Shavkatov Karimbek To'raevich
Karimbek Shavkatov To'raevich 2009-yil 22-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Toshkent shahrida yashaydi va 47-maktabning 11-sinfida tahsil oladi. Moliya va iqtisodiyot sohasiga qiziqadi.
U IELTS Academic imtihonidan Overall Band 8 natijasini olgan. Ingliz tili va huquq fanlaridan maktab olimpiadasining maktablararo bosqichiga chiqqan. Futbol va shaxmat bilan ko‘p yillar davomida shug‘ullanib, sezilarli yutuqlarga erishgan. Shuningdek, International Digital Investment Forum va BYD Fest volontyorlik loyihalarida ishtirok etgan.
Karimbekning hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan insonlardan biri ingliz tili o‘qituvchisi Isfandiyor Shukurovdir. U o‘qituvchisi oldiga ingliz tilini deyarli umuman bilmagan holda kelgan. Isfandiyor Shukurov unga ingliz tilini o‘rgatish bilan birga, o‘ziga ishonish va katta maqsadlar sari intilishni ham o‘rgatgan, doimo qo‘llab-quvvatlab, kerakli paytlarda motivatsiya va yordam bergan. Uning oldiga kelishiga do‘sti Muhriddin sabab bo‘lgan. Karimbek Isfandiyor Shukurov va Muhriddinning yordamini cheksiz deb biladi.
Bo‘sh vaqtida u ijtimoiy faol shaxs bo‘lishga harakat qiladi, tadbirlar, loyihalar va debatlarda ishtirok etadi. Uning hayotiy shiori: «Kechagidan yaxshiroq bo‘l va o‘rganishdan to‘xtama. Rivojlanish — bu o‘zing bilan raqobat qilishdir.» U liderlik uchun boshqalarni tinglay bilish hamda tanqidiy va ijobiy fikrlash muhim, deb hisoblaydi. Shuningdek, o‘ziga ishonch, tinglay bilish, istiqbolni ko‘zlab fikrlash, bosiqlik va vazminlikni boshqalar undan o‘rganishi mumkin bo‘lgan fazilatlar deb biladi.
U o‘qishning hayotidagi ahamiyatini ancha kechroq anglaganini ta’kidlaydi: 9–10-sinflarda baholari o‘rtacha bo‘lgan va o‘qishga hozirgidek jiddiy yondashmagan. Keyinchalik fikri o‘zgarib, 10–11-sinflarda o‘zini rivojlantirishga, yangi narsalarni o‘rganishga va kelajagi uchun ko‘proq harakat qilishga kirishgan. Hozir esa o‘sha qaroridan xursand.
Kelajakda xorijiy universitetlardan birida tahsil olib, o‘zi qiziqqan sohada chuqur bilim va xalqaro tajriba orttirishni maqsad qilgan. O‘qishni tugatgach, bir muddat o‘sha davlatda ishlab, kasbiy tajriba to‘plashni istaydi. Uning uzoq muddatli orzusi turli mamlakatlarni ko‘rish, dunyoqarashini kengaytirish va hayoti davomida yangi tajribalar orttirishdir.
«O‘zingizga ishonib, imkoniyatlarni kutib o‘tirmasdan, har kuni kichik bo‘lsa ham bir qadam oldinga intiling. Xato qilishdan qo‘rqmang, chunki ba’zan eng katta o‘sish aynan xatolardan keyin boshlanadi.»
