Xolboyeva Bonu
Xolboyeva Bonu Gulmurod qizi 2004-yil 5-fevralda Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida tug‘ilgan. U hozirda Toshkent shahri Yangihayot tumanida yashaydi.
U O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tamomlagan. Hozirda Toshkent kimyo-texnologiya institutida Biotexnologiya magistraturasining 1-kursida tahsil oladi hamda o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi. Biologiyaga bo‘lgan qiziqishi uning faoliyatidagi boshlang‘ich nuqta bo‘lib, uni biologiya yo‘nalishida bakalavr ta’limini olishga undagan. Bugun u ilmiy izlanishlar va zamonaviy texnologiyalar orqali bilim hamda tajribasini rivojlantirib bormoqda.
Bonu o‘z sohasi bo‘yicha bir qancha sertifikatlarga ega. Bakalavr bosqichida bir qancha tadbirlarda ishtirok etib, yutuq va diplomlarga ega bo‘lgan. Uning “NEURO-PHYSIOLOGICAL MECHANISMS OF COGNITIVE FATIGUE IN SCHOOLCHILDREN AND MODERN APPROACHES TO ITS PREVENTION” nomli maqolasi Indoneziyada, “O‘quvchilarda ko‘rish analizatorlaridagi kasalliklarning oldini olish: profilaktik chora-tadbirlar” nomli maqolasi esa Qozog‘istonda chop etilgan. Shuningdek, “APPLICATION OF THE EXPERIENCE OF DEVELOPED COUNTRIES IN THE EDUCATIONAL SYSTEM”, “Talaba yoshlarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish” hamda “O‘quvchi yoshlarda nerv sistemasida yuzaga keladigan kasalliklar va ularning oldini olish profilaktik chora-tadbirlari” mavzusida maqolalari mavjud.
Uning hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan insonlar ota-onasidir. Ularning mehnatsevarligi, sabr-toqati va doimiy qo‘llab-quvvatlashi Bonuga ta’lim olish hamda o‘z ustida ishlashga kuch va motivatsiya bergan. Uning hayotiy prinsipi — bilimni doimiy izlash, ilmiy izlanishlar olib borish va olgan bilimlarini jamiyat manfaatiga xizmat qildirish. U har bir katta natija tinimsiz mehnat, sabr va o‘z ustida muntazam ishlash orqali qo‘lga kiritilishiga ishonadi.
Bo‘sh vaqtida ilmiy va sohaga oid maqolalarni o‘qiydi, yangi bilimlarni o‘rganadi, kitob o‘qiydi, tabiat qo‘ynida sayr qiladi va yaqinlari bilan vaqt o‘tkazadi. U yangi bilimlarni tez o‘rganishni hamda noma’lum narsalarning sababini izlashni yaxshi ko‘radi. Biror mavzu qiziqtirib qolsa, javobini topmagunicha izlanishni to‘xtatmaydi.
Kelajakda biotexnologiya sohasida malakali mutaxassis bo‘lib, ilmiy izlanishlar olib borish va bilimlarini amaliyot bilan boyitishni rejalashtirgan. Shuningdek, o‘z sohasi bo‘yicha chet elda o‘qish, malaka oshirish, xalqaro konferensiyalar va ilmiy loyihalarda ishtirok etishni maqsad qilgan. Turli davlatlarning tajribasini o‘rganib, orttirgan bilim va tajribasini yurtimiz rivoji uchun qo‘llashni istaydi. Uning eng katta orzusi — ilm-fan orqali jamiyatga foyda keltiradigan mutaxassis bo‘lish.
