O'lmasova Mohinur Farhodjon Qizi
O‘lmasova Mohinur Farhodjon qizi 2008-yil 24-may kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumani Xurramobod MFYda tug‘ilgan. Hozirda u Farg‘ona viloyati Rishton tumani Xurramobod MFYda yashaydi.
U Rishton tumani 29-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olgan. Hozirda Namangan Davlat Universiteti Jahon tillari fakultetining Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishi 1-bosqich talabasi. U yoshligidan ingliz tili va ona tili fanlariga qiziqadi. Ona tilidan B+ milliy sertifikatiga hamda ingliz tilidan CEFR B2 sertifikatiga ega.
Mohinur maktab davridan, ya’ni 2024-yildan boshlab tadbirlarda boshlovchilik qilgan. Maktabi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda qatnashib, turli tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. U 9-sinfni 5 baholar bilan tamomlagan va bu natijalarni 11-sinfgacha saqlab qolishga harakat qilgan. 11-sinfni qizil attestatsiya bilan tamomlab, oltin medalga sazovor bo‘lgan. Ushbu yutuq Bahodir Xoliqov tomonidan taqdim etilgan va uning hayotidagi eng esda qolarli kunlardan biri bo‘lgan. O‘quv yillari davomida maktabi hamda o‘quv markazlari tomonidan turli tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan.
Uning hayotida oila a’zolari va ota-onasi alohida o‘rin tutadi: ular uning uchun har tomonlama sharoit yaratib, uni qo‘llab-quvvatlagan. U ustoziga havas qilgan va o‘zi xohlagan natijalarga sekin-asta erishib bormoqda.
Bo‘sh vaqtlarida Mohinur tanlagan Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha ko‘proq bilim olishga harakat qiladi. U turli mavzulardagi kitoblarni o‘qiydi, adabiyot sohasida she’rxonlikka qiziqadi, she’rxonlik tanlovlarida qatnashib turadi hamda jurnalistikaga ham qiziqadi.
Uning fikricha, liderlik boshqalardan ustun bo‘lish emas, balki boshqalarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishdir. U liderlikni ishonch, mas’uliyat, qat’iyat va halollik bilan bog‘laydi. Kelajakda o‘z sohasining yetuk, bilimli va tajribali mutaxassisi bo‘lib yetishish, jamiyat va davlat ishlarida o‘z o‘rniga ega bo‘lish hamda tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishni maqsad qilgan. U hali o‘rganadigan narsalari juda ko‘pligini ta’kidlaydi.
Uning hayotiy prinsipiga ko‘ra, hayotda qanday vaziyat yuz bermasin, nigohni doimo oldinga qaratish, o‘rganishdan, izlanishdan va o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaslik kerak. Uning shiori: «Sukut saqlab ish qil, natijasi shovqin bo‘lsin». U ochiq muloqot, samimiyat va o‘zaro hurmat bo‘lgan joyda barcha ishlar yaxshi amalga oshishiga ishonadi.
