildi. U uy vazifalarini vaqtida bajaradigan bo‘ldi. Darslarda ustozlarini diqqat bilan tingladi, sinfdoshlariga hurmat bilan munosabatda bo‘la boshladi va to‘polon qilishni bas qildi.

Oradan vaqt o‘tib, Elnurning baholari ham kundan-kunga yaxshilana boshladi. U darslarni yaxshi o‘zlashtirib, bilim olishga qiziqib qoldi.

Sinfdagi bolalar ham uning o‘zgarishini ko‘rib, Elnur bilan birin-ketin do‘stlasha boshlashdi. Endi Elnur do‘stlari bilan birga dars tayyorlar, she’rlar yodlar, kitoblar o‘qirdi.

Elnur nihoyat bir haqiqatni tushunib yetdi: yaxshi xulq, odob va bilim insonning eng yaxshi do‘stlarini topishiga yordam beradi.

Ko‘rdingizmi, bolajonlar? Odobli, bilimli, tirishqoq va yaxshi muomala qiladigan bolalarning do‘stlari hamisha ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun dangasalikdan uzoq bo‘ling, ustozlaringizning gaplariga quloq soling, yaxshi o‘qing va do‘stlaringizga doimo yordam berishga harakat qiling!

## DARAXTNING SO‘NGGI ILTIMOSI

— Ertaga bu daraxt kesiladi!

Bu gapni eshitgan Anvar qo‘lidagi kitobni tushirib yubordi.

— Nega?! — dedi u shoshib.

— Qarib qolgan. Shoxlari qurigan. Yana kimdir uning ustidan yiqilib tushsa, javobini kim beradi? — dedi maktab qorovuli.

Anvar hovlining o‘rtasida qad rostlab turgan keksa chinorga qaradi. Uning tanasidagi chuqur izlar, osmonga cho‘zilgan shoxlari va ildizi atrofidagi tuproq unga juda tanish edi.

Bu daraxt ostida Anvar birinchi marta she’r yodlagan, do‘stlari bilan quvlashmachoq o‘ynagan, ba’zan esa hech kimga bildirmay yig‘lagan edi.

— Daraxtning aybi nima? — dedi u sekin.

Qorovul yelka qisdi.

— Men nima ham qilardim, bolam? Buyruq shunday.

Anvar o‘sha kuni uyiga qaytgach ham chinorni o‘yladi. Ertalab maktabga kelganida esa daraxt tanasiga yopishtirilgan qog‘ozni ko‘rdi:

«ERTAGA SOAT 9:00 DA KESILADI».

Anvarning yuragi siqildi.

Tanaffusda u sinfdoshlarini daraxt tagiga yig‘di.

— Uni saqlab qolishimiz kerak!

— Sen daraxtni quchoqlab olmoqchimisan? — kuldi Sardor.

Bolalar kulishdi. Anvar esa jiddiy turardi.

— Kulaveringlar. Lekin ertaga u bo‘lmaydi.

Bu safar hech kim kulmadi.

Shu kuni bolalar maktab direktorining oldiga borishdi. Direktor ularni diqqat bilan tingladi.

— Bolalar, men sizlarni tushunaman. Lekin daraxtning shoxlari qurigan. Avval mutaxassis ko‘rib chiqishi kerak. Agar xavfli bo‘lsa, uni shunchaki qoldirib bo‘lmaydi.

— Unda tekshirtiraylik! — dedi Anvar. — Balki uni kesmasdan saqlab qolish mumkindir?

Direktor bir oz o‘ylanib qoldi.

— Yaxshi. Ertalab mutaxassis chaqiramiz. Ungacha hech kim daraxtga yaqinlashmasin.

Bolalar xursand bo‘lib ketishdi. Ammo Anvarning ko‘ngli hanuz g‘ash edi. Chunki daraxtni kesishga keladigan odamlar ertalab soat to‘qqizda yetib kelishlari mumkin edi.

Ertasi kuni maktab hovlisiga bolta ko‘targan ikki kishi kirib keldi. Ularning ortidan maktab qorovuli ham keldi.

— Bolalar, chetga chiqinglar! — dedi ulardan biri.

Anvar daraxt tagida turardi. Qo‘lida kichkina daftar bor edi.

— Iltimos, biroz kutinglar. Mutaxassis kelishi kerak.

— Bizga topshiriq berilgan, bolam. Ishimizni qilamiz.

Shu payt Anvar daftarini ochdi.

— Unda hech bo‘lmasa, daraxtning so‘nggi iltimosini o‘qib olaylik.

— Daraxtning ham iltimosi bo‘ladimi? — dedi ishchilardan biri kulimsirab.

— Bo‘ladi, — dedi Anvar. — Faqat uni eshitish uchun biroz jim turish kerak.

U daftaridan o‘qiy boshladi:

«Men bu hovliga sizlardan ancha oldin kelganman. Sizlarning bobolaringiz kichkina bola bo‘lib, soyamda o‘ynashgan. Otalaringiz ilk bor maktabga kelganlarida ham men shu yerda edim.

Yozning jaziramasida sizlarga soya berdim. Qushlarga boshpana bo‘ldim. Barglarim orasida nechta bola sirlarini aytdi, nechta yurak orzularini yashirdi — bilsangiz edi!

Endi qarib qoldim. Buni o‘zim ham sezaman. Shoxlarimning ayrimlari quridi. Men abadiy yashamayman.

Ammo bir savolim bor: qariganim uchun meni darrov unutish kerakmi?

Agar xavf tug‘dirayotgan bo‘lsam, shoxlarimni tekshiring. Menga yordam berishning iloji bo‘lsa, yordam bering. Agar yashashim mumkin bo‘lmasa, o‘rnimga yangi nihollar eking.

Faqat bolalarga bir narsani o‘rgating: tabiatni asrash — daraxtni ko‘r-ko‘rona saqlab qolish emas, balki uning hayotini tushunish va unga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishdir.

Men sizlardan abadiy yashashni so‘ramayman. Faqat soyamda ulg‘aygan bolalar bir kun kelib, boshqa daraxtlarni ham asrashni unutmasinlar.

Shu mening so‘nggi iltimosim…»

Anvar o‘qishni tugatdi.

Hovli jimjit edi.

Hatto Sardor ham boshini egib turardi.

Shu payt darvoza oldida bir mashina to‘xtadi. Undan daraxtshunos mutaxassis tushdi. U chinorni aylanib ko‘rdi, shoxlarini tekshirdi, tanasidagi chirigan joylarni kuzatdi.

— Daraxtning ayrim shoxlari xavfli, — dedi u. — Ularni kesish kerak. Lekin tanasining katta qismi sog‘lom. To‘g‘ri parvarish qilinsa, yana yashashi mumkin.

Anvarning ko‘zlari chaqnadi.

— Demak, uni saqlab qolamizmi?

— Ha. Ammo ehtiyot choralarini ko‘rishimiz kerak.

Bolalar bir-biriga qarab jilmayishdi.

O‘sha kuni qurigan shoxlar kesildi, daraxt atrofi tartibga keltirildi. Uning yoniga esa uchta yosh nihol ekildi.

Sardor nihollardan birining tuprog‘ini qo‘li bilan bosib qo‘ydi.

— Anvar, men ham daraxt ekaman. Uyimiz hovlisiga.

Anvar kuldi.

— Faqat ekib qo‘yma. Uni parvarish ham qil.

Bir necha kundan keyin chinorning tanasiga kichkina taxtacha o‘rnatildi. Unda shunday yozuv bor edi:

«Bu daraxt bizga soya berdi. Endi uni asrash navbati bizda».

Anvar har kuni maktabga kelganida chinorga qarardi. Shabada esganda barglar shitirlab ketardi.

Ba’zan u shu shitirlash ichidan bir ovozni eshitgandek bo‘lardi.

Go‘yo daraxt unga rahmat aytayotgandek…

Yoki yana bir iltimos qilayotgandek:

«Meni asraganingiz uchun rahmat. Endi boshqa daraxtlarni ham unutmang…»

## MUZQAYMOQNING SIRI

Yoz! Qanday mazza! Na maktab, na o‘qish, na dars bor. Faqat dam olish, uyquga to‘yish, do‘stlar bilan ko‘cha changitish! Ana shunday yozning qaynoqqina kunlaridan birida...

Marjona ukasi bilan tor ko‘chaning boshidagi do‘kon tomon otlanishdi. Atrof juda chiroyli edi. Suv sepilgan yo‘lakdan taralayotgan yoqimli hid insonga huzur bag‘ishlardi. Ariqdan jildirab oqayotgan shishadek tiniq suv kishining xayolini o‘ziga rom etardi. Ariq chetidagi judayam yoqimli edi.

Marjona onasining topshirig‘i bilan yo‘lga chiqqan edi. Onasi unga:

— Qizim, mana bu pulga ikkita non olib kelinglar, — deb o‘n besh ming so‘m bergan edi.

Marjona ukasi bilan do‘konga ketayotib, yo‘lakchada sakrab-sakrab:

— Hayu-u-u, chittigul! Hayu-u-u, chittigul! — deya qo‘shiqni xirgoyi qilib borardi.

Ukasi unga yetib olish uchun jajji oyoqlarini tez-tez harakatlantirib, hansiragancha orqasidan yugurardi.

— Kelaqol, Hasan! — deb Marjona ba’zan ortiga qayrilib qo‘yardi.

Nihoyat, do‘konga yetib kelishdi. Ichkariga kirib, ikkita non olishdi. Marjona sotuvchiga pul uzatganida, sotuvchi ikkita non bilan birga to‘rt ming so‘m qaytim berdi.

Marjona qaytim pulga qarab turib, katta muzlatkichdagi turli xil muzqaymoqlarga ko‘zi tushdi.

«Onam bilmasa, bitta muzqaymoq olsam-chi? Ikkita olsam, ukam ham xursand bo‘ladi», — deb o‘yladi u o‘ziga o‘zi.

Keyin ukasiga qaradi.

— Ukajon, muzqaymoq yeysanmi, asalim? — deb so‘radi.

Ukasining ko‘zlari chaqnab ketdi.

— Haaa! — dedi u birdaniga.

Marjona ikkita muzqaymoq oldi. Bittasini ukasiga berdi, ikkinchisini esa paketga soldi.

Tezgina ortga qaytishdi. Marjona uyga kiraverishda qo‘lidagi muzqaymoqni darvozaning bir chetiga yashirib qo‘ydi.

«Keyinroq, hech kim ko‘rmay turganda yeyman», — deb reja qildi u.

— Biz keldik, oyijooon! — deya a’lo kayfiyatda opa-uka uyga kirishdi.

Uyga kirishlari bilan nonni onasiga uzatishdi. Onasi so‘radi:

— Qizim, nonga bergan pulimning qaytimi qani?

Marjona bir zum dovdirab qoldi.

— Non... non... Non qimmatlabdi, oyijon. Ikkita non oldik. Qolgan pulga boshqa hech narsa olmadik, bo‘ldi, — dedi u.

Onasi indamadi.

Marjona sekin ukasiga qarab, ko‘z qisib qo‘ydi. Ukasi esa hech narsani bilmagan odamdek jim turardi.

Oradan biroz vaqt o‘tdi. Onasi Marjonaga:

— Darsingni qil, qizim, — dedi.

Marjonaning xayoli muzqaymoqda bo‘lsa-da, darslarini tayyorlashga kirishib ketdi. Kitoblarini ochib, daftarlarini chiqardi. U butun fikru xayoli bilan darsga sho‘ng‘ib ketdi. Yashirib qo‘yilgan muzqaymoq esa uning butunlay yodidan ko‘tarildi.

Kech kirdi. Atrof jimjit. Faqat chigirtkalarning sho‘x hushtaklari eshitilardi. Ora-sira qurbaqalarning ham xirgoyi qilishi odamning e’tiborini tortardi.

Uyda hamma o‘tirgan edi. Bir payt ukasi onasiga:

— Oyijon, bugun opam menga muzqaymoq olib berdi! — deb yubordi.

Marjona bir sapchib tushdi.

«Voy, muzqaymoq!» — deb o‘yladi u.

Sakrab o‘rnidan turdi-da, darrov darvoza tomonga yugurdi. Muzqaymoqni yashirib qo‘ygan joyiga qaradi-yu...

— Voy-bo‘y! — deb yubordi.

Ikki qo‘li bilan og‘zini yopdi. Muzqaymoq allaqachon erib, faqatgina shirin va yopishqoq iz qoldirgandi.

Ortidan yugurib kelgan ukasining kulgisi eshitildi:

— Opajon, muzqaymoq sizni kutib o‘tirmabdi!

Marjona avval xafa bo‘ldi, keyin o‘zi ham kulib yubordi.

Onasi esa boshini chayqab:

— Qizim, birovdan yashirib olingan narsaning siri uzoqqa bormaydi. Yana muzqaymoqni yashirsang, keyingi safar uni muzlatkichga qo‘yishni unutma! — dedi.

Marjona uyalib, yerga qaradi-yu, onasidan kechirim so‘radi.

— Xo‘p, oyijon. Endi sizdan yashirmayman, — dedi.

So‘ng ukasiga qarab:

— Sen-chi, mening sirlarimni sotib qo‘yaverasanmi? — dedi.

Ukasining javobi tayyor edi:

— Men aytmadim ham! Hammasini muzqaymoqning o‘zi aytib qo‘ydi! — deb, erib ketgan muzqaymoqqa ishora qildi.

Hovlini kulgi qopladi...

## KATTA BO‘LSAM, TELEFON BO‘LAMAN

— Oyi, qarang! Sizga nima chizdim!

Mustafo qo‘lidagi rasmni quvonib oyisining oldiga olib keldi. Unda uch kishi tasvirlangan edi: dadasi, oyisi va o‘zi. Uchalasining ham qo‘llari bir-biriga tutashgan, yuzlarida esa katta-katta tabassum, bir olam mehr bor edi. Tepalariga esa katta quyosh chizilgan, quyosh go‘yoki ularga havas bilan kulib turgandek ko‘rinardi.

Oyisi telefonidan ko‘z uzmay javob berdi:

— Voy, zo‘r-ku, bolam! Hozir, xo‘pmi? Birozdan keyin ko‘raman, — deb yuzini burdi.

U dadasining oldiga yugurdi.

— Dada, dadajon, siz qarang, bu siz! Bu oyim, bu esa men!

Dadasi telefonda kim bilandir yozishayotgan edi.

— Barakalla, o‘g‘lim! Hozir ishimni tugatay, keyin ko‘ramiz, — dedi-da, xonangga bor degandek qo‘li bilan ishora qildi.

Mustafo rasmiga qaradi. Keyin oyisiga, keyin dadasiga. Bir qaradi-yu, chuqur xo‘rsinib:

— Xo‘p, — dedi sekingina, xafa bo‘lganini sezdirmadi.

U chizgan rasmni stol ustiga qo‘ydi-da, xonasiga kirib ketdi.

Birozdan so‘ng u yana qog‘oz-qalamlarini oldi. Uzoq o‘ylanib o‘tirmadi. Bu safar uchta odam emas, ikkita katta odam va bitta telefon chizdi telefonning ichida kichkina bola tasvirlangan edi. Rasmdagi bolaning yuzlari koʻzlarida ishonchsizlik yolg'izlik sezilib turar edi

Rasmning tagiga katta harflar bilan shunday deb yozib qoʻydi

«Katta bo‘lsam, telefon bo‘laman!»

Kechqurun oyisi stol ustini yig'ishtrayotib ustidagi rasmlarni ko‘rib qoldi.U darxol oʻgʻlini chaqirdi

— Mustafo bolam bu nima? — deb so‘radi u hayron bo‘lib. — Nega telefon bo‘lmoqchisan?Ularni yoniga

Dadasi ham yaqinlashdi.

— Iye, o‘g‘lim, nega unday deb yozding? Dedi dadasi

Mustafo boshini egdi. Bir muddat jim turdi. Ikkala ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi. Keyin sekingina soʻzlari qaltirab gap boshladi:

— Chunki chunki sizlar telefonni qo‘lingizga olishingiz bilan unga qaraysizlar qoʻllaringizdan tushurmaysizlar unga qarab kulasizlar yaxshi koʻrasizlar. Men gapirsam, «Hozir, bolam», deysizlar. Rasm chizsam, «Keyin ko‘ramiz», deysizlar. Biror narsani aytmoqchi bo‘lsam, «Biroz kut», deysizlar...

U bir oz to‘xtadi-da, yig'lab yubordi alam bilan ota-onasiga qaradi. Alamdan tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi va sekin, siniq ovozda:

— Men ham sizlar bilan ko‘proq o‘tirishni hohlayman sizlar bilan gaplashishni birga Vaxt oʻtkazishni hohlayman . Men ham rasmimni ko‘rsatmoqchiman. Men ham gapirganimda, meni eshitishingizni xohlayman...

Mustafoning ko‘zlarida to‘plangan yosh ariqdagi suvdek quyilib keldi.

— Telefon bo‘lsam, balki meni ham doim qo‘lingizda olib yurarsiz. Balki menga ham ko‘proq qararsiz...

Xonaga jimlik cho‘kdi.

Oyisi bilan dadasi bir-biriga afsus va pushaymon bilan qaragancha o‘tirib qolishdi.

Oyisi qo‘lidagi telefonini sekin stolga qo‘ydi. Dadasi ham telefonini chetga surdi.

Oyisi uning oldiga kelib, yoniga cho‘kkaladi.

— Bolam, biz seni bunchalik xafa qilayotganimizni bilmagan ekanmiz...dediyu beixtiyor koʻzlari yoshlandi

Dadasi esa og'lining qo‘lidan ushladi.

— Kechir, o‘g‘lim. Biz telefonimizga qarayverib, yonimizdagi eng aziz qadrli insonimizni unutib qo‘yibmiz.dedi

Mustafo

— Kimni? — deb so‘radi.

Dadasi uning burniga sekin qoʻlini tegizdi.

— Seni-da, o‘g‘lim! Dedi

Mustafo jilmaydi.

Birdan dadasining bo‘yniga osilib oldi.

— Unda hozir chizgan rasmimni ko‘rasizlarmi? — dedi Mustafo

— Albatta! — dedi oyisi. — Faqat rasmingni emas, o‘zingni ham jon qulog‘imiz bilan tinglaymiz.

Uchovlon gilam ustiga o‘tirishdi. Xuddi xonaga quyosh chiqqandek, yorishib ketdi. Mustafo qoʻllariga rasmini olib, har bir chizig‘ini tushuntirar ekan, ko‘zlarida quvonch, baxt uchqunlari porlab turar edi. Chizilgan rasmini shunday berilib tushuntirardiki, oyisi bilan dadasi unga bor diqqat-e’tiborlari bilan tikilib turishardi.

Bu safar hech kim «Hozir» demadi.

Ikkita telefon esa keraksizligini his qilganday, stol ustida jimgina yotardi.....

Maqola yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing.

Muallif

Normuradova Go‘zal Uzoqboy qizi

Filologiya talabasi · Bolalar adabiyoti ijodkori · Shoira · Startap loyiha muallifi · Uch farzand onasi

Hoziroq ariza qoldirish