Quramboyeva Sarvinoz Ikrom Qizi

Quramboyeva Sarvinoz Ikrom Qizi
Quramboyeva Sarvinoz Ikrom Qizi
24 sentabr, 20262 daqiqalik o'qish

Quramboyeva Sarvinoz Ikrom qizi 2008-yil 13-fevralda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashaydi.

U o‘rta ta’limni Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 23-maktabda oltin medal bilan tamomlagan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Ona tili va adabiyoti yo‘nalishida 1-bosqichda davlat granti asosida tahsil olmoqda. U uchun bu ona tili va milliy adabiyotga bo‘lgan mehrini chuqur bilim hamda izlanishlar bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Sarvinoz ona tili va adabiyot sohasi bilan faol shug‘ullanadi. Yoshligidan ona tili va adabiyotga bo‘lgan qiziqishi sababli turli tanlovlar, olimpiadalar va ijodiy loyihalarda muntazam ishtirok etib keladi. Insho tanlovlarining tuman va viloyat bosqichlarida 1-o‘rinlarni egallagan. Shuningdek, 5 oy davom etgan “O‘zgacha kutubxona” loyihasida qatnashib, 2-o‘rinni egallagan.

U ilmiy-intellektual yo‘nalishda ham faol. Khiso Online Olimpiadasida ikki marotaba qatnashib, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan. U bir qancha she’r va badiiy hikoyalar muallifi bo‘lib, ijodiy ishlari O‘zbekiston bilan bir qatorda Keniya, Hindiston, Buyuk Britaniya va AQSh kabi davlatlardagi jurnallarda chop etilgan. So‘nggi ikki yil davomida ToshDO‘TAUda tahsil olish maqsadida tayyorgarlik ko‘rgan. Shu davrda ona tili fanidan B+, turk tilidan B2, tarix fanidan C+ darajalarini qo‘lga kiritgan va o‘zi orzu qilgan universitetga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan.

Uning hayotida otasining mehnati, sabri, halol rizqi, vaqti, e’tibori va ishonchi muhim o‘rin tutadi. Sarvinoz otasining o‘z ehtiyojlarini chetga surib, farzandining kelajagini birinchi o‘ringa qo‘ygan fidoyiligini o‘z yutuqlarining muhim tayanchi deb biladi. U otasining ishonchini oqlashni hamda uning mashaqqatlarini munosib natijalar bilan bezashni o‘z oldiga katta mas’uliyat va hayotiy maqsad qilib qo‘ygan.

Uning hayotiy shiori: “Menga berilgan imkoniyat — mening mas’uliyatim, erishgan har bir yutug‘im esa menga ishongan insonlarning mehnatiga javobdir.” U uchun bo‘sh vaqt o‘z ustida ishlash, yangi bilim olish va ijod qilish imkoniyatidir. Sarvinoz lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat deb o‘z ustida tinimsiz ishlash va har kuni kechagi o‘zidan yaxshiroq bo‘lishga intilishni biladi. U har kuni bilimiga bilim, tajribasiga tajriba qo‘shishga, xatolaridan xulosa chiqarib, o‘zini yanada rivojlantirishga intiladi.

Kelajakda u o‘z sohasida chuqur bilim va tajribaga ega yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishni, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsilni davom ettirib, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borishni rejalashtiradi. Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uning eng katta maqsadlaridan biridir. Shuningdek, u ilmga, ijodga va Vatanga muhabbat bilan intiladigan, bilimli hamda salohiyatli yoshlar avlodini tarbiyalashni xohlaydi. U o‘zbek tili nufuzini yanada yuksaltirish, uning ta’lim va xalqaro maydondagi imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qo‘shish hamda uni rivojlangan tillar qatorida ko‘rishni istaydi.

Sarvinoz ijodkor va kitobxon. U 3 tilni biladi hamda yangi tillarni o‘rganishga qiziqadi. Uning yoshlar uchun motivatsion fikri: “Hayotdagi eng katta muvaffaqiyat yiqilmaslik emas, balki har safar yiqilganda qayta tura olishdir.”

Hoziroq ariza qoldirish