Sayfullayeva Diyora G'ulomjon Qizi
Sayfullayeva Diyora G'ulomjon qizi 2007-yil 21-aprelda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. U hozirda Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida yashaydi. Diyora Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bakalavriatida tarjimonlik, xitoy tili yo‘nalishida tahsil oladi. U 2025-yilda DTM testi orqali talabalikka tavsiya etilgan.
Diyora ingliz tili bo‘yicha B2 darajaga, ona tili bo‘yicha B darajaga ega. U ko‘plab xalqaro forumlarda ishtirok etib, “The Best Delegate” sertifikati sovrindori bo‘lgan. Universitetda o‘tkazilgan tadbirlarda “The Most Creative Topic” sovriniga sazovor bo‘lgan hamda xalqaro forumlarda faol ishtiroki uchun 10 dan ortiq sertifikatga ega.
Unga Ilon Maskning onasi May Maskning “Rejali ayol” kitobi katta ta’sir ko‘rsatgan. Diyoraning ta’kidlashicha, ushbu kitob unga inson kuchli xohish va iroda tufayli har qanday maqsadga erisha olishini anglashga yordam bergan va asl maqsadi sari borishda katta ko‘mak bo‘lgan.
Bo‘sh vaqtida Diyora yangi tillarni o‘rganadi, detektiv janrdagi kitoblarni o‘qiydi va asosan ingliz tilidagi podkastlarni tinglaydi. Uning fikricha, lider uchun jamoani birlashtira olish hamda jamoaning kamchiliklari ustida ishlash juda muhim. U o‘zida til o‘rganish qobiliyati va intizom borligini ta’kidlaydi; boshqalar undan intizom va tartibni o‘rganishlari mumkinligini aytadi.
Kelajakda Diyora o‘z sohasida faoliyat yuritib, tarjimon bo‘lishni rejalashtiradi. Shuningdek, yoshlar bilan ishlash uchun akademiya ochmoqchi. Akademiyada yoshlar til o‘rganishi, xalqaro forumlarda qatnashishi hamda chet ellik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan student exchange loyihalari orqali chet elda tahsil olishi ko‘zda tutilgan. Rejaga ko‘ra, imkoniyatlar saralash asosida beriladi: akademiyada a’lo o‘qigan o‘quvchilar imtihon topshiradi, shundan so‘ng viza va bilet xarajatlari qoplanishi, yashash uchun ma’lum bir summa ajratilishi rejalashtirilgan. U loyihani yaqin 5 yil ichida amalga oshirishga harakat qilmoqchi.
Diyora o‘zini juda xayolparast deb hisoblaydi. Abituriyentlik paytida Oxford va Harvard kabi xalqaro hamda ingliz tilida dars beriladigan universitetda o‘qishni xohlagan. Uning fikricha, Samarqanddagi “Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti” ham bu talablarga javob beradi. U inson biror narsani chin dildan xohlasa, unga erisha olishini anglagan va hayolparastlik ham foydali ekanini qayd etadi.
