Xayrullayeva Madinabonu Nematullo Qizi
Xayrullayeva Madinabonu Nematullo qizi 22.02.2008-yilda Navoiy viloyati Karmana tumani "Paxtaobod" MFYda tug‘ilgan. U hozirda Toshkent shahri Sergeli tumani Choshtepada yashaydi.
U Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi. Hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 1-bosqich talabasi bo‘lib, filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishida tahsil oladi.
Madinabonuning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi 15 yoshidan boshlangan. U bir nechta o‘quvchiga boshlang‘ich tushunchalar berish maqsadida dars o‘tgan va o‘z ustida ishlagan. Ona tili va adabiyotga bo‘lgan muhabbati uni 10–11-sinflarda ushbu fandan milliy sertifikat olishda yuzdan ortiq o‘quvchiga ko‘maklashishga undagan.
U ona tili va adabiyot fanidan A darajali sertifikat sohibasi. Shuningdek, O‘zbekiston Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi hamda "Ziyo Forum" huzuridagi "Milliy diktant" sessiyasining 2-o‘rin sohibasi va O‘zDJTUning "Lider qizlar" klubi a’zosi.
Uning til sohasini chuqur o‘rganishi hamda kichik ustoz sifatida hozirgi mavqega erishishida maktabdagi sinf rahbari va fan ustozlarining roli beqiyos bo‘lgan. U bo‘sh vaqtida darslardan vaqt ajratib, kitob sahifalarini varaqlash va mutolaa qilishni xush ko‘radi. Mutolaani u har qanday narsadan ham a’lo deb hisoblaydi.
Uning hayotiy shiori: "G‘alaba o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi, u har bir soniyaning qadriga yetadigan, teran fikrlaydigan liderlar tomon qadam bosadi". Uning fikricha, lider bo‘lish uchun bir nechta muhim fazilat birdek zarur, biroq ularning ichida eng asosiysi va poydevori mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish hamda boshqalarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsata olishdir. U boshqalar undan har qanday vaziyatda atrofdagilarni eshita olishni, to‘g‘ri maslahat berishni, vazminlik va ochiq yuz bilan javob qaytara olish san’atini o‘rganishlari mumkin, deb hisoblaydi.
Madinabonu o‘zini tabiatan juda kirishuvchan deb biladi va har bir insonga yordam qo‘lini cho‘zishni istaydi. Lider inson, haqiqiy yo‘lboshchi va aslo so‘nmas mash’ala bo‘lish istagida uni qo‘llab-quvvatlagan ota-onasi shunday degan: "Qizim, sening qahramoning ham, suyanchig‘ing ham o‘zingning kuchli irodang bo‘lsin. Hayot yo‘lida qanday qiyinchiliklar uchrashidan qat’i nazar, hech qachon taslim bo‘lma, chunki sening ortingda butun bir oilaning ishonchi va duosi turibdi".
U kelajakda o‘z sohasi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, eng nufuzli universitetda professor bo‘lib ishlashni rejalashtirgan. Shuningdek, o‘zi kabi liderlardan iborat, O‘zbekistonda yagona bo‘lgan "Respublika Fan Doktorlari" kengashini ochishni asosiy maqsad qilgan. Bundan tashqari, yaqin 5 yilda o‘z nomiga asoslangan, arab, italyan va nemis tili kurslarini qamrab oluvchi til kurslari markazini ochishni rejalashtirgan.
Uning boshqa yoshlar uchun fikri: "Kelajak poydevorlari — bizdan keyin o‘sib borayotgan navnihollarga shu gapni aytishni joiz deb bilaman: ‘Bugungi har bir o‘rgangan bilimingiz va qilgan mehnatingiz kelajakdagi muvaffaqiyatingizning poydevoridir. Hech qachon o‘z salohiyatingizni cheklab qo‘ymang, kichik qadamlar ham vaqt o‘tishi bilan katta natijalarga olib keladi’".
