Liderlar 1.0 arxivi
INOTILLOYEV SANJAR YUNUS O‘G‘LI
Talaba | Yosh lider | Ijtimoiy faol | Intizom va izlanish tarafdori

Inotilloyev Sanjar Yunus o‘g‘li
Talaba | Yosh lider | Ijtimoiy faol | Intizom va izlanish tarafdori
Tug‘ilgan sana: 14-dekabr, 2005-yil
Tug‘ilgan joy: Toshkent viloyati, Chirchiq shahri
Yashash joyi: Toshkent shahri
Ta’lim: Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti, Xalqaro iqtisodiyot va menejment yo‘nalishi, 3-bosqich talabasi (bakalavr)
Sanjar — o‘z orzulariga qat’iyat bilan intilayotgan, yosh bo‘lishiga qaramay atrofidagilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan liderlardan biridir. 2023-yilda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetiga qabul qilinganidan so‘ng, uning hayotida tub burilish yuz berdi. Yangi muhit, yangi do‘stlar va yangi imkoniyatlar uni yanada faol, izlanishga chanqoq va o‘z ustida ko‘proq ishlaydigan inson qilib shakllantirdi.
Sanjar uchun universitet faqat ta’lim maskani emas, balki liderlik qobiliyatlarini namoyon etish va sinovdan o‘tkazish maydoniga aylandi.
Faoliyat va yutuqlar sari intilish
Sanjar talabalik davridayoq bir nechta muhim loyihalarda ishtirok etdi. U ACCE F1 (Business and Technology) dasturida faol qatnashib, amaliy bilimlarni chuqur o‘zlashtirdi. Shuningdek, Korzinka loyihasi doirasida marketingni mukammal o‘rgandi, kompaniya uchun maxsus reklama roligi tayyorladi va jamoasi bilan birgalikda raqobatchilar orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Universitet miqyosidagi “Millatlar hamdo‘stligi” dasturida ham Sanjar boshchiligidagi jamoa Italiya davlatini muvaffaqiyatli taqdim etdi. Ularning ijodi musiqiy yo‘nalishda ham yuksak baholanib, “Eng zo‘r musiqa” nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Bu yutuqlar Sanjarning tashabbuskorligi, jamoani ilhomlantira olish qobiliyati va kreativ yondashuvini yana bir bor isbotladi.
Hayotiy falsafa va liderlik qarashlari
Sanjar uchun hayot — mashaqqat va zavq uyg‘unligidan iborat bir maktabdir. U intizomni bosh qadriyat sifatida tan oladi, ammo shu bilan birga ko‘ngilni ko‘taradigan mashg‘ulotlarni ham e’tiborsiz qoldirmaydi.
“Kurashsiz taslim bo‘lgandan ko‘ra, kurashib yengilgan afzal!”
Bu ibora Sanjarning hayotiy shiori bo‘lib qolgan. U yetakchilikni tug‘ma iste’dod emas, balki inson o‘z kasbini, qilayotgan ishini chin dildan sevib bajarganida erishiladigan fazilat deb biladi. Uning fikricha, haqiqiy lider — odamlarni manipulyatsiya bilan emas, balki sog‘lom fikrlar bilan ergashtira oladigan, qarorlarida adolat va mas’uliyatni birinchi o‘ringa qo‘yadigan insondir.
Bo‘sh vaqt va intilishlar
Sanjar bo‘sh vaqtini ham mazmunli o‘tkazadi. U do‘stlari bilan “challange” tarzida kitob o‘qish musobaqalarini tashkil etadi, xorijiy tillar ustida ishlaydi, yaqinlari bilan suhbatlashib, g‘oya almashadi. Sport ham uning hayotida muhim o‘rin tutadi — ukasi bilan trenajyor zaliga borib, yugurish va chiniqish orqali sog‘lom turmush tarzini olib boradi.
Uning fikricha, har bir inson o‘z kosasini kengaytirishi, ya’ni bilim va tajribasini oshirib borishi lozim. Shu bois u mashhur va muvaffaqiyatli insonlardan o‘rganishga, o‘zining kelajakdagi yirik loyihasiga poydevor qo‘yishga intilmoqda. Hozircha bu loyiha sir tutilmoqda, biroq Sanjar uni amalga oshirgach, albatta, keng ommaga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Orzular va kelajak sari qarashlar
Sanjar uchun eng katta orzu — o‘z bilimlari va tajribasi orqali Vatanga xizmat qilish, xalqaro darajada ham tan olinadigan muvaffaqiyatli loyihalarga asos solishdir. U nafaqat o‘zining, balki yaqinlari va do‘stlarining ham bilim va tajribadan bahramand bo‘lishini istaydi.
“Kosanggizni kengaytiring, tishlagan joyingizni uzib oling!”
Sanjar shu shior bilan oldinga qadam tashlaydi. Uning nazarida, inson oldiga qo‘ygan maqsadlari kimligini belgilaydi. Shuning uchun u har bir qadamini kelajakka sarmoya sifatida ko‘radi.
Uning hayoti va intilishlari bitta haqiqatni ko‘rsatmoqda: yoshlar — faqat imkoniyat emas, balki javobgarlikni his qilgan zamonaviy kuchdir. Sanjar esa shu kuchning yorqin timsollaridan biridir.
