Usmonova Sabina Voxidovna
Usmonova Sabina Voxidovna 2006-yil 5-sentabrda Surxondaryo viloyati Angor tumanida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahri Olmazor tumanida yashaydi. U Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov fakultetida yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil oladi. Ta’lim darajasi — tugallanmagan oliy. U 2024-yilda o‘qishga kirgan.
Sabina universitet hayotida faol bo‘lib, 30 dan ortiq tanlov va loyihalarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. U “Munozara” intellektual tanlovining respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni, “Ma’rifat maydoni” tanlovining mintaqaviy bosqichida 2-o‘rinni egallagan. Shuningdek, u universitetning “Best speaker”i va Yoshlar parlamenti faolidir.
U shu paytgacha erishgan va kelgusida erishadigan marralariga onasini sababchi hamda ilhomlantiruvchi inson deb biladi. Universitetdagi ijtimoiy faol muhitga kirib kelishiga “Ma’rifat maydoni” loyihasining saralash suhbatlari sabab bo‘lgan. Shu orqali Yoshlar va sportni ommalashtirish boshqarmasi uslubchisi Zahro Ganiyeva bilan yaqindan tanishgan va bu turtkilar sababli ijtimoiy faol muhitga yanada kirib kelgan.
Uning hayotiy shiori: “Barcha uddalagan ishni uddalasa bo‘ladi. Agar hech kim uddalay olmagan bo‘lsa, birinchisi sen bo‘lasan.” Liderlik uchun mas’uliyat, tinglay olish qobiliyati va tashabbuskorlikni muhim deb hisoblaydi. Boshqalar undan tashabbuskorlikni, pozitivlikni va har sohada o‘zini sinab ko‘rishni o‘rganishlari mumkin, deb hisoblaydi.
Tanlovlar, o‘qish va amaliyot sababli uning deyarli bo‘sh vaqti bo‘lmaydi. Bo‘sh vaqt topilsa, tabiat qo‘ynida o‘zi sevgan janrdagi kitoblarni mutolaa qilish va yaqinlari bilan sayr qilish unga xush kayfiyat beradi. U master konditer bo‘lib, shirinliklar tayyorlashga juda qiziqadi hamda bu yo‘nalishda o‘z shaxsiy biznesiga ega.
Kelajakda o‘z yo‘nalishida yetuk kadr, ya’ni professional advokat bo‘lishni, o‘z shaxsiy brendiga ega biznes-lady bo‘lishni hamda rejalashtirgan ko‘plab yutuqlarining sovrindori bo‘lishni maqsad qilgan.
