Zayniddinova Gulsevar Mardon qizi
Zayniddinova Gulsevar Mardon qizi 08.06.2008-yilda Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. Hozirda Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashaydi. U 35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Baxmal tumani 2-sonli texnikumida tahsil olgan. Ayni paytda Jizzax Davlat Pedagogika Universitetining rus tili yo‘nalishi 1-kurs talabasi.
Gulsevar a’lo darajali maktab shahodatnomasi va imtiyozli qizil texnikum diplomiga ega. Shuningdek, tarix fanidan sertifikati mavjud. Yoshlikdan beri talabalikka erishishni orzu qilgan Gulsevar uchun talaba bo‘lish katta yutuq va yangi bosqich bo‘ldi. Bu orzusini amalga oshirishda ota-onasi, ayniqsa dadasi, katta sarmoya qo‘shgan. Uning hayotiga ham dadasi va onasi katta ta’sir ko‘rsatgan.
Bo‘sh vaqtida Telegram sahifasida shaxsiy blog yuritib, unda qiziqishlari, shaxsiy fikrlari hamda hayotiy faoliyati haqida yozadi. U detektiv, psixologik va motivatsiyani oshiradigan kitoblarni o‘qiydi. Eng yoqtirgan shoiri Muhammad Yusuf bo‘lib, uning she’rlarini mutolaa qiladi. Shuningdek, avtomobillarga qiziqadi va ularning rusumlarini yod oladi. U ta’lim, kitob o‘qish, rus tili va adabiyotiga qiziqadi.
Uning fikricha, lider bo‘lish uchun eng muhim fazilat — mas’uliyatdir. U haqiqiy lider mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, odamlarni tinglab, hurmat qilishi hamda qiyin vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerakligini ta’kidlaydi. Bolalikdan birga bo‘lgan do‘stlari undan jiddiylikni o‘rganish kerakligini aytishadi. Gulsevar esa boshqalar undan qat’iyat, mas’uliyat va jiddiylikni o‘rganishlari mumkin, deb hisoblaydi.
Uning asosiy maqsadi hayotda o‘z o‘rnini egallash va «sen qiz bolasan, bular senga to‘g‘ri kelmaydi, o‘z o‘rningni bil» degan insonlarga qanday inson ekanini ko‘rsatishdir. U bakalavr diplomini olganidan so‘ng magistratura diplomini olishni rejalashtiradi. Kelajakda o‘zini universitetda o‘qituvchi sifatida tasavvur qiladi va nasib etsa, uni «Gulsevar Mardonovna» deb chaqirishlarini orzu qiladi. Uning hayotiy shiori: «Har bir o‘qilgan sahifa — kelajaging uchun bir qadamdir».
