Muxtarov Shexrozjon Jaxongir O'g'li
Muxtarov Shexrozjon Jaxongir o‘g‘li 2007-yil 7-iyulda Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumani, Mehnat MFYda tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida yashaydi.
U 2014–2018-yillarda 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, 2018–2025-yillarda 28-IDUMIda tahsil olgan. 2026-yildan hozirgacha Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida tahsil olmoqda. U hozirda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti (JIDU)ning Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi 1-kurs talabasi. U 2026-yil avgust oyida JIDUga DTMdan 189 ball olib, grant asosida qabul qilingan.
U 62-maktabning 3- va 4-sinflarida matematika fanidan o‘tkazilgan tuman olimpiadasida 2 marta 2-o‘rinni egallagan. 4-sinfida ona tili fanidan tuman miqyosida 3-o‘rinni olgan. 2018-yilda boshlang‘ich maktabni tamomlagach, tuman markazidagi 28-IDUMIga 1 200 nafardan ortiq o‘quvchi orasidan imtihon asosida qabul qilingan 93 nafar o‘quvchi safidan 4-o‘rinda joy olib, o‘qishga qabul qilingan. 28-IDUMIda o‘tkazilgan Darg‘om va Al-Xorazmiy matematika olimpiadalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan.
2023-yilda informatika fanidan o‘tkazilgan fan olimpiadasining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallagan. Shu olimpiadada qatnashgan ikki do‘sti bilan «Duppi Study» nomli loyihaga asos solgan. Loyiha doirasida YouTube’ga yangi texnologiyalardan foydalanish, turli dasturlash tillari, videomontaj, rasmlarni sifatli montaj qilish bo‘yicha videodarsliklar hamda texnologik yangiliklarga oid videolar yuklangan. Ushbu ishlar maktab yotoqxonasida amalga oshirilgan. Do‘stlaridan biri boshqa maktabga o‘tib ketgach, loyiha to‘xtab qolgan. U maktabda o‘tkazilgan ko‘plab fan oyliklari va shunga o‘xshash tadbirlarda ham faol ishtirok etgan.
U 2024-yil yozida IELTS imtihonidan birinchi urinishda 6.5 ball olgan. O‘sha yilning dekabr oyida SAT natijasini ham qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Texas State University, San Francisco Bay University, Temple University, Kent State University va yana 6 ta universitetga hujjat topshirgan. Ularning 6 tasiga qabul qilingan. Texas State Universitydan 120% grant, San Francisco Bay Universitydan 100% grant hamda Kent State Universitydan 85% miqdorida grant yutgan.
U 2025-yil avgust oyida Qirg‘izistonning Bishkek shahridan AQSh elchixonasida viza suhbatidan o‘tganida rad javobini olgan. Keyinchalik Tailandning Bangkok shahridan ikkinchi marta barcha hujjatlarini to‘g‘rilab topshirganidan so‘ng ham viza xodimlari rad javobini bergan. Uyga qaytgach, Samarqand shahridagi matematika fanidan kuchli ustoz bilan jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. 2026-yil fevralda 5 oylik tayyorgarlikdan so‘ng matematika fanidan Milliy sertifikat imtihonida A+ (76.29 ball) natijani qayd etgan. Keyin tarix fanidan Milliy sertifikat imtihonini topshirib, 1 oylik kuchli mehnat va maktabdan olingan fundamental bilimlar natijasida C+ (50.33 ball) olgan. Undan so‘ng ona tili fanidan Milliy sertifikat imtihonida maktabdagi bilimlari va 20 kunlik qayta takrorlashdan so‘ng B+ (61.49 ball) natijaga erishgan. Ushbu sertifikatlaridan foydalanib, DTM imtihonida 189 ball to‘plagan.
Uning yutuqlarida ota-onasining o‘rni katta. Ota-onasi unga va singlisiga bolaligidan ta’lim olish zarurligini uqtirib, ularni juda yoshligidan ingliz tili, ona tili, matematika va o‘qish fanlari bo‘yicha qo‘shimcha darslarga yuborgan. Oilaning moddiy sharoiti og‘ir bo‘lgan davrda ham ota-onasi farzandlari ta’limiga mablag‘ ajratib, ularni tinimsiz qo‘llab-quvvatlagan. U maktabga borganda ma’lum darajada o‘qishni va ko‘paytirish jadvalini deyarli to‘liq bilgan; bularni unga otasi va onasi o‘rgatgan.
Uning birinchi o‘qituvchisi Farmonova Oysara ustoz boshlang‘ich maktabdagi muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shgan: uni sinf sardori etib tayinlagan va ko‘plab olimpiadalarga olib borgan. Hozirgacha u ustozining oldiga borib, duosini oladi va eski vaqtlarni eslab, uzoq suhbatlashadi. 28-IDUMIdagi sinf rahbari Jumayeva Aziza ustoz va tarbiyachisi Norqobilova Laylo ustoz ham uning yuqori sinflardagi ko‘plab yutuqlariga hissa qo‘shgan, u bilan ko‘p vaqt o‘tkazib, hayotiy saboqlarni ulashgan. Maktabni tugatgach, Samadjon Muxtarov, Mirkomil Allayorov, Rahmatulla Safarov va Shohruh Tursunmurodov ustozlar uning hayotida muhim rol o‘ynagan. Ularning bergan bilimlari natijasida u milliy va xalqaro sertifikatlarni olishga erishgan. U Samadjon domla bilan hozirgacha ko‘rishib, suhbatlashib turadi; shu yilning may oylarida ular birgalikda tog‘ga safar qilib, uzoq va chuqur suhbat qurishgan.
U bo‘sh vaqtida badiiy asarlar o‘qiydi; yaqinda 4 ta kitob sotib olgan va hali tugatmagan asarlari ham bor. U sayr qilishni, sport zaliga borishni, do‘stlari bilan suhbatlashib vaqt o‘tkazishni, sayohat qilishni va yangi insonlar bilan tanishishni yoqtiradi. Samarqandda bo‘lgan paytlarida piyoda ko‘plab joylarni aylangan, hozir Toshkentda ham sayrga chiqadi. Yaqinda Qashqadaryoga 4 kunlik safar qilib, yangi do‘stlar orttirgan, yangi joylarni ko‘rgan, yangi narsalarni kashf qilgan va Chorshanba bozoriga borgan. Maktab davrida ko‘plab rasmlar chizgan, ammo hozir bu mashg‘uloti kamaygan.
U ustozlar bilan muloqot qilishni, ulardan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hamda hayotiy maslahatlar olishni qadrlaydi. Iqtisodiyot, biznes, diplomatiya va insonlarning qanday fikrlashi uni qiziqtiradi. Universitetni faqat diplom olish joyi emas, balki o‘zini sinab ko‘rish, yangi insonlar bilan tanishish va kelajak uchun kuchli poydevor yaratish imkoniyati deb biladi.
Uning hayotiy prinsipi: «Maqsad emas — tizim. Shov-shuv emas — natija. To‘xtamasdan o‘rganish.» U lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat mas’uliyat ekanini, haqiqiy lider o‘zini boshqara olishi, qarorlarining natijasiga javob berishi va kerak bo‘lganda boshqalarning manfaatini ham o‘ylab harakat qilishi zarurligini ta’kidlaydi.
Uning eng katta maqsadi — UWEDdagi 4 yil davomida o‘zini iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar, diplomatiya va boshqaruv sohalarida kuchli mutaxassis sifatida shakllantirish. U universitetni yuqori natijalar bilan tamomlash, xorijiy tillarini rivojlantirish, xalqaro tajriba orttirish va kuchli professional aloqalar yaratishni maqsad qilgan. Kelajakda katta mas’uliyat va ta’sirga ega lavozimda ishlab, mamlakati rivojiga hissa qo‘shish bilan birga, o‘z biznesi va yirik loyihalarini ham amalga oshirishni istaydi. U bilim, halollik va mehnat orqali o‘z sohasida yuqori darajaga chiqib, oilasi va jamiyati uchun foydali inson bo‘lishni maqsad qilgan.
Boshqalarga taslim bo‘lmaslik va o‘z ustida ishlashni o‘rgata olishini aytadi. Maktab davrida matematika bo‘yicha o‘zida kamchiliklar borligini ko‘rib, bir necha oy davomida jiddiy ishlagani va yuqori natijaga erishgani uning uchun muhim tajriba bo‘lgan. U UWEDga kirganini yakuniy natija emas, balki o‘zini yanada rivojlantirish uchun yangi bosqich deb biladi. Uning uchun xato yoki qiyinchilik sabab to‘xtab qolmasdan, undan xulosa chiqarib, yana harakat qilish muhim.
