Muhammadaliyev Mansurbek Nosirjon O'g'li
Muhammadaliyev Mansurbek Nosirjon o‘g‘li 1999-yil 1-may kuni Namangan viloyati, Chortoq tumani, Koroskon shaharchasida tug‘ilgan. Hozirda Namangan viloyati, Chortoq tumani, Koroskon shaharchasida yashaydi.
U Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi Chortoq tibbiyot kollejini muvaffaqiyatli tamomlagan. Toshkent tibbiyot akademiyasining Tibbiy biologiya ishi yo‘nalishida hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishida tahsil olgan va olmoqda. Ayni paytda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Davolash ishi fakultetining 4-bosqich talabasi. Shuningdek, Toshkent shahar Yunusobod Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi.
Mansurbek tibbiyotni nafaqat kasb, balki inson hayoti va salomatligiga xizmat qilish imkonini beradigan sharafli yo‘nalish deb biladi. U bilimlarini chuqurlashtirish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini o‘rganish hamda ilmiy izlanishlar olib borishga intiladi. Respublika va xorijda chop etilgan 20 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar muallifi, xalqaro olimpiada qatnashchisi sifatida ko‘rsatilgan.
U ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Uning hayotiga ta’sir qilgan yagona omil — otasi, onasi, opalari va akasidan iborat oilasi. Otasining «Kitob — non, suv, hayot» degan so‘zlari uning qarashlarida muhim o‘rin tutadi.
Bo‘sh vaqtida badiiy kitob o‘qiydi, musiqa tinglaydi va sayr qiladi. Uning hayotiy prinsipi: «Xatolar sening ko‘zingga ko‘rinmaydigan haqiqatlarni ko‘rsatib beradi. Qayta qilingan xatolar esa seni badnom qiladi. Shunday ekan, xato qil, xatolar qilma. Ilm senga hamma narsani olib keladi, sen ilmni olib kelsang bas!»
Kelajakda eng yaxshi shifokor bo‘lib, insonlar og‘rig‘ini yengillashtirish va butkul yo‘qotishni, shuningdek, oliy ta’lim sohasiga shifokor-o‘qituvchi bo‘lib kirishni maqsad qilgan. U ilm-fanga qiziqadigan, jamiyatga foydasi tegadigan va o‘z bilimlari bilan boshqalarga ilhom bera oladigan yetuk mutaxassis bo‘lishni istaydi.
