Zokirova Oysuluv Sayfilla Qizi
Zokirova Oysuluv Sayfilla qizi 2005-yil 16-mayda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida tug‘ilgan. Hozirda Qarshi shahrida yashaydi. U Prezident muassasalari agentligi qoshidagi Yakkabog‘ tumani ixtisoslashtirilgan maktabni a’lo baholarga tamomlagan. Ayni paytda Qarshi davlat universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishi 4-bosqich talabasi bo‘lib, davlat granti asosida tahsil oladi.
Oysuluv maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. U faoliyatini dastlab onlayn darslar o‘tishdan boshlagan, keyinchalik bilimlarini o‘quvchilarga yuzma-yuz ulashishni istagan. Shuningdek, ingliz tilini oson va samarali o‘rganish uchun onlayn kurslar tashkil qilgan.
U IELTS 7 sertifikatiga ega. She’rlari va maqolalari bir qator xalqaro antologiyalarda chop etilgan. Dilafruz ismli qizning Harvardga kirgani hamda Nozima Qadamovaning 9.0 bandga erishgani Oysuluvga har qanday holatda ham orzulardan voz kechmasdan, qiyinchiliklarni yengib o‘tish kerak, degan xulosani bergan. Ota-onasining ko‘zlarida faxr tuyg‘usini ko‘rish uning eng oliy maqsadidir.
Uning hayotiy prinsiplari: «Ilmli, halol, ko‘ngli ochiq insonning yo‘li ochiq» va «Har bir insonning taqdiri harakatlariga bog‘liq». Oysuluv bo‘sh vaqtida shaxmat o‘ynaydi, she’r va hikoyalar yozadi. Kitob o‘qish uning eng sevimli mashg‘uloti bo‘lib, rus tilini mustaqil ravishda o‘rganmoqchi.
Uning fikricha, lider bo‘lish uchun harakatdan to‘xtamaslik, qat’iyat va ilmli, komil inson bo‘lish muhim. Kelajakda Harvard universiteti magistraturasiga grant asosida qabul qilinish, IELTS’dan 9.0 band olish, yoshlarning ilmli va salohiyatli bo‘lishi hamda Vatan ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan. U birinchi navbatda til o‘rganish juda zarur deb hisoblaydi. O‘zini orzulari osmon bo‘lgan, harakatchan va samimiy qizlardan deb biladigan Oysuluv «Yaxshilik qil, suvga ot, baliq bilar, baliq bilmasa, Xoliq bilar», deganlaridek, volontyorlikka juda qiziqadi.
