Ubaydullayeva Shodiya Abdumajidovna

Ubaydullayeva Shodiya Abdumajidovna
Ubaydullayeva Shodiya Abdumajidovna
10 sentabr, 20262 daqiqalik o'qish

Ubaydullayeva Shodiya Abdumajidovna 2005-yil 09-iyulda Toshkent viloyatining Angren shahrida tug‘ilgan. U Toshkent shahri, Uchtepa tumanida yashaydi. Hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 4-kurs talabasi bo‘lib, ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish yo‘nalishida tahsil oladi.

U ta’lim sohasidagi faoliyatini 10-sinfda bog‘cha bolalariga ingliz va rus tillarida dars berishdan boshlagan. So‘nggi 5 yil davomida u ta’limning turli yo‘nalishlarida — xususiy sektorda, umumta’lim maktabida va onlayn formatda ishlab, turli tajribalar orttirgan. U so‘nggi 2 yildan beri umumta’lim maktabida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, onlayn o‘quv markazida o‘qituvchi va brand face sifatida ishlaydi. U ingliz tilida rus tilidan, rus tilida esa ingliz tilidan dars bera oladi.

Shodiya maktabni qizil attestat bilan bitirgan. U ona tili fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallagan, Angren shahrida o‘tkazilgan musiqa tanlovining fortepiano yo‘nalishida 1-o‘rinni hamda universitetlararo qizlar futbol musobaqasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. U 7 yil davomida musiqa maktabining fortepiano yo‘nalishida ta’lim olgan, fortepiano chaladi va suzish bilan shug‘ullanadi. Hozirda beshinchi tili bo‘lgan ispan tilini o‘rganmoqda.

Unga eng ko‘p ta’sir qilgan inson — onasi. Onasi u esini taniganidan beri bir daqiqa ham tinim bilmay, o‘z ustida ishlab keladi hamda hayotda ilmdan boshqa najot yo‘qligini doim uqtirib keladi. Onasi hozirda bir qator biznes egasi va maktab direktori, biroq 10 yil avval chekka maktablarning birida o‘qituvchi bo‘lgan. Onasining hech qachon bir joyda qotib qolmagani, oddiylik bilan kifoyalanmagani va kuchli mehnat, ilm hamda iroda orqali hamma narsaga erishish mumkinligiga ishongani Shodiyani ruhlantiradi.

Uning hayotiy prinsipi: “Inson o‘zining haqiqiy imkoniyatlarini qulay paytda emas, qiyin vaziyatlarda kashf etadi.” Shu sababli u qiyinchiliklardan qochishdan ko‘ra, ulardan nimadir o‘rganishga harakat qiladi. Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat — odamlarni tinglay bilish. Yaxshi lider nafaqat boshqalarga yo‘l ko‘rsatadi, balki ularning fikrlari, kuchli tomonlari va ehtiyojlarini ham tushunadi. U odamlar o‘zini eshitilgan va qadrlangan his qiladigan jamoada haqiqiy hamkorlik hamda yaxshi natija yuzaga kelishiga ishonadi.

U bir vaqtning o‘zida bir nechta til, musiqa va ta’lim yo‘nalishlarida o‘zini rivojlantirib kelgan. Uning ta’kidlashicha, har doim ham hammasini mukammal bilish shart emas — muhimi, qiziqish bo‘lsa, o‘rganishni boshlash va davom ettirishdir. Uning eng katta orzularidan biri — o‘z o‘quv markazini tashkil etish va uni vaqt o‘tishi bilan butun O‘zbekiston bo‘ylab rivojlantirish. U ushbu markaz orqali zamonaviy, sifatli va hamyonbop ta’limni ko‘proq yoshlarga yetkazishni, ularga nafaqat bilim, balki o‘z imkoniyatlariga ishonch beradigan muhit yaratishni xohlaydi.

“Hamma imkoniyat tayyor holda kelishini kutmang — ba’zilarini o‘zingiz yaratishingiz kerak.”

Hoziroq ariza qoldirish