Toirova Marhaboxon Shavkat Qizi
Toirova Marhaboxon Shavkat qizi 2007-yil 1-iyunda Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. U Toshkent shahri, Olmazor tumanida yashaydi. Farg‘ona shahridagi 40-sonli IDUM bitiruvchisi bo‘lgan Marhaboxon hozirda Toshkent davlat yuridik universitetining 2-kurs talabasi bo‘lib, yurisprudensiyaning ommaviy huquq yo‘nalishida tahsil oladi.
U maktab davridan faol bo‘lishga harakat qilgan: maktab tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etib, fan olimpiadalarida qatnashgan. Musiqa maktabida o‘qigan davrida musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashga qiziqqan. Aynan shu tajribalardan keyin unda xalqaro loyihalarga qiziqish paydo bo‘lgan. Bo‘sh vaqtida asosan pianino chaladi va kitob o‘qiydi.
Marhaboxon 2024-yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan Butunjahon Yoshlar festivalida ishtirok etgan hamda O‘zbekiston Volontyorlar Assotsiatsiyasiga volontyor sifatida qabul qilingan. Uning ijtimoiy faolligi aynan shu loyihadan boshlangan. Keyinchalik xalqaro loyihalarda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirgan. U QS Ranking bo‘yicha TOP 300 ga kiradigan University of Minnesota Twin Cities, University of Missouri hamda boshqa Amerika va Yevropa universitetlarining bakalavriatiga ma’lum bir foiz grant asosida talabalikka qabul qilingan.
U Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan «Qizlar ovozi» loyihasining faol ishtirokchisi bo‘lgan. 2026-yil yoz oylarida O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Volontyorlar Assotsiatsiyasi va Prezident administratsiyasi huzuridagi Kontent markazi tomonidan tashkil etilgan Media Camp dasturiga media ishtirokchi sifatida qabul qilingan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan tashkil etilgan Ma’muriy sud simulyatsiyasida jamoasi bilan ishtirok etib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. U universitet loyihalarida koordinator, volontyor va jamoa a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Uning shaxsiy va akademik yo‘lida ota-onasi katta ta’sir ko‘rsatgan. El-yurt umidi jamg‘armasiga topshira olmaganida yoki biror loyihaga qabul qilinmaganida, ota-onasi unga: «Mayli, qizim, xayrli emas ekan, keyingi yili yana qayta harakat qilib ko‘rasan», deb dalda berishgan. Matematika ustozi ham unga doim turtki bergan va: «Harakat qilgan inson yutishi ham, yutqazishi ham mumkin. Lekin hech qachon harakat qilmagan inson g‘alaba nimaligini bilmaydi. Shuning uchun tavakkal qil, o‘zingga ishon va harakatni boshlashdan qo‘rqma», degan.
Uning hayotiy prinsipi: «Doimiy shubhalardan ko‘ra, oldinga tashlangan kichik bir qadam afzal». Marhaboxon yaqin kelajakda xalqaro darajada faol bo‘lishni hamda jamiyatga manfaat keltiradigan inson va yurist sifatida faoliyat olib borishni maqsad qilgan. U boshqalarga maqsad yo‘lining yarmida voz kechib, tashlab ketmaslikni o‘rgata olishiga ishonadi.
