Normelikova Jasmina Sherzod qizi
Normelikova Jasmina Sherzod qizi 2007-yil 12-oktyabrda Surxandaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Hozirgi kunda Toshkent shahrida yashaydi.
U Surxandaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabini bitirgan. Maktab davrlaridanoq universitetga kirishga tayyorlangan va 2025-yilda universitetga topshirgan. Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakultetining Ingliz tili filologiyasi yo‘nalishida tahsil oladi.
Jasmina ingliz tilidan B2 darajadagi sertifikatga, ona tili fanidan esa B darajadagi milliy sertifikatga ega. U UVA, Ziyo forumi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda, shuningdek, turli yo‘nalishlardagi volontyorlik loyihalarida faol ishtirok etgan. Bu jarayonlarda jamoaviy ish va tashkilotchilik tajribasini orttirib, sertifikatlarga ega bo‘lgan. Uning ilmiy maqolasi xalqaro Amerika jurnalida chop etilgan. U universitet va boshqa Zakovat musobaqalarida faol qatnashib, bir necha bor 3-o‘rinlarni egallagan.
Uning hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan insonlar — ustozlari. Ustozlari unga har qanday imkoniyatdan foydalanish, o‘z ustida ishlash va jamiyatga foydali inson bo‘lish kerakligini o‘rgatgan. Turli volontyorliklar, tanlovlar va loyihalardagi ishtiroki uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirgan hamda unga “imkoniyatni kutmasdan, uni o‘zim yaratishim kerak” degan qarashni bergan. U ota-onasi va bobojonidan olgan qimmatbaho maslahatlarning natijasini ham hozirda ko‘rmoqda.
Jasminaning shiori: “Bilim ol, tajriba qil, ulash.” U rivojlanishni nafaqat o‘rganish, balki o‘rganganlarini boshqalar bilan bo‘lishish deb ham biladi. Bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi, ingliz tili va xorijiy tillarni o‘rganadi, yangi bilim hamda ko‘nikmalarni egallash ustida ishlaydi. Shuningdek, yoshlar forumlari, ijtimoiy tadbirlar va Zakovat o‘yinlarida qatnashishni, yangi insonlar bilan tanishishni hamda turli sohalardagi tajribalarni o‘rganishni yoqtiradi.
Uning kelajakdagi asosiy maqsadi — xalqaro munosabatlar sohasida chuqur bilimga ega, o‘z mamlakatiga foyda keltiradigan mutaxassis bo‘lish. Shu yo‘lda nufuzli xorijiy universitetda, xususan Oxford universitetida magistratura bosqichida o‘qishni istaydi. U xalqaro loyihalar va yoshlar tashabbuslarida faol qatnashib, O‘zbekiston yoshlarining imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qo‘shishni hamda o‘z bilim va tajribasi orqali jamiyatga foydali loyihalarni amalga oshirishni orzu qiladi.
U izlanish, yangi tajribalar va odamlar bilan muloqotdan ilhom oladi. Boshlagan ishini oxirigacha yetkazish, har bir tajribadan xulosa chiqarish, jamoa bilan ishlash va boshqalarni tinglashni muhim deb hisoblaydi. Dunyo kezishni yaxshi ko‘radi hamda borgan davlatlarining tarixi, u yerdan yetishib chiqqan insonlar va hozirgi kundagi o‘zgarishlarini o‘rganishni xohlaydi. Yoshlar uchun uning asosiy tavsiyasi — o‘ziga ishonish, imkoniyatni kutib o‘tirmasdan uni yaratish, xatolardan qo‘rqmaslik va o‘zini kechagi holati bilan solishtirib, har kuni maqsad sari qadam tashlashdir.
