Nazarova Asaloy Uchqunovna

Nazarova Asaloy Uchqunovna
Nazarova Asaloy Uchqunovna
19 avgust, 20262 daqiqalik o'qish

Nazarova Asaloy Uchqunovna 05.07.2005-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashaydi. 296-maktabda umumiy o‘rta ta’lim olgan hamda uni qizil shahodatnoma va oltin medal bilan yakunlagan. Maktab davrida ko‘plab fan olimpiadalarida qatnashgan.

Hozirda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining 4-kursida, maxsus pedagogika va inklyuziv ta’lim yo‘nalishida tahsil oladi. U 2 yil amaliyotchi talaba sifatida ish o‘rgangan va 2 oydan buyon xususiy markazda logoped-defektolog bo‘lib ishlaydi.

Talabalikning ilk yillarida umumiy hamshiralik bo‘yicha ta’lim olgan. Ushbu diplom unga davlat va xususiy muassasalarda hamshira bo‘lib ishlash imkonini beradi. Arab tili bo‘yicha tahsil olib, CEFR sertifikatini qo‘lga kiritgan. Hozirda o‘z sohasi bo‘yicha bir qancha ustozga shogird sifatida bilimlarini oshirmoqda. Kechki payt arab tilidan o‘quvchilariga dars beradi. U defektolog sifatida bilimlarini bo‘lishishi, arab tili ustozi sifatida til o‘rgatishi hamda hamshira sifatida tibbiy bilimlarini ulashishi mumkin.

Uning hayotiga ota-onasi katta ta’sir ko‘rsatgan. Ular yoshligidan uning o‘qishi lozimligini, hozir ayni ilm oladigan yosh ekanini ta’kidlab, bilim olishi uchun barcha sharoitni muhayyo qilib berishadi. Otasi doim: «Endi navbat qaysisiga, nimani o‘rganmoqchisan?» deb so‘raydi. Onasi esa: «O‘qigan inson hech qachon kam bo‘lmaydi, doim hurmatda va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib yashaydi», deb ta’kidlaydi.

U bo‘sh vaqtida ilmiy, diniy va badiiy kitoblarni o‘qiydi, kurslarda qatnashadi va ba’zida turli suratlar chizadi. Tibbiyotga kuchli qiziqadi, o‘zi yoqtirgan mutaxassislar va salomatlik bo‘yicha tavsiyalarni muntazam kuzatadi, bir qancha kurslarda tahsil olgan. Psixologiya bo‘yicha ham 1–2 ta kursda qatnashgan. Notiqlik qobiliyati tufayli yangi ma’lumotlarni tinglovchiga yaxshi yetkazib bera oladi.

U 5 ta tilni o‘rganishni maqsad qilgan, hozircha 2 tasini o‘rgangan. Kelajakda o‘z sohasi bo‘yicha magistratura va undan yuqori bosqichlarda ta’lim olib, universitetda o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishni, yaxshi mutaxassis bo‘lib ko‘plab shogirdlar tayyorlashni istaydi. Shuningdek, doimo o‘z ustida ishlab, o‘rganganlari asosida ko‘plab maqola va kitoblar yozishni rejalashtiradi.

Uning hayotiy prinsipi: «Eng muhimi, harakatdan to‘xtamaslik. Ikkita ishni chala qilgandan, bittasini mukammal qilgan afzal». Boshqa yoshlarga ham eng qiyin vaqtda to‘xtab qolmaslik, oz-ozdan bo‘lsa ham oldinga qadam tashlashni maslahat beradi. Uning fikricha, o‘rganishning qiyin bosqichi odatda boshlangandan 3–4 oy o‘tib yoki keyinroq keladi va aynan shu paytda harakatdan to‘xtamasdan oldinga intilgan inson muvaffaqiyatga erishadi.

Hoziroq ariza qoldirish