Sag'dullayeva E'zoza Jasurbek Qizi
Sag'dullayeva E'zoza Jasurbek qizi 2007-yil 20-avgustda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tug‘ilgan. U Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi Yangi Choshtepa mahallasida yashaydi. Hozirda Toshkent davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishi 2-kurs talabasi bo‘lib, 2025-yilda 187.9 ball bilan davlat grantiga qabul qilingan.
E’zoza kimyo va biologiya fanlaridan A sertifikati egasi. U universitetning «Med dominus» klubi organizatori hamda «Avitsenna izdoshlari — 2026» xalqaro olimpiadasi ishtirokchisi. Uning yaxshi o‘qib, muvaffaqiyatlarga erishishida onasining hissasi katta bo‘lgan: onasi uning o‘qishida qat’iy turgan. Amakisi shifokor bo‘lgani sababli u tibbiyot yo‘nalishiga juda qiziqqan.
Uning hayotiy shiori: «Kim bo‘la olishini bilgan inson uchun tinchlik yo‘q!» Bo‘sh vaqtida badiiy asarlar o‘qiydi, podkast tinglaydi va filmlar tomosha qiladi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun yetarlicha mas’uliyat va o‘ziga bo‘lgan ishonch muhim. Kelajakda neyrojarroh bo‘lishni, nemis va ingliz tillarini o‘rganib, magistraturada Germaniyaning Charite universitetida tahsil olishni istaydi. Shuningdek, dengizni ko‘rish va kamida 10 ta davlatga sayohat qilishni orzu qiladi.
E’zoza boshqalar undan mehnatkashlik, intiluvchanlik va tirishqoqlikni o‘rganishlari mumkin, deb hisoblaydi. U introvert inson bo‘lsa-da, o‘ziga yaqin olgan odamlari bilan bemalol gaplashadi. Do‘stlari ko‘p bo‘lishini yoqtiradi, yolg‘izlikdan qo‘rqadi va sushini juda yaxshi ko‘radi. Uning eng sevimli kitobi — «Ikki eshik orasi». U til o‘rganishga qiziqadi, hozirgi darajasi esa B1.
“Men mukammal bo‘lish uchun emas, kechagidan yaxshiroq bo‘lish uchun harakat qilaman. Har bir yangi kun — o‘zimning yanada kuchliroq versiyamga bir qadam.”
