Ochilova Barno Bohodir Qizi
Ochilova Barno Bohodir qizi 2004-yil 9-mayda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri Olmazor tumanida yashaydi.
U Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Kimyo fakultetining kimyo turlari bo‘yicha yo‘nalishi bakalavr bosqichini 2026-yilda tamomlagan. Hozirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetining kimyo yo‘nalishida 1-bosqich magistranti. Shuningdek, Kimyo fakultetining Organik va neft-gaz kimyosi kafedrasida laborant lavozimida faoliyat yuritadi. Faoliyatini 2025-yilda, bakalavr bosqichining 4-bosqichidan boshlagan.
Barno «Ulug‘bek vorislari» tanlovi g‘olibi. U bakalavr bosqichidan beri universitetning faol talabalari safida bo‘lib, turk tilidan B1 darajasidagi sertifikatga hamda «Ulug‘bek vorislari» sertifikatiga ega. Ushbu natijalar asosida fakultetda ish faoliyatini boshlagan. Logistika sohasida onlayn tahsil olgan, shuningdek, shaxsiy biznesi — Faberlic kompaniyasidagi faoliyati orqali sertifikat olgan.
Uning hayotida 3-kursdaligida organik kimyodan berilgan topshiriqlarni qolgan talabalardan 1-bo‘lib bajarib bo‘lgani alohida o‘rin tutadi. Bu jarayonda Organik va neft-gaz kimyosi kafedrasi mudiri Tusunali Xoliqov ustoz tilga olinadi.
Barno «Har kuni kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intilish» prinsipiga amal qiladi. Uning fikricha, liderlik uchun o‘ziga bo‘lgan ishonch, atrofdagilarga hurmat, boshqarish qobiliyati, yangicha fikr va g‘oyalar hamda insonning o‘z ustida qilgan mehnati muhim.
Bo‘sh vaqtida kimyoda bo‘layotgan yangiliklarni izlaydi, bilimlarini takrorlaydi, o‘z maqsadlari va erishilgan hamda erishilmagan natijalarni sarhisob qiladi. Sayohat qilish, lentadan atirgullar yasash, turli xil taom va shirinliklarni tayyorlab ko‘rish, qo‘shimcha kurslarda o‘qish hamda ilmiy ishiga tegishli maqolalarni qidirib topib, chuqurroq bilim olish uning qiziqishlari sirasiga kiradi.
Kelajakda ilmiy loyihalar tanlovida g‘olib bo‘lib grant yutishni, Prezident stipendiyasi sohibi bo‘lishni, magistraturani tamomlab, fan doktori, fan nomzodi, professor va olima bo‘lishni maqsad qilgan. Shuningdek, grant yutib Istanbulga sayohat qilish va malaka oshirishni xohlaydi. U boshqalarga o‘z maqsadidan qaytmaslikni hamda bugun bilim olish uchun kiritilayotgan sarmoyaning kelajakdagi ahamiyatini tushunishni ulashishi mumkin.
«Bilim va mehnat insonni orzulariga eltadigan eng kuchli vositadir.
Har qanday qiyinchilikni yangi imkoniyat sifatida qabul qilib, oldinga intilaman.»
