Salimova Silvana Rustemovna
Salimova Silvana Rustemovna 2005-yil 30-mayda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahrida yashaydi.
U umumiy o‘rta ta’limning 1–8-sinflarida Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 217-sonli umumta’lim maktabida tahsil olgan. Keyinchalik Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida ta’limini davom ettirib, maktabni oltin medal bilan tamomlagan. Hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili va adabiyoti fakultetining “Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi.
Silvananing asosiy faoliyat yo‘nalishlari ingliz tilini o‘qitish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘rganish va bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shishdan iborat. U xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, ta’limdagi innovatsion yondashuvlar hamda generativ sun’iy intellektdan foydalanish mavzularida ilmiy-tadqiqot faoliyati olib boradi, ilmiy maqolalar yozadi, ta’lim sohasidagi loyihalar va konferensiyalarda faol ishtirok etadi. Pedagogik amaliyot orqali o‘quvchilar bilan ishlash, darslarni rejalashtirish va turli, jumladan zamonaviy o‘qitish metodlarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tajriba orttirgan. Shuningdek, u onlayn ingliz tili darslarini olib boradi, o‘quvchilar bilan individual ishlaydi, dars materiallarini tayyorlaydi va ularning rivojlanishini kuzatadi.
U xalqaro IELTS imtihonida 6.5 natijaga erishgan. Universitetdagi tahsili davomida ta’lim va ingliz tilini o‘qitish metodikasiga oid ilmiy maqolalar tayyorlagan. Jumladan, generativ sun’iy intellektning xorijiy tillarni o‘qitishdagi imkoniyatlari hamda bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy rivojlanishida reflektiv amaliyotning o‘rni kabi mavzularda ilmiy ishlar olib borgan. Ilmiy konferensiyalar va ta’limga oid tadbirlarda o‘z tadqiqotlarini taqdim etib, ilmiy muhitda tajriba almashgan. Ilmiy faolligi va izlanishlari uchun “Faol tadqiqotchi” (“Active Researcher”) medali hamda sertifikat bilan taqdirlangan. U avtomobil boshqarish bo‘yicha haydovchilik guvohnomasiga ham ega.
Silvananing kasb tanloviga buvisi, bobosi va onasining hayoti hamda mehnat faoliyati katta ta’sir ko‘rsatgan. Buvisi va bobosi uzoq yillar ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Onasi ko‘p yillar ta’lim tizimida faoliyat yuritib, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. U oilasidagi ustozlik an’anasini davom ettirib, kelajakda o‘z bilimi va faoliyati bilan yoshlar kelajagiga foyda keltirishni maqsad qilgan.
Bo‘sh vaqtida u ingliz tili bo‘yicha bilimlarini rivojlantiradi, IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘radi, yangi so‘z va iboralarni o‘rganadi hamda zamonaviy pedagogik metodlar bilan tanishadi. Ingliz tilidan tashqari nemis tilini ham o‘rganadi. Ta’lim, chet tillarini o‘qitish, yangi texnologiyalar va sun’iy intellektning ta’limdagi imkoniyatlariga qiziqadi. Kitob o‘qish, badiiy asarlar bilan tanishish, ijod qilish, pishiriqlar va turli taomlar tayyorlash, yaqinlari bilan vaqt o‘tkazish uning sevimli mashg‘ulotlaridir.
Uning asosiy hayotiy prinsipi — “Har kuni kechagidan bir qadam oldinda bo‘lish.” U “Bilim ol, imkoniyat yarat va olgan bilimingni boshqalar bilan bo‘lish” tamoyiliga amal qiladi hamda “Katta natijalar kichik, ammo muntazam qadamlardan boshlanadi” degan fikrdan ilhomlanadi. U vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, mas’uliyatli bo‘lish, doimiy o‘rganish, xatolardan xulosa chiqarish va katta maqsadlarni kichik qadamlarga bo‘lib, har kuni oldinga intilishni muhim deb biladi.
Kelajakda Silvana universitetdagi ta’limini muvaffaqiyatli yakunlab, magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirishni rejalashtirgan. U ilmiy faoliyatini davom ettirib, ta’lim va chet tillarini o‘qitish metodikasi bo‘yicha maqolalar yozish, ilmiy konferensiyalarda qatnashish hamda yangi tadqiqotlar olib borishni istaydi. Uzoq muddatli orzularidan biri yoshlar uchun sifatli va zamonaviy ingliz tili ta’limini yo‘lga qo‘yadigan o‘z ta’lim loyihasini yaratishdir. Shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlari, yoshlar loyihalari va xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etib, O‘zbekiston yoshlarining salohiyatini namoyon etishni maqsad qilgan.
