Turayeva Shaxzoda Jasurbek qizi
Turayeva Shaxzoda Jasurbek qizi 2006-yil 18-iyulda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilgan. Hozirda Qarshi shahrida yashaydi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida filologiya, ingliz tili yo‘nalishida bakalavr bosqichida tahsil oladi.
U faoliyatini 2024-yilda boshlagan. Shaxzoda Multilevel B2 sertifikatiga ega, maktabni oltin medal bilan tamomlagan. U “Raqamli davrda til, tafakkur va madaniyat: sun’iy intellekt va gumanitar fanlar integratsiyasi” mavzusidagi an’anaviy respublika talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasida faol ishtirok etgan. Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan Access loyihasi ishtirokchisi bo‘lgan va mazkur loyihada Microscholarship sertifikati bilan taqdirlangan. Maktab davrida bolalar “Gulxan” jurnalida uning she’ri chop etilgan.
Uning hayot yo‘lida ota-onasining o‘rni katta. Ota-onasi uni doimo qo‘llab-quvvatlagan, harakatlarini ma’qullagan va hech qachon “Bu qiz bolaga to‘g‘ri kelmaydi”, demagan. Shuningdek, bobosi Xo‘janiyozov To‘ra uning yuqoriga intilishiga ilhom bergan. Bobosi akademik bo‘lib, Qarshi davlat universitetida faoliyat yuritgan, bir muddat sud ishlarida ham ishlagan hamda oila, tarix va kelajak to‘g‘risida 5 ta shaxsiy kitobini chop ettirgan. Shaxzoda yoshligidan bobosiga havas qilgan va undan ilhomlangan. U esini taniganidan beri uyidagi bir xona kitoblar bilan to‘la bo‘lgan.
Bo‘sh vaqtlarida u yangi tillarni o‘rganadi va turli janrdagi kitoblarni o‘qiydi. Hozirgacha o‘zbek va jahon adabiyotiga oid 100 dan ortiq kitob o‘qigan. Ingliz tilini rivojlantirish uchun deyarli har kuni yangi ma’lumotlarni o‘rganadi, hozirda fransuz tilini ham o‘rganib kelmoqda.
Shaxzoda kelajakda jamiyatga foydasi tegadigan, yosh avlodlarga o‘rnak bo‘ladigan inson bo‘lishni maqsad qilgan. U ko‘plab almashinuv dasturlariga grant asosida qatnashishga harakat qilish hamda ta’lim sohasiga yangi ko‘nikmalar olib kelishga hissa qo‘shishni rejalashtiradi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun maqsadlarga qat’iy tura olish, mustahkam iroda va intizom zarur. U, ayniqsa, qizlar o‘z kuchlariga tayanib harakat qilishlarini istaydi va ayol ta’lim olsa, bu butun millat hamda kelajak avlodni o‘zgartira oladi, deb hisoblaydi.
“Muvaffaqiyatga erishish uchun jins, yosh yoki millat muhim rol o‘ynamaydi, faqat harakat talab qilinadi. Har doim oqim bo‘ylab emas, aksincha, unga qarshi ham suzib ko‘rish kerak.”
“Hech kimga suyanib qolmang, faqat va faqat o‘z kuchingizga tayaning.”
