Qobiljonova Farzona Zafarjon Qizi
Qobiljonova Farzona Zafarjon qizi 2009-yil 26-fevralda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan va hozirda shu tumanda yashaydi. U Kitob tumanidagi 4-maktab, 96-maktab hamda Kitob tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida tahsil olgan. Ayni paytda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishida tahsil olmoqda.
Farzona “Raqamli avlod qizlari” tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Fizika fanidan fan olimpiadasining tuman va viloyat bosqichlarida bir necha bor faxrli 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan. U ixtisoslashtirilgan maktablar o‘rtasida o‘tkaziladigan STEM fanlar olimpiadasida respublika bo‘yicha TOP-10 talikka kiruvchi o‘quvchilardan biridir. 2025–2026-yillarda o‘tkazilgan MUHANDISLIK-IXTIROCHILIK olimpiadasining viloyat bosqichida 1-o‘rin, respublika bosqichida esa TOP-5 talikdan o‘rin olgan. Ushbu olimpiadalar natijasida ko‘pgina pul mukofotlari va RENESSANS oromgohiga borish yo‘llanmasini yutib olgan. Shuningdek, matematika fanidan A+, fizika fanidan A+, ona tili fanidan A, ingliz tili fanidan B2 va tarix fanidan B+ sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.
U xalqaro olimpiadalarda oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilardan motivatsiya oladi. Fizika fani o‘qituvchisi Axmedova Zamira ustoz uni doimo eng zo‘ri bo‘lishga, hech qachon harakatdan to‘xtab qolmaslikka undagan. Farzonaning fikricha, Axmedova Zamira ustoz va ota-onasi uning shu darajaga yetishishida muhim o‘rin tutgan.
Bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi, sport bilan shug‘ullanadi va do‘stlari bilan voleybol o‘ynaydi. Ularning maktab jamoasi bir necha bor tuman va viloyat turnirlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan. U 5 yil davomida fizika fanini mukammal darajada o‘rgangan, keyinchalik matematika va ingliz tili yo‘nalishiga topshirgan. Biroq, fizika faniga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolgan va aynan shu fandan to‘garak ham o‘tadi.
Farzona kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy masalalarni hal qilish hamda ular o‘rtasida elchilik aloqalarini olib borishni maqsad qilgan. U qat’iy intizom bilan harakat qilish va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlardan voz kechmasdan intilishni muhim deb biladi. Uning hayotiy prinsipi: tinimsiz harakat barcha muvaffaqiyatlarning kalitidir.
“Har bir katta o‘zgarish bir jasoratli qarordan boshlanadi.”
