Mustafoqulova Setora Shavkatjon Qizi
Mustafoqulova Setora Shavkatjon qizi 21.05.2008-yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. U hozirda Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashaydi. Setora Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabi bitiruvchisi bo‘lib, tugallanmagan oliy ta’limga ega. U O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishida tahsil oladi.
U faoliyatini maktab davridan boshlagan. Erishgan yutuqlari qatorida ona tili va adabiyot fanidan A daraja, ingliz tilidan B2 daraja hamda matematika fanidan Xorazmiy olimpiadasidagi faxrli o‘rin bor. Uning har bir erishgan muvaffaqiyati unga yanada oldinga intilish uchun motivatsiya beradi.
Setora bo‘sh vaqtlarida kitob mutolaa qiladi, ayniqsa badiiy va shaxsiy rivojlanishga doir kitoblarni sevib o‘qiydi. Uning hayotiy prinsipi — orzu va maqsadlarga erishish yo‘lida hech qanday to‘siqlarga qaramasdan oldinga intilish. U lider bo‘lishning eng muhim jihati mas’uliyatli bo‘lish, deb hisoblaydi. Uning fikricha, har bir voqeaga mas’uliyat bilan yondashgan insongina lider bo‘la oladi.
Kelajakda u magistratura va doktorantura bosqichlarida Oxford va Garvard kabi nufuzli universitetlarda o‘qishni maqsad qilgan. Shuningdek, yoshlar uchun muvaffaqiyatga erishish haqida shaxsiy kitobini chop ettirmoqchi. U yoshlar mazkur kitobni o‘qib, to‘g‘ri maqsad bilan kelajaklari uchun harakat qilishlarini istaydi. Uning fikricha, boshqalar undan maqsadga erishish yo‘lida mas’uliyat, intizom va to‘siqlarga qaramasdan oldinga intilishni o‘rganishlari mumkin.
“Chegaralaringizni imkoniyatingiz emas, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz belgilaydi. O‘zingizga ishoning va yuksalishda davom eting!”
