Sobirjonova Sarvinoz Saydillo Qizi
Sobirjonova Sarvinoz Saydillo qizi 2008-yil 14-noyabrda Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahrida yashaydi. U O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining 1-kurs talabasi bo‘lib, surdopedagogika yo‘nalishida grant asosida tahsil oladi.
Sarvinoz faoliyatini maktab davridan turli tanlovlar, tadbirlar va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etish orqali boshlagan. U ta’lim va san’at sohalariga bo‘lgan qiziqishini izchil rivojlantirib kelmoqda. Musiqa va san’at maktabining “Xalq cholg‘ulari” bo‘limini muvaffaqiyatli tamomlab, diplomga ega bo‘lgan. O‘qish davrida maktab tanlovlari va tuman bosqichlarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Mahalliy hamda xorijiy ishtirokchilar qatnashgan onlayn xalqaro tanlov va ko‘riklarda 1-o‘rinlar va Grand Prix sovrinlariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Namangan televideniyesida jonli efirda ishtirok etgan hamda maktabni “KUMUSH MEDAL” bilan tamomlagan.
Uning hayotida ota-onasi va ustozlari muhim o‘rin tutadi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi, mehnatsevarlik va intiluvchanlikka o‘rgatgani Sarvinozni doimo oldinga undaydi. Musiqa va san’at maktabidagi ta’lim hamda tanlovlardagi yutuqlari uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirgan.
Sarvinoz bo‘sh vaqtida ijod qilish, musiqa bilan shug‘ullanish, kitob mutolaa qilish va yangi bilimlarni o‘rganishni yoqtiradi. Uning hayotiy shiori: “Orzuga erishish uchun faqat xohlash emas, harakat qilish kerak.” U universitetdagi ta’limini muvaffaqiyatli yakunlab, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishni, musiqa va san’atdagi ijodiy faoliyatini davom ettirishni hamda yangi tanlov va loyihalarda ishtirok etishni maqsad qilgan. Shuningdek, yoshlar va bolalarning rivojlanishiga hissa qo‘shish, milliy san’atni targ‘ib qilish, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish va jamiyatga foydali mutaxassis bo‘lishni orzu qiladi.
